27 mar 12:00
Yangiliklar
SHuhrat Mamadaliev: “Osiyo o'yinlari biz uchun Tokio 2020 Olimpiadasiga tayyorgarlikning asosiy bosqichi sifatida xizmat qiladi”
Ushbu musobaqa Argentiinada bo'lib o'tadigan III o'smirlar Olimpiya o'yinlariga yo'llanmalar berishi bilan ahamiyatlidir. Milliy olimpiya qo'mitasi matbuot xizmati musobaqaga ko'rilayotgan tayyorgarlik bilan tanishish maqsadida O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi Bosh kotibi SHuhrat Mamadaliev bilan eksklyuziv intervyu tashkil etdi.
-Ayni paytda Osiyo chempionatini qabul qilishga deyarli tayyormiz. Nasib qilsa, musobaqani O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining yangi rahbariyati bilan birgalikda yuqori saviyada o'tkazishga harakat qilamiz. Natija borasida gapiradigan bo'lsak, eng yuqori o'rinlarni qo'lga kiritib, maksimal tarzda o'smirlar Olimpiadasiga yo'llanmalar qo'lga kiritishga harakat qilamiz.
-Yaqinda Bishkekda o'tkazilgan Osiyo chempionati O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi uchun omadli bo'ldi. Erkin kurashchilarimiz umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egalladilar. Bungacha ham ular qita chempionatlarida ikki marta umumjamoa hisobida birinchi bo'lgandilar. Ammo, ularning har ikkisi ham Toshkent mezbonlik qilgan musobaqada qayd etilgandi. Bu safar esa ilk marotaba mamlakatimizdan tashqarida o'tkazilgan bahslarda erkin kurashchilarimiz umumjamoa hisobida birinchi bo'lishdi. Umuman, bugungi kunda terma jamoamiz azolari Osiyo o'yinlariga ham tayyorlar deyishimiz mumkinmi? Bishkekdagi g'alaba yigitlarimizga qanchalik ruxiy ustunlik beradi?
-Bilasizmi, bu yutuqqa erishish uchun 2016 yildan boshlab, rahbariyat, murabbiylar kengashi bilan birgalikda katta hajmda ish olib borildi, jamoa o'zagini shakllantirdik. 2017 yil davomida katta tayyorgarliklar olib bordik, ko'plab yig'inlarda ishtirok etdik. Nasib qilsa, yig'inlar to'g'ri yo'nalishda, o'z vaqtida olib boriladigan bo'lsa, barchasi reja asosida kechsa, yigitlarimiz Indoneziyadagi Osiyo o'yinlaridan ham yorug' yuz bilan qaytadilar.
-O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan so'nggi paytlarda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. SHaxsan siz bu islohotlarni qanday baholaysiz? Ular o'zbek sportiga qanchalik foyda beradi deb o'ylaysiz?
-Ushbu islohotlar shubhasiz yillar davomida baribir o'z samarasini beradi. Bularning barchasi yaxshilikka. Islohotlarning eng muhim jihati endilikda selekciya masalasiga alohida etibor qaratilmoqda. Sportchilarni kashf qilish uchun ularni o'z vaqtida saralab olish eng muhim omildir. Selekciya jarayonini bog'chadan boshlashimiz kerak deb o'ylayman. Yani bu amaliyotni eng quyi bo'g'indan boshlanishi yaxshi. Ana shunda biz yangi nomlarni, yangi sportchilarni kashf eta olamiz va ular albatta kelajakda o'z so'zini aytadi. Kun kelib, Olimpiya va Osiyo o'yinlarida aynan yoshlarimiz bizga medallar taqdim etadilar.
-Umuman olganda bugungi kunda O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi oldidagi asosiy vazifa nimadan iborat?
-Birinchi navbatda, bugungi kundagi eng asosiy vazifamiz 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o'tkaziladigan Olimpiya o'yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish. Osiyo va jahon chempionatlari qaysidir manoda to'rt yillikning eng muhim sport festivali uchun tayyorgarlik bosqichi sifatida xizmat qiladi. SHuning uchun, bazi Osiyo yoki jahon chempionatlarida natijalarga katta etibor qaratmaymiz. Aksincha polvonlarimiz toblanib borishi, tajriba to'plashi uchun sharoit yaratamiz. Vaqtida sportchilarimizda mana shu kabi musobaqalarda mag'lub bo'lish holatlari kuzatiladi. Olimpiya o'yinlariga tayyorgarligimiz esa maksimum darajada bo'lishi lozim. Sizga malumki, sportda yuksalish va pasayish davrlari bo'ladi. O'sha vaqtga kelib biz yuksalish davriga chiqib olishimiz shart. Murabbiylar shtabi bu borada katta hajmda ish olib bormoqda.
-Mamlakatimizda ko'pgina sport turlarida malakali kadrlar etishmasligi masalasi bor. Sport kurashlarida bu borada holat qanday? Murabbiylarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari qanday yo'lga qo'yilgan?
-Bu borada bizda ham muammolar bor. Ammo, Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan Olimpiya zaxiralari kolejlarining isloh qilinishi, kolejlar qoshida Olimpiya markazlari tashkil etilib, ularda sportchilar 24 yoshgacha ushlab turilishi nur ustiga alo nur bo'ldi. CHunki aynan o'tish davrida biz ko'pgina sportchilarni yo'qotib qo'ymoqda edik. Ular baribir keyinchalik murabbiy bo'ladilar. Kuchli murabbiy bo'lish uchun jahon chempioni bo'lish shart emas. O'z vaqtida o'rtamiyona sportchi bo'lgan bo'lsada, uning murabbiylik uchun qobiliyati kuchli bo'lishi mumkin.
Masalan, ko'p karra Olimpiya o'yinlari chempioni Artur Taymazovdan so'rashganida, u murabbiy bo'lib ishlay olmasligini aytib o'tdi. Vaholanki, uning qanday kurashchi bo'lganligini barchamiz bilamiz. SHuningdek, terma jamoamizda faoliyat olib borayotgan murabbiylarimizdan Olim Hikmatov, Ravshan Ro'ziqulovlarni misol qilishim mumkin. Ro'ziqulov o'z vaqtida Osiyo chempionati sovrindori bo'la olgan. Bugungi kunda sportchilar orasida katta hurmatga ega. Bishkekdagi Osiyo chempionatida uning shogirdlari yunon-rum kurashi bo'yicha umumjamoa hisobida uchinchi o'rinni egallay olishdi.
-Ochig'ini tan olganda, mamlakatimizda yunon-rum kurashiga qaraganda erkin kurash nisbatan rivojlangan. Bu xalqaro maydonda qo'lga kiritilayotgan natijalar misolida ham ko'rinadi. Umuman, sportchilariz erishayotgan natijalar so'zimizga isbot bo'la oladi. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
-Bilasizmi, bu fikringizga qo'shila olmayman. CHunki, yunon-rum kurashi avvaldan bizda rivojlangan. Bu borada bizda xatto Olimpiya o'yinlari chempionlari bor. Rustem Kazakovni sport muhlislari juda yaxshi bilishadi. Yunon-rum kurashi Olimpiya o'yinlarining eng asosiy sport turlaridan biri hisoblangan. SHuning uchun, mamlakatimizda erkin kurash ham, yunon-rum kurashi ham bir hil darajada rivojlangan deya olaman. Biz ikki yo'nalishni ham birdek rivojlantirishga harakat qilamiz. Ularni bir-biridan ajratib o'tirmaymiz.
-MOQ rahbarining topshirig'iga binoan, barcha sport federaciyalari Osiyo o'yinlari oldidan o'z rejalarini taqdim etishmoqda. Ularda jamoa tarkibi, kutilayotgan natijalar, samaradorlik va foydali ish koefficentiga alohida o'rin ajratilgan. Sport kurashlari associaciyasi Jakartadagi Osiyo o'yinlarida qanday natijalarni qo'lga kiritishni maqsad qilgan, Indoneziyada delegaciyamiz hisobiga nechta medal qo'shib qo'yishni rejalashtirgansiz?
- Osiyo o'yinlarida taxminan 15 nafar sportchimiz ishtirok etadi. Yani, erkin kurashda 6, yunon-rum kurashida 6, ayollar kurashida esa uch nafardan sportchi yurtimiz sharafini himoya qildi. Musobaqada imkon qadar maksimal natijani qayd etishni maqsad qilganmiz. Yuqorida aytib o'tganimdek, Osiyo o'yinlari biz uchun Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlikning bir bosqichi sifatida xizmat qiladi. Ammo, bazi vazn toifalarida o'z rejalarimiz bor. Masalan, yunon-rum kurashi bo'yicha Riodagi Olimpiya o'yinlari sovrindori Elmurat Tasmuradovning Jakartadagi ishtiroki hozircha sir.
Uni zaxira tarkibi azosi sifatida ro'yxatga kiritganmiz. U -63kg da Osiyo chempioni bo'ldi. Braziliyada esa -59kg da sovrindor bo'lgandi. Ammo, yunon-rum kurashida Olimpiya o'yinlarida vazn toifalari o'zgarmoqda. SHuning uchun, murabbiylar shtabi bilan birgalikda Olimpiya o'yinlariga yuqori tayyorgarlikda borish uchun qaysi musobaqa muhimroq ekanligini ko'rib chiqamiz.
-O'smirlar va yoshlar terma jamoamizdan yaxshi sportchilar etishib chiqishmoqda. Ular jahon chempionatlarida ham sovrindor bo'la olishdi. Ular orasida Umidjon Jalolovni ham misol qilib keltirishimiz mumkin. Umuman, Tokiodagi o'yinlarga qadar ular O'zbekiston kattalar terma jamoasiga kiritiladimi?
-Yo'q, u paytda ular hali yoshlar tarkibimizda bo'ladilar. Bizda O'zbekiston chempionatlarida sovrindor bo'lgan sportchilar o'rtasida maxsus turnir tashkil qilish ananasi bor. Ana shunday bahslarda ikkinchi yoki uchinchi raqamli sportchilarimiz ham selekciya orqali saralanib, o'smirlar o'rtasida Osiyo chempionligini ham qo'lga kirita oldilar. Ular bizning asosiy zaxiramiz. Agar ularni to'g'ri yo'nalishda tarbiyalay olsak, nufuzli xalqaro musobaqalarda toblab borsak ishonchim komilki yaqin kelajakda ushbu yoshlarimiz milliy terma jamoamiz asosini tashkil etishadi.
SHuningdek, O'zbekiston sport kurashlari associaciyasi Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish, o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil etish ishlarini Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Bu borada har ikkala tashkilot bizga yaqindan yordam berib kelmoqda. Bu hamkorlik samarasini eng nufuzli xalqaro musobaqalarda qo'lga kiritadigan natijalarimiz misolida ko'rishimiz mumkin bo'ladi.
-SHuhrat Farxodovich, suhbat uchun rahmat. Oldinda turgan muhim musobaqalarda O'zbekiston sport kurashlari associaciyasiga omad va g'alabalar tilab qolamiz.
Zafar Imomxo'jaev suhbatlashdi
Foto: Abdullo Fayzullaev
Fikrlar