15 may 19:53
Yangiliklar
Qoraqalpog'istonlik stol tennischilar yuqori marrani ko'zlamoqda
Xususan, qishloq joylarda ham sportning ushbu turi bo'yicha to'garaklar tashkil etilgan bo'lib, ularda shug'ullanayotgan yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Jumladan, O'zbekiston stol tennisi federaciyasi Qoraqalpog'iston bo'limi bugungi kunda mazkur sport turini yanada rivojlantirish bo'yicha bir qator samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Hududdagi bolalar va o'smirlar sport maktabida 15 ta, ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatida bittadan sport to'garaklari faoliyat olib bormoqda. Ushbu to'garaklarda 60 nafar murabbiy jami 2173 nafar o'smirlar, yoshlar va kattalarga stol tennisining sir-sinoatlarini o'rgatib kelmoqda.
O'zbekiston stol tennisi federaciyasi Qoraqalpog'iston va viloyat bo'limlarining faoliyatini samarali tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar bilan taminlash, qishloq, tuman, shahar va viloyatlarda musobaqalarni yuqori saviyada o'tkazish orqali sportchi va murabbiylarning tajribasi va mahoratini oshirib borishga doir ishlarni yanada samarali tashkil etish yuzasidan doimo o'z tavsiyalarini berib kelmoqda.
SHuningdek, davlatimiz rahbari SHavkat Mirziyoevning 2017 yil 9 martdagi qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasi sportchilarini Tokio shahrida (Yaponiya) bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash»ga oid qarori mazkur vazifalarni amalga oshirishda muhim omil bo'lmoqda.
– Qarorda yuqori salohiyatli sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, olimpiyachilarimiz zaxirasini boyitishga alohida etibor qaratilgan, – deydi O'zbekiston stol tennisi federaciyasi Qoraqalpog'iston bo'limi ijrochi direktori Murat Izmuratov. – Respublikamizda stol tennisi bo'yicha o'quv-mashg'ulot jarayonlarini eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, jismoniy, ijtimoiy-psixologik, tibbiy-biologik tayyorgarlikni yaxshilash, bolalar va o'smirlar o'rtasida ushbu sport turini yanada ommalashtirish bo'yicha keng ko'lamli vazifalar belgilangan. Bizga ushbu vazifalarni mukammal bajarishimizga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo'mitasidan minnatdormiz.
Bugun Qoraqalpog'istonda o'z oldiga yuqori marralarni zabt etishdek maqsadlarni qo'ygan yoshlari ko'p. Ayniqsa, stol tennisi bo'yicha Lazzat Nazirboev, Muhriddin Rajabov, SHerzod Yo'ldoshev, Muso Tanatarov, Dilshod Rajabov, Damir Juzbanov, Aziza Askerboeva, Gulnoz Aynazarova, Umida Sobirova kabi yosh istedod egalari mamlakat chempionatlarida doimo shohsupaning yuqori pog'onalaridan joy olib keladi.
– Sportchilarimizning mahoratini oshirishda, federaciyamiz tomonidan biz murabbiylarga o'tkazilayotgan turli xil seminarlar muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi stol tennis bo'yicha Qoraqalpog'iston jamoasi bosh murabbiyi Begdiyar Sariboev. – Stol tennisi qoraqalpog'istonlik yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylandi. SHu sababli ham to'garaklarda mazkur sport turi bilan shug'ullanuvchilar soni ko'paymoqda. SHuningdek, terma jamoa safida iqtidorli sportchilarni saralash ishlari tizimli ravishda yo'lga qo'yilgan. Sport maktablari, tuman va shahar birinchiliklarida yuqori natijalarni qo'lga kiritgan sportchilar, jamoaga qabul qilinadi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ko'plab yoshlar stol tennisiga oshno bo'lmoqda. Ana shunday umidli sportchilarimizdan biri Mang'it shahrining Amudaryo tumanida 2004 yili dunyoga kelgan Lazzat Nazirboevdir.
Lazzatning otasi Abdulla aka o'g'lini sportga bo'lgan qiziqishi sabab, jarohat kam oluvchi va uning har tomonlama komil inson bo'lib voyaga etishi uchun stol tennisi to'garagiga olib boradi. Yosh tennischimiz murabbiylarning ko'rsatmalarini tezda o'zlashtiradi. Bolalar o'rtasida o'tkazilgan turli musobaqalarda mahoratini oshiradi va 2018 yili Nukus shahrida 2004 yilda tug'ilgan va undan kichik o'g'il bolalar o'rtasida o'tkazilgan O'zbekiston chempionatida bronza medalini qo'lga kiritadi. Oradan bir yil o'tib, Jizzax shahri mezbonlik qilgan mamlakat birinchiligida 16 yoshgacha bo'lgan tennischilar o'rtasidagi bahslarda barcha raqiblarini engib, Qoraqalpog'iston terma jamoasiga oltin medalni taqdim etadi.
Hozirda Nukus ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati stol tennisi bo'yicha 9-sinf o'quvchisi bo'lgan L.Nazirboev mashg'ulotlarini muntazam olib bormoqda. Umid qilamizki, Lazzat kelgusida mamlakat sharafini yanada yuksak marralarni zabt etadi.
– O'z yosh toifamda O'zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo'lishdek, baxtga erishganimdan xursandman. Bu g'alabam zamirida, O'zbekiston stol tennisi federaciyasi tomonidan yaratib berilgan sharoitlar, murabbiylarimning aniq ko'rsatmalari va ota-onamning duosi yotibdi. Hozirda karantin holati joriy etilgan bo'lsada, uyimda masofaviy tarzda davom ettirmoqdaman. Biz yoshlarga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman va kelgusida mamlakatimiz bayrog'ini ko'klarga ko'tarish uchun bor-kuch g'ayratimni ishga solaman.
O'zbekiston stol tennisi federaciyasi matbuot xizmati
Fikrlar