18 dek 18:36
Yangiliklar
Rasman: Odil Ahmedov futbolchilik faoliyatini yakunladi
"Bugun futbol, ura, mazza qilib yuguraman, futbol zo'r-da. Ishqilib yutaylik-da. Eh, oyoq kiyimim yo'q-ku. Endi nima qilsam ekan? Bo'ldi, Sardordan so'rayman".
SHunday xayol bilan bolakay o'zidan ikki eshik narida turadigan qo'shnisining eshigini taqillatdi.
- Kim bu?
- Men... (uyalibigina), Sardor, butsangni berib tur...
- Oshna xafa bo'lma...
Ko'ngil cho'kdi, lekin tan berish yo'q. Mayli, butsa bo'lmasa bo'lmabdi. Kalish bor-ku. Muhimi, maydonga tushsam bo'lgani. O'yin boshlandi. Kichkinaga oshir to'pni, hammangdan yaxshi o'ynayapti. Tomoshabinlar katta futbolchilarga bolakayga to'pni oshirish kerakligini baqirib aytib turibdilar. To'p unga etkazib berildi, eh qo'pollik bilan yiqitishdi uni: penalti! Jamoa sardori Botirboy zarb bilan g'alaba to'pini kiritdi. Hamma bolakayni quchoqlab olgandi.
- Ona, ona... Biz g'alaba qozondik. Ona tandirda issiq non yopardi, kel o'g'lim, mana senga sovrin. Onaning qo'li bilan yopilgan issiq nonga etadigan nemat bormi bu dunyoda, agar undan muqaddas zotning tafti kelib tursa!
- Ota, ona men ketaman!
- Qaerga o'g'lim?
- Toshkenga!
Ota aytdi: - U erda nima qilasan, yuribsan-ku shu erda?
- Yo'q, men Mirjalol Qosimov bilan futbol o'ynayman!
Ota va ona duo qildi. Bolakay 12 yoshida begona shaharga keldi. Hech kimi yo'q, ikki nafar do'sti. Hali biron klubga joylashib ham olmagan. Qiyinchilik boshlandi. Bazan o'yladi, ketib yuborsammikin qishlog'imga. Yo'q, men hali yulduz bo'laman deb ovutdi o'zini. Bir mahal zalga kurashchilar kirib keldi, hey bolalar turinglar, biz mashg'ulot o'tkazamiz. Bolakay sport zalida yotardi. Endi uyqu kelgandi-ya, ha mayli, chidaymiz. Do'stlarini turg'azib mashg'ulotga ketdi.
Ko'p o'tmadi, bolakayni o'qishga qabul qilishdi. Endi binoda o'zining yotog'i bor. Ammo, ammo yaxshi o'yin ko'rsatay desa butsa hamon yo'q. 25 noyabr, bolakayning tug'ilgan kuni. Qishloqdan ota-onasi keldi. "O'g'lim, bu senga", ona yap-yangi oyoq kiyimni bolasiga berdi. Bolakaydan xursand inson yo'q edi. Eh, keyin bilsa ona so'nggi zebini sotib unga butsa olib bergan ekan. Niyat qildi, ortga qadam yo'q, men uchun faqat oila!
Bolakay sal katta bo'la boshlagach tilga tushdi. Ammo aqcha yo'q, biron-bir jamoada o'ynay desa pul berish kerak. "Sen bizga to'g'ri kelmading", aynan shunday gapni aytadi parovoz haydovchisi. Niyat qiladi, "Ey, Ollohim, menga sabr ber, imkon ber, Vatanga sodiq farzand bo'lishga vada beraman!". Ko'p o'tmadi, unga Respublikaning eng kuchli jamoasi og'iz soldi. Buyog'i tavakkal, axir o'zi emasmi Qosimov bilan o'ynayman deb uydan chiqib ketgan? Lekin u borganida Qosimov ketib bo'lgandi. Ammo bolakayning atrofida milliy terma jamoaning boshqa yulduzlari mashg'ulot o'tkazardi. "Hali ham o'rinbosarlar safida yuribsanmi?", kulib ketdi bir kun qo'shni shahar jamoasida debyut mavsumini o'tkazayotgan do'sti. Qirqqa chidagan, qirq biriga ham chidash kerak. Buyuk klub 50 yoshga to'lgan kecha yulduzlar safida stadionda edi. Bu o'yinda hamma bor etiborni Sasha akaga qaratdi. Geynrix yulduz edi. Oradan yillar o'tdi... Sasha aka Suriya terma jamoasiga gol urdi va to'g'ridan-to'g'ri efirda TVga shunday intervyu berdi, "Odil aka probil, Sasha aka zabil"!
O'sha bolakay bugun futbolchilik faoliyatini yakunlayotganini elon qildi, vada berganidek, ota-onasi uchun barcha narsani muhayyo qildi va bugun bor etiborini bolalar futboliga qaratdi.
Hammasi shundan boshlangan edi
Odil Ahmedovning professional faoliyati "Paxtakor" klubida boshlandi. 2006 yilda rossiyalik murabbiy Valeriy Nepomnyashchiy 19 yoshli yigitchaga ishonch bildirib asosiy tarkibga qo'sha boshlagandi.
2006 yil 26 may kuni O'zbekiston kubogi doirasida "Vobkent" klubiga qarshi bahsda "Paxtakor" asosiy tarkibida debyut qilib penaltidan gol urgan Ahmedov 3 kun o'tgach O'zbekiston Oliy ligasi doirasida Zarafshonda "Qizilqum" klubi bilan bahsda debyut qildi.
Odil Ahmedovning Oliy ligadagi ilk goli ham 2007 yil 22 iyun kuni aynan "Vobkent" klubiga qarshi safardagi bahsda qayd etilgan.
2007 yil 21 mart sanasida qahramonimiz Osiyo chempionlar ligasi doirasidagi debyutini nishonlagan. Kuvaytda mahalliy "Kuvayt SK" klubiga qarshi bahsni Ahmedov asosiy tarkibda boshlagandi.
2008 yil 7 may kuni yarim himoyachi Kuvaytda "Al Qodisiya" darvozasini ishg'ol qilib OCHLdagi gollari sonini ochgandi.
Odil Ahmedov milliy terma jamoadagi debyutini Rauf Inileev qo'l ostida 2007 yil 13 oktyabr kuni Xitoy Taypeiga qarshi bahsda o'tkazgan.
2008 yil 6 fevral kuni Odil terma jamoadagi ilk golini safarda Livan darvozasiga urgan va vakillarimiz 1:0 hisobida g'alaba qozonishgan.
Odil Ahmedov O'zbekiston milliy terma jamoasi safida jami 108ta o'yinda maydonga tushdi va raqiblar darvozasiga jami 21ta gol urdi.
2011 yilgi Osiyo Kubogi ochilish uchrashuvidagi Qatar darvozasiga urilgan gol Odil Ahmedovni dunyoga mashhur qildi desak yanglishmaymiz. Uning chamasi 35 metrlardan urgan goli o'sha hafta dunyoning eng chiroyli gollaridan biri bo'lgandi.
O'sha yil fevral oyida Ahmedov Rossiyaning "Anji" klubiga ko'chib o'tgandi. 2011 yil oxirida Ahmedov Samuel Eto'O va Yuriy Jirkov kabi futbolchilarni ortda qoldirib klubning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. 2013 yilda ushbu klub safida hamyurtimiz Rossiya kubogi finaliga qadar etib bordi.
"Anji" safida jami 86ta o'yinda ishtirok etib, 5ta gol urgan yarim himoyachi 2014 yil yozida Rossiyaning boshqa bir klubi "Krasnodar"ga o'tdi.
Bu klub safida 101ta o'yinda 6ta gol urgan Ahmedov 2017 yil boshida Xitoyning "SHanxay SIPG" klubiga transfer qilindi. Etiborlisi hamyurtimiz 2015 yilda "Krasnodar"ning eng yaxshi futbolchisi sovriniga ega chiqdi.
2018 yil Odil "SHanxay SIPG" bilan birga Xitoy Superligasi chempioniga aylandi.
2020 yil yozida Ahmedov Xitoyning boshqa bir klubi "Tianjin Teda" klubiga ijaraga berildi va qisqa muddat shu klub safida o'ynadi.
2021 yil boshida hamyurtimiz "Canchjou Mayti Layons" bilan shartnoma tuzdi. Biroq jarohatlar tufayli bu klub safida maydonga tushmadi.
Odil Ahmedov 2009, 2011, 2014, 2015, 2016, 2018 yillarda O'zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Bu borada u mutlaq rekordchi hisoblanadi.
Yutuqlari
"Paxtakor"da
O'zbekiston chempioni: 2006, 2007
O'zbekiston Kubogi: 2006, 2007, 2009
MDH Kubogi sohibi: 2007
"Anji"da
Rossiya kubogi finalchisi: 2013
"SHanxay SIPG"da
Xitoy chempioni: 2018
SHaxsiy sovrinlari
O'zbekistonda yil futbolchisi: 2009, 2011, 2014, 2015, 2016, 2018
"Anji"da yil futbolchisi: 2011
"Krasnodar"da yil futbolchisi: 2015
"Hamma narsani boshi va oxiri bo'ladi. Yaqinda O'zbekiston terma jamoasidagi faoliyatimni yakunlagandim. Bugun juda ham qiyin qarorlardan birini qabul qildim. Menimcha to'g'ri qaror qabul qildim. Yillar davomida futbolchi bo'lib etishishimda yordam bergan barchaga ota-onamga, barcha murabbiylarimga, menga imkoniyat bergan klublar "Paxtakor", "Anji", "Krasnodar", "SHanxay SIPG"ga rahmat, eng katta minnatdorchilikni O'zbekiston milliy terma jamoasiga bildiraman. O'FFning sobiq prezidenti Mirabror Usmonovga ham rahmat. O'FAni boshqarayotgan Abdusalom Abdumavlonovich Azizovga ham minnatdorchilik bildiraman. Sportga katta etibor qaratayotgan muhtaram Prezidentimizga ham katta tashakkur. So'zim oxirida yoshlarga bir maslahatim bor: Orzu qiling, maqsad qo'ying va biz albatta Jahon chempionatiga chiqamiz, - dedi Odil Ahmedov bugungi tadbirda.
Fikrlar