10 sen 10:25
Yangiliklar

“Asian Fight-2017”: Batafsil sharh
O'zbekiston pinchak silat federaciyasi tomonidan tashkil etilgan oqshom doirasida miks-silat yo'nalishidagi 8ta jang o'tkazildi. Professional muaytaychimiz, ikki karra jahon chempioni Anvar Boynazarov avia reys bilan bog'liq muammo sabab Toshkentga etib kela olmadi.
Qolgan 8ta jangdan 7tasida hamyurtlarimizning qo'li baland keldi. Birgina engil vazn toifasidagi vakilimiz Ulug'bek Umarov afg'onistonlik sportchiga texnik nokaut evaziga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Qolgan 7 nafar sportchimiz chiroyli g'alabalarni tantana qilishdi.
Dastlab Ayyubxon Kamolov hindistonlik Vikashni muddatidan avval parterdagi ustunlik evaziga taslim etdi. Keyin esa xuddi shunday usul evaziga Isroil Rasulov singapurlik Muhammad Kairini engdi.
Taniqli sportchimiz, bir nechta sport turlarida jahon chempioni, kino aktyor Muhammadali Toshturg'unov uch raund davom etgan bahs yakunida ochkolar hisobiga ko'ra qirg'izistonlik Bektur Mangievdan ustun keldi.
Boksda Bahodir Jalolovga asosiy raqib bo'lishi kutilayotgan Hasanxon Baratov esa rossiyalik Mixail Koldorkinga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va raqibini birinchi raundda texnik nokaut evaziga engdi. Koldorkin ham nokautga qadar jangni yaxshi o'tkazayotgan edi.
Eng og'ir vazn toifasidagi sportchimiz Jasur Mirzamuhammedovning raqibi kiprlik sportchi bo'ldi. Jasur ikkinchi raundda Vartan Aparyanni mag'lubiyatga uchrata oldi. Ahliddin Mirzadavlatov esa qozog'istonlik sportchini birinchi raundda taslim etdi.
Nihoyat, oqshomning markaziy jangiga navbat etib keldi. Unda faoliyatini CHexiyada olib borayotgan hamyurtimiz MMA yo'nalishida jahon chempioni Mahmud Muradov oktagonga ko'tarildi. Uning raqibi ozarbayjonlik Ziya Mirzaev bo'ldi. Jang birinchi raunddayoq Muradovning g'alabasi bilan yakunlandi.
SHu tariqa, uzoq kutilgan “Asian Fight-2017” turniri yakunlandi. “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurgan chamasi 15 000 tomoshabin ajoyib janglar guvohiga aylanishdi. Faqat shouga avvaldan taklif etilgan mehmonlarning kelmagani dillarni xira qildi.
Fikrlar