18 okt 14:19
Yangiliklar

Jahon chempionatida sovrindor bo'lgan bokschilarimiz taqdirlandi
18 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi davlat jismoniy tarbiya va sport qo'mitasi raisi Rustam Qurbonov sport jamoatchiligi faollari huzurida boks bo'yicha jahon chempionatida g'olib chiqqan va sovrinli o'rinlarni egallagan yurtdoshlarimizni yuksak natijalar bilan tabriklab, ularga zarbop to'nlar kiygizdi hamda pul mukofotlari sertifikatlarini topshirdi.
Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi Germaniyaning Gamburg shahrida o'tkazilgan jahon chempionatida bitta oltin, uchta kumush va ikkita bronza medal jamg'arib, ilk
marotaba umumjamoa hisobida ikkinchi o'rinni egallagan edi. Yilning eng nufuzli musobaqasida SHahram G'iyosov barcha raqiblarini mag'lubiyatga uchratib, jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'lgandi. -69 kg vazn toifasida oltin medalni qo'lga kiritgan hamyurtimiz AIBAning Twitter ijtimoiy tarmog'idagi rasmiy sahifasida o'tkazilgan so'rovnoma natijasiga ko'ra, “dunyoning eng yaxshi bokschisi”, deb tan olingani diqqatga sazovor.
Jahon chempionatida Hasanboy Do'smatov, Jasur Latipov va Iqboljon Xoldorov kumush, Bektemir Meliqo'ziev va Sanjar Tursunov bronza medaliga sazovor bo'lishgan edi.
SHu kuni Jismoniy tarbiya va sport davlat qo'mitasida Tokio-2020 olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik qanday borayotganini tahlil qilayotgan Respublika ishchi guruhining navbatdagi majlisida aynan boks federaciyasining faoliyati ko'rib chiqildi. 2017 yilgi mavsum muvaffaqiyatli kechgani etirof etilgani holda, kelgusida yangi zafarlarga erishish nimalarga etibor qaratish zarurligi muhokama qilindi.
Qo'mita matbuot xizmati
Fikrlar