12 iyu 13:45
Yangiliklar

INTERVYU: Mahmud Muradov fuqarolik olgani, Emelyanenko va Xabib, so'zlarining noto'g'ri talqin qilinishi va boshqa masalalar haqida
Xalqaro sambo federaciyasi veb-saytiga bergan intervyusida u dunyo tan olinishi yo'lida duch kelgan qiyinchiliklari, bolalar uchun bepul sport zallari qurish rejalari va Fyodor Emelyanenkoga bo'lgan munosabati haqida gapirdi.
- Jangovar sambo sizning asosiy bazangizmi?
- Unchalik emas. Men zarbaga ko'proq etibor beraman va kikboksing men uchun asosiy sport turi edi. Men Rossiyaga ko'chib o'tganimdan keyin samboga keldim. Otam bilan baxtsiz hodisa yuz berdi va 17-18 yoshimda akam bilan Tomskga ishlash uchun ketishimiz kerak edi. U erda men sambo musobaqalarida ishtirok etishni boshladim.
- Nega keyinchalik aralash jang sanatiga urg'u berdingiz?
- Mendan bu haqda tez-tez so'rashadi va men jang sanatlari meni o'zi tanladi, deb javob beraman. Alloh har kimga qandaydir imkoniyat beradi. Agar unga itoat qilsangiz, demak, muvaffaqiyatga erishasiz. Albatta, ko'p odamlar o'zlarining maqsadlarini topa olmayotganliklaridan shikoyat qiladilar. Men uchun ham shunday edi. Men kichkina shaharchadan, kichik zaldanman, u erda hatto issiq suv yo'q edi va tomidan chakki o'tardi. Men mashg'ulotlarni Tomskda boshladim va ularni qoldirmaslikka harakat qilardim, sport zalida kiyimlarimni yuvdim, chunki men bazada yashardim va kvartira ijaraga olish imkoniyati yo'q edi. Pul topish uchun qurilish maydonchasida ishlaganman. Keyin ular meni payqashdi va xavfsizlik agentligida ishlashga taklif qilishdi. Murabbiyim tufayli CCM'dan hujjat olishga muvaffaq bo'ldim. SHahar atrofida xotirjam yurishni boshladim.
- Dastlab siz na Rossiya, na O'zbekiston fuqaroligini olmagansiz shundaymi?
- Ha. Ammo keyinchalik mamlakatimizda prezident o'zgarib, malum vaqt davomida O'zbekistonda yashab kelganlarga fuqarolik berishni boshladi. Oldin bu mumkin emas edi. Keyin mening ota-onam pasport olishdi, men ham. Bu mening hayotimni juda osonlashtirdi, chunki bundan keyin men butun dunyo bo'ylab parvoz qila oldim, MDH atrofida erkin yura boshladim. Vizalar hamma joyda kerak edi. Hozirda CHexiyada yashash huquqim bor, u erda rafiqam va qizim yashaydi.
- Biror narsaga erishganingizdagina, bazi odamlar sizga nisbatan ko'proq moyil bo'lishlarini anglash qiyin bo'ldimi?
- Men buni xotirjamlik bilan qabul qilaman, menga baribir. O'zimning yo'limni bilaman va men bilan birga bo'lganlar, men yutqazganimda ham, noto'g'ri ish qilganimda ham meni qo'llab-quvvatlagan va ishongan insonlardir. O'shanda mendan ketganlar endi kelib, yaqin bo'lishni xohlashadi. Ular meni ahmoq va hech narsani tushunmaydi deb o'ylashadi. Ammo hayot menga juda ko'p narsani o'rgatdi, ayniqsa, atrofingizni kerakli odamlar bilan o'rab olish zarur. Qodir Alloh sizga sinov uchun ko'ngilsizlik, so'ngra o'n baravar yaxshiroq mukofot beradi. Va u siz imkoniyatdan qanday foydalanayotganingizga ham qaraydi. Masalan, avval siz kasal bo'lib, keyin kuchliroq bo'lasiz. Va U bu kuchni qaerga sarflayotganingizni ko'rib chiqadi. Agar siz hamma narsani to'g'ri qilsangiz, U yana mukofotlaydi. SHuning uchun, men muhtojlarga yordam berishga harakat qilaman.
Hozir menda 30 kishidan iborat katta jamoa bor va men ularni turar joy, oziq-ovqat bilan taminlashim zarur. Bizda nafaqat poytaxtdan, balki butun O'zbekistondan kelgan juda yaxshi bolalar bor. Ular biror narsaga erishishni xohlashadi, ammo barchaning ham imkoniyati yo'q. Menga yuqori martabali odamlar yordam berishini yashirmayman. Men sheriklarimni qo'llab-quvvatlayman va ular, o'z navbatida, qachondir yoshlariga yordam berishadi. Hamma bilan bo'lishishga odatlanib qolganman. Do'stlarim esa bu mening zaif tomonimligini aytishadi.
- Odamlar buni suistemol qiladimi?
- Bunday voqelar ham bo'ladi, lekin men qanday bo'lsam shundayligimcha qolaman.
- Jangovor sambo bo'yicha musobaqalarni tribunadan tomosha qilyotganingizda qanday his-tuyg'ularni boshdan kechirasiz? O'zingiz gilamchaga chiqishni xohlaysizmi?
- Yo'q. Men o'n yildan buyon aralash yakkakurash turlari bilan shug'ullanaman, endi men uchun ular faqatgina mavjud, bu sport menga juda yoqadi. Jiu-jitsu va sambo bilan shug'ullangan bolalar bizning yonimizga kelishadi. Ular turli xil jang sanatlari o'rtasidagi farqni namoyish etadi. SHu bilan birga, jangovar sambo bo'yicha ko'plab odamlar aralash yakkakurash bo'yicha yaxshi natijalarni ko'rsatmoqdalar. Ammo bolaligimda Fyodor Emelyanenko mening kumirim edi. Men uning shaharni aylanib chiqayotgandek, sovuqqonlik bilan jangga kirishishiga doim hayron bo'lardim. Hayajonsiz chiqib keladi va xuddi shu tarzda yutadi. Bunday odamlar milliondan bitta uchraydi. Hozirda jangchi g'alaba qozonadi, quvonadi va jang oldidan biron bir gap aytadi. U oktagondagi hamma narsani ko'rsatdi. Xotirjam va juda taqvodor. Bu to'g'ri, odam ishonishi kerak, men odamlarni dinlari, millatlari va irqlari bo'yicha ajratmayman, men uchun hamma bir xil.
- Siz uchun Emelyanenko eski maktab vakili, hozirda undaylar kammi?
- Albatta, u va mening ota-onam meni rag'batlantiradigan yagona odamlardir. Allohga shukur, endi ota- onamga hech narsa kerak emas, lekin men har doim ularga munosib bo'lgan narsalarini berishni xohlardim.
- Agar sizni jangovar sambo bo'yicha Osiyo chempionatida ishtirok etdi deb tasavvur qilsak, u erda yuqori o'rinni egallashingiz ehtimoli qanday?
- Oldindan nimadir deyish qiyin. Ammo o'z uyingda devorlar ham yordam beradi. Agar hozir meni u belashuvga qo'yishganida, men ruhan tayyor bo'lardim deb o'ylayman. Bilasizmi, mening psixologiyam juda barqaror, hatto shifokorlar ham buni aytishadi. Men nega aralash yakkakurashlar bilan shug'ullanayotganimni bilaman. Bu menga yuqori martabali amaldorlar, federaciyalar rahbarlari yoki Olimpiya qo'mitasi vatanparvarlik bilan sportni targ'ib qilish zarurligi haqida gapirganda turtki beradi. CHet elga borganimda, bu odamlar ortimda ekanligini bilaman.
Ammo menga qarshi chiqadigan raqiblar psixologik nuqtai nazardan qiyin bo'lardi. Ular kuchli sportchilar, ammo menga nisbatan bo'lgan qo'rquv yoki hurmat tufayli ularga ochilish oson emas. Ammo Alister Overim yoki Fyodor Emelyanenkoni televizordan tomosha qilganimda ham xuddi shunday his-tuyg'ularga duch kelganman.
- Endi sizni hayratga soladigan kumirlar qolmadimi?
- Yo'q. Albatta, men Fyodor Emelyanenko va Xabib Nurmagomedovlarni hanuzgacha hurmat qilaman. Ikkinchisi - hamma uchun barcha narsani isbotlaganligi sababli, vadasiga sodiq qolgan holda sportni tark etdi.
- CHorlov paydo bo'lishi bilan u qaytib kelishi mumkinligiga ishonasizmi?
- Yo'q. Menimcha u boshqa sinovda deb o'ylayman.
- U futbol bilan jiddiy shug'ullanmoqchimi?
- Menimcha, Xabib jamoani sotib olishi mumkin. Ehtimol, u maydonga tushadi, bir nechta o'yin o'tkazadi. Ammo bu PR-kompaniya doirasida bo'ladi, boshqa narsa emas. Axir bunday yangiliklar tezda butun Amerika bo'ylab, butun MDH bo'ylab tarqaladi va Rossiyada u eng mashhur odamlardan biri hisoblanadi. Ular har bir qadamni, har bir bayonotni kuzatadilar - hatto men uning intervyusini tomosha qilaman va nimanidir o'rganaman. Ammo bunday mashhurlik bilan sizning bayonotlaringiz buzilib ketish xavfi doimo mavjud.
- O'zingiz so'zlaringiz noto'g'ri talqin qilinayotganiga tez-tez duch kelasizmi?
- Albatta, shunday bo'ladi, lekin men bunga normal holat deb qarayman. Biror narsa kesib tashlanadi, tarjima qilinadi. Masalan, ular Konor Makgregor bilan jang qilmoqchi ekanligimni yozishdi. Va men shunchaki, agar kerak bo'lsa, kerakli vaznni tashlashga tayyorligimni aytdim. Ammo u Floyd Meyvezer bilan uchrashishi mumkin edi. Biz Floyd bilan yaxshi aloqadamiz va u uzoq vaqtdan beri meni aralash yakkakurash qoidalari bo'yicha jang qilish uchun chaqiradi. Men uchun bu PR va moliya nuqtai nazaridan ajoyib variant bo'ladi.
- Ayni paytda ko'plab sambochilar aralash yakkakurash turlari bo'yicha chiqish qilishmoqda. Kelajakda ular dominantlik qilishlari mumkinmi?
- Ha deb o'ylayman. CHunki bu aralash jang sanati bilan bir xil. Bokschiga jang qilishni o'rgatish qiyin, kurashchiga mushtni o'zlashtirish juda oson. Daniel Korme qanday urishini ko'ring. Ko'pgina yigitlarning nokautli zarbalari bor.
- Joriy yilning yanvar oyida Endryu Sanchesni mag'lubiyatga uchratganingizdan so'ng, siz oktagondan sakrab chiqib, Dana Uaytga tomon yugurdingiz. Unga nima dedingiz?
- U menga obuna bo'lmaganini aytdim (kuladi).
- Bo'sh tribunalarda jangchi kurashish qanchalik qiyin?
- Menda bunday holat bo'lmagan, ammo bu men uchun ahamiyatsiz. Albatta, muxlislardan quvvat olinadi ammo agar ular tribunada bo'lmasa, hanuz televizor ekranlarida bo'lsa ham, ular meni qo'llab-quvvatlayotganini bilaman. Nima uchun oktagonni tark etayotganimni bilaman. Mening bayrog'im bor, ular menga ishonishadi. Bazan, men bozor bo'ylab yuraman, va 80 yoshli buvi meni to'xtatadi, o'padi, bag'riga bosadi, u mening jangimni tomosha qilganini aytadi. U haqiqatan ham menga muxlislik qiladi, barcha raqiblarimning ismlarini biladi. Bu eng muhim narsa.
- Musobaqalarda ko'plab jangovar sport turlarida raqibni nokaut qilmaslik odat tusiga kirgan, ammo aralash yakkakurashlarda bunday emas. Ushbu qoidani qabul qilish sizga qanchalik qiyin bo'ldi?
- Agar men raqibimni nokaut qilmasam, u buni amalga oshiradi. SHuning uchun men boshqa sport turiga bormayman. Agar mashina ishlasa, nima uchun biror narsani o'zgartirish yoki qo'shish kerak? Ertami-kechmi vosita ishlamay qoladi. Odamlarda ham shunday. Har kim o'zi sevgan ish bilan shug'ullanishi kerak. Men aralash yakkakurashni yaxshi ko'raman, yaqinda O'zbekistondagi birinchi xalqaro tashkilotni ochdim.
- Sizning vazifangiz yosh sportchilariga ularda yo'q narsalarni berishmi?
- Menda bo'lmagan narsalarni berish. Men bu sport bilan anchadan beri shug'ullanaman, turnirlarni qanday tashkil qilish haqida tasavvurim bor. Mamlakatning yuqori lavozimli rasmiylari hamma narsa adolatli va yuqori darajada bo'lishi mumkinligini ko'rishi kerak.
- Yangi sport zallari qurishni rejalashtiryapsizmi?
- Ha, bolalar uchun bepul zallar qurish rejalashtirilgan. Bizda o'ziga xos mentalitet, mehmonlarga nisbatan alohida munosabat mavjud. Afsuski, bu vaqt o'tishi bilan yo'qoladi. Va zalda ular yomon odatlarni o'rgatishmaydi. Hali ham axlatni olib ketishim yoki polni artishim mumkin. Bularni qilish men uchun uyatli emas. Ha, men Mahmud Muradovman, lekin men hamma kabiman. SHuning uchun, men avvalo shogirdlarimga intizomni singdirmoqchiman.
- Nega sambo bo'yicha Osiyo chempionatiga kelishga qaror qildingiz?
- Birinchidan, Osiyo sambo uyushmasi rahbari Allamjon Mullaev menga yaxshi munosabatda, u menga doim maslahat va yordam beradi. Ikkinchidan, mahalliy yigitlar meni ko'rishdan xursand bo'lishadi. Men har doim vaqtim bo'lganda yoshlarni rozi qilishga harakat qilaman.
- Jahon chempionatiga borishni rejalashtiryapsizmi?
- Agar ular qo'ng'iroq qilsalar, men boraman, qo'ng'iroq qilmasalar ham (kuladi). Albatta, agar Moskvadagi aralash yakkakurashlar musobaqasiga tayyorgarlik xalaqit bermasa. Axir, bu men uchun deyarli uy musobaqasi, O'zbekistondan mehmonlar ko'p bo'ladi, men o'zimni ko'rsatishim lozim.
- Moskvada Xalqaro SAMBO markazi qurilmoqda. U erda jang o'tkazishga qanday qaraysiz?
- Nega yo'q? Bunday to'qnashuvda ota-onam va qarindoshlarim ishtirok etishlari mumkin edi. Bu men uchun Vatanimda jang qilish kabi, negaki Rossiyada o'zbeklar ko'p. Yaqinda Moskvada muxlislar bilan bo'lgan uchrashuvim shunchalik shov-shuvga sabab bo'ldiki, hammada ham etarli joy yo'q edi.
Sarvinoz Rahmonqulova tarjimasi
Fikrlar