27 noy 18:25
Yangiliklar
Birinchi raketkamiz Manama "CHellenjer" turnirining 1/4 finalida
Mukofot jamg'armasi 60 ming dollarni tashkil qiluvchi musobaqada hamyurtimiz Sergey Fomin ham muvaffaqiyatli odimlamoqda. Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischiga aylanib olgan Fomin 1/16 final bosqichida amerikalik Dali Blanchni uch set natijasiga ko'ra qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratgandi - 6/7(2), 7/6(1), 6/3.
Bugun Sergey 1/8 finalda germaniyalik Maksimilyan Xomberg bilan hisob-kitob qildi. Sakson sakkiz daqiqa davom etgan bahsda Fomin 6/0, 7/6(4) hisobida g'alaba qozonib, chorak finalga yo'l oldi. Fomin 5, Xomberg 1 ta eys zarbani amalga oshirgan. Qo'shxatolar olmon tennischisida bir necha barobar ko'p bo'ldi - 11 ga 2. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi edi. Ikki hafta avval aynan shu kortlarda o'tgan ilk to'qnashuvda ham Fominning qo'li baland kelgandi.
Taqqoslash uchun, Sergey Fomin ayni paytda ATP reytingida 358, Blanch 451, Xomberg esa 868-o'rinni egallab turibdi. Ertaga tennischimiz 1/4 finalda britaniyalik Tobi Samuelga qarshi kortga chiqadi. 23 yoshli Tobi dunyoning 329-raketkasi bo'lib turibdi. Samuel - Fomin uchrashuvi ertaga bizning vaqt bilan soat 18:00da boshlanadi.

Fikrlar