21 avg 14:36
Yangiliklar

U-16 Butunjahon O'smirlar Olimpiadasida asosiy raqiblardan biri mag'lub etildi
Nufuzli musobaqada dunyoning 45 davlatidan 90 ta jamoa bosh sovrin uchun bahs olib bormoqda. O'zbekiston terma jamoasi o'rtacha reyting bo'yicha 2-o'rinda qayd etilgan. Xalqaro grossmeyster Saydali Yuldashev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston terma jamoasi tarkibida xalqaro sport ustalari Humoyun Begmuratov (2435), Muhammadzohid Suyarov (2356), FIDE sport ustasi Asrorjon Omonov va ayollar xalqaro sport ustasi, yoshlar o'rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova dona surmoqda.
Kecha Olimpiadaning 6-turida o'smirlarimiz asosiy raqiblardan biri hisoblangan FIDE 2 jamoasini 3,5:0,5 hisobida mag'lub etishdi. Turnirning markaziy uchrashuvida FIDE 1 jamoasi Hindiston terma jamoasidan 2,5:1,5 hisobida ustun keldi va peshqadamligini mustahkamlab oldi.
O'zbekiston terma jamoasi Olimpiadaning 6-turidan so'ng 5 g'alaba va 1 mag'lubiyat bilan 10 ochko jamg'argan holda qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra 3-o'ringa ko'tarilib oldi. FIDE 1 jamoasi hisobida 12, ikkinchi o'rinda borayotgan va bizga engilgan Qozog'iston 2 jamoasida 10 ochko bor. Qozog'iston 1, Hindiston, Xitoy terma jamoalari ham 10 ochkodan jamg'arishgan.
Bugun 7-turda O'zbekiston terma jamoasi Hindistonning asosiy tarkibiga qarshi bahs olib boradi. Birinchi doskada FIDE 1 va Qozog'iston 1 terma jamoalari o'zaro munosabatlariga oydinlik kiritib oladi.
Fikrlar