08 okt 17:50
Yangiliklar
Kroufordni qiynagan Isroil Madrimov besh yil o'tib yana Toshkentda jang qiladi. Bu Isroil uchun qanchalik ahamiyatli jang?
"The Dream" taxallusi bilan tanilgan bokschimizga ozarbayjonlik Seymur "Gray Wolf" Isaev raqiblik qiladi.
Jang o'tkazilishi xalqaro boks nashrlarida ham tasdiqlandi. Madrimovning professional rekordi hozirda 11 ta g'alaba, 2 ta mag'lubiyat va 1 ta durangdan iborat. U etti jangini muddatidan oldin yakunlagan. The Ring nashri Madrimovni super yarim o'rta vazn toifasida o'z reytingining 4-pog'onasiga joylashtirgan. 30 oktyabrdagi bahs uning 2026 yil hisobidan o'tkazadigan ikkinchi jangi bo'ladi.
Madrimov professional faoliyatidagi eng katta g'alabalardan biriga 2024 yil 8 mart kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida erishgan. O'shanda yurtdoshimiz rossiyalik Magomed Kurbanovni beshinchi raundda texnik nokaut bilan mag'lub etib, WBA'ning vakant jahon chempionlik kamarini qo'lga kiritgandi. Biroq o'zbekistonlik bokschi kamarini birinchi himoyasidayoq yo'qotdi. 2024 yil 3-avgust kuni Los-Anjelesda Madrimov Terenc Krouford bilan 12 raundlik jang o'tkazib, hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub bo'ldi. Hakamlar 116:112, 115:113 va 115:113 hisoblarini qayd etgandi. SHu tariqa Krouford super yarim o'rta vaznda ham jahon chempioniga aylangani barchamizning yodimizda.
Isroilning keyingi jangi ham yuqori darajadagi raqibga qarshi kechdi. 2025 yil fevralida u Verjil Ortis bilan jang qilib, yana hakamlar qaroriga ko'ra imkoniyatni boy berdi. SHundan keyin o'zbekistonlik bokschi jarohatlar tufayli tizza va elkasida jarrohlik amaliyotlarini o'tkazdi.

2026 yildagi qaytish
Madrimov qariyb bir yillik tanaffusdan so'ng joriy yilning 24 yanvar kuni Las-Vegasda ringga qaytdi. Uning raqibi Dominikan Respublikasi vakili Luis David Salazar bo'ldi. 10 raund davom etgan jangda Madrimov hakamlarning yakdil qarori bilan g'alaba qozondi. Uchala hakam ham bahsni 99:91 hisobida uning foydasiga baholadi. Bu natija Krouford va Ortisga qarshi ketma-ket ikki mag'lubiyatdan keyin Isroil Madrimov uchun g'alabali qaytish bo'ldi. 30 oktyabrdagi jang esa Madrimovning 2026 yilda ikkinchi bor ringga chiqishi va uzoq tanaffusdan so'ng Toshkentdagi katta arenada o'zbekistonlik muxlislar qarshisida jang qilishi bilan ahamiyatli.
"Kulrang bo'ri" kim?
Seymur Isaev professional ringda "Gray Wolf" — "Kulrang bo'ri" taxallusi bilan tanilgan ozarbayjonlik bokschi. Uning rekordida 15 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyat qayd etilgan. 15 g'alabaning 13 tasi nokaut yoki texnik nokaut bilan qo'lga kiritilgani Isaevning asosiy ustunliklaridan biri zarba kuchi ekanini ko'rsatadi. Isaev faoliyati davomida UBO — Universal Boxing Organization yo'nalishida ham chempionlik jangida qatnashgan. U 2022 yil 24 sentyabrda Muhammad Bilal bilan engil vazn toifasida vakant bo'lgan UBO World kamari uchun ringga chiqib, beshinchi raunddan keyin raqibining jangni davom ettirmasligi natijasida g'alaba qozongan.
Hozircha Madrimov va Isaev jangining aniq vazn toifasi hamda necha raundga mo'ljallangani xabar qilinmagan.
Isroil Madrimov hozir ham jahon reytinglarida yuqori o'rinlarni saqlab turibdi. WBA'ning sentyabrdagi reytingida u super yarim o'rta vaznda 7-o'rinda qayd etilgan, The Ring esa uni 4-o'ringa qo'ygan.
SHu sabab 30 oktyabrdagi jang Madrimov uchun navbatdagi professional bahs bo'lish bilan birga, yuqori reytingdagi mavqeini saqlab qolish nuqtai nazaridan ham muhim. Biroq jang g'olibiga qandaydir rasmiy eliminator maqomi yoki jahon chempionlik kamari uchun majburiy davogarlik berilishi haqida hozircha malumot elon qilinmagan.
Isroil Madrimov — Seymur Isaev
Sana: 30 oktyabr
Manzil: "Humo Arena", Toshkent
Madrimov: 11-2-1, 7 KO
Isaev: 15-2-0, 13 KO
Fikrlar