08 apr 17:54
Yangiliklar
Dunyoning eng yosh birinchi raketka malikalarini taniysizmi? (TOP-10)
Etiboringizga eng yosh raketka malikalari Top-10 ligini taqdim etamiz.
Xabaringiz bor, Mayami "Masters"ida chempionlikni qo'lga kiritgan polshalik Iga Svyontek turnirdan so'ng sayyoramizning birinchi raketkasiga aylandi. Tabiiyki muxlis va mutaxassislar uning yosh bo'lsada birinchi raketka bo'lganiga qoyil qolishdi. Ammo u eng yosh birinchi raketkaga aylangan tennischilar ro'yxatida yuqori pog'onadan ham joy olmadi. Sababi hali o'smirligidayoq jahon tennisini larzaga solib, dunyoning birinchi raketka malikasiga aylangan tennischilar talaygina. Iga Svyontek esa Top-10'ni yakunlab berdi xolos. Bazi tennischilar 16-20 yoshida dunyo tennis jamoatchiligini lol qoldirayotgan bir vaqtda bizning yosh malikalarimiz reytingga kira olishmayapti ham. Ha, mayli mavzuga qaytamiz, Demak, Top-10 bilan tanishing:
Martina Xingis (SHveycariya)
Dunyoning eng yosh birinchi raketkasi - shveycariyalik Martina Xingis bo'lib, tennischi 16 yosh, 1 oy va 1 kunligida birinchi marta jahonning birinchi raketkasiga aylangan. Hammasi bo'lib, u 209 hafta davomida WTA reytingi etakchisi bo'lgan (tarixdagi 5-ko'rsatkich).
Martina Xingis 1980 yil 30 sentyabrda Slovakiyada tavallud topgan. "Katta Dubulg'a" turnirlarining besh karra chempioni, Australian Open'da uch bor, US Open va Uimbldonda bir marotaba g'olibga aylangan. Tennischi faqatgina US Open'da zafar quchmagan. Xingis karerasini 2017 yilning 28 oktabrida yakunlagan.
Monika Selesh (Yugoslaviya/AQSH)
1990 yillar boshida 17 yosh 3 oy 9 kunligida dunyoning birinchi raketkasi bo'ldi. Hammasi bo'lib, u 178 hafta davomida eng yuqori pog'onada reytingni boshqardi (6-ko'rsatkich). 1973 yilning 2 dekabrida tavallud topgan tennischi faoliyati davomida "Katta Dubulg'a" turnirlarida 9 marotaba g'oliblikni tantana qilgan. U 4 marotaba Australian Open, 3 bor "Rolan Garros" va 2 marta US Open chempionligini qo'lga kiritgan. Monika Selesh 2008 yilda faoliyatini yakunlagan.
Treysi Ostin (AQSH)
Amerikalik tennischi birinchi marta 17 yosh, 3 oy va 26 kunligida reytingda birinchi o'rinni egalladi. Hammasi bo'lib u 21 hafta davomida peshqadamlik qildi.
Treysi Ostin 1962 yilda AQSHning Kaliforniya SHtatida dunyoga kelgan. Faoliyati davomida 2 bor mamlakati mezbonligidagi US Open chempionligini qo'lga kiritgan (1979, 1981). Tennischi 1994 yilning iyul oyida faoliyatini yakunlaganini malum qilgan.
SHteffi Graf (Germaniya)
Germaniyalik tennischi birinchi marta 18 yosh, 2 oyligu 3 kunligida jahon reytingida etakchiga aylandi. U yakkalik bahslarida "Katta Dubulg'a"ning 22 ta unvoniga ega. Graf jami 377 hafta reytingda etakchilik (ayollar va erkaklar tennisida mutlaq rekord) qilgan.
SHteffi Grafni XX asrning eng buyuk tennischisi deyish mumkin. U "Katta Dubulg'a" turnirlarining 22 karra chempioni hisoblanadi. Graf 4 bor Australian Open, 6 bor "Rollan Garros", 7 marta Uimbldon va 5 bor US Open chempionligini qo'lga kiritgan. Uning hisobida "Katta Dubulg'a" turnirlarining juftlik bahslaridagi bitta unvon ham bor (Uimbldon).
Germaniyalik tennischi 1999 yilda faoliyatini yakunlagan.
Mariya SHarapova (Rossiya)
Rossiyalik tennischi kuchli beshlikda. 1987 yilning 19 aprelida tavallud topgan tennischi 18 yoshu 4 oy 3 kunligida Uimbldon 2004'dagi g'alabasidan bir yil o'tib dunyoning birinchi raketkasi bo'ldi. U 21 hafta davomida reytingni boshqardi. Mariya 5 karra "Katta Dubulg'a" turnirlari g'olibasi hisoblanadi. U "Ulkan Toj" turnirlarining barchasida chempionlikni qo'lga kiritgan. Faqatgina "Rollan Garros"da ikki bor zafar quchgan. SHarapova 2020 yil 33 yoshida proffesional faoliyatini yakunladi.
Kim Kleysters (Belgiya)Kim 1983 yilda dunyoga kelgan. Tennischi 20 yoshu 2 oylik 3 kunligida faoliyatida hali "Katta Dubulg'a" turnirini yutmasdan dunyoning 1-raqamli tennischisiga aylandi. Biroq, keyinchalik belgiyalik sportchi 4 marotaba "Katta Dubulg'a" turnirlarida g'alaba qozondi. Unga "Ulkan Toj"dagi ilk unvon 28 yoshida nasib etdi. U Australian Open'da bir bor, US Open'da uch marta chempion degan nomga sazovor bo'ldi.
Karolin Voznyacki (Daniya)1990 yilda tavallud topgan. Daniyalik sportchi 20 yoshu 3 oyligida reytingda birinchi o'rinni egalladi. Bu vaqtda unda "Katta Dubulg'a" turniri chempionligi yo'q edi. Faqatgina 8 yildan so'ng, 2018 yilda Australian Open'da u o'zining yagona "Ulkan Toj"dagi titulini qo'lga kiritdi. Karolin jami 71 hafta davomida WTA reytingini boshqargan. Tennischi 2020 yilda faoliyatini yakunladi.
Ana Ivanovich (Serbiya)
Ana Ivanovich 1987 yilda dunyoga kelgan. Serbiyalik tennischi "Rolan Garros" - 2008'da zafar quchib, 20 yoshu, 7 oylik va 3 kunligida dunyoning birinchi raketkasi bo'ldi. U jami 12 hafta davomida reytingning eng yuqori pog'onasida bo'lgan. Ivanovich 2016 yilda faoliyatini yakunladi. Yana bir malumot, Ana Ivanovich germaniyalik mashhur futbolchi Bastian SHvaynshtaygerning rafiqasi hisoblanadi. Hozirda juftlik ikki o'g'ilni tarbiyalab, voyaga etkazmoqda.
Serena Uilyams (AQSH)
1981 yilda tavallud topgan tennischi ulkan natijalar sohibasi hisoblanadi. Serena 2002 yilda 20 yoshu 9 oylik 12 kunligida WTA reytingida birinchi o'rinni egalladi. Hammasi bo'lib, u 319 hafta davomida sayyoramizning birinchi raketkasi sifatida "taxt"ni hech kimga bermay keldi (tarixdagi 3-o'rin). Serenaning buyuk natijasi albatta "Ulkan Toj" turnirlaridagi 23 ta unvondir. Kichik Uilyams 7 bor Australian Open, 3 marta "Rollan Garros", 7 bor Uimbldon va 6 marotaba US Open g'olibasi bo'lgan. Serena shuningdek, "Katta Dubulg'a" turnirlarining juftlik bahslarida 14 bor chempion bo'lgan.
Va Top-10'ning oxirgi pog'onasida 4 aprel kuni sayyoramizning birinchi raketkasiga aylangan Iga Svyontek joylashdi.
Iga Svyontek (Polsha)
Iga 2001 yilning 31 mayida Polshada dunyoga kelgan. Tennischi 20 yoshu 10 oylik va 4 kunligida jahonning birinchi raketkasi bo'ldi. U reytingda birinchi o'rinni egallagan birinchi polshalik tennischidir. Svyontekda "Katta Dubulg'a" turnirlaridagi bitta unvon bor. U 19 yoshida "Rolan Garros" chempioniga aylangan.
Fikrlar