03 okt 18:31
Yangiliklar

Bahodir Jalolovga Surxondaryo viloyati hokimining sovg'asi - 200 mln so'm topshirildi FOTOGALEREYA
CHempionni Termiz xalqaro aeroportida viloyat hokimligi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari tantanali kutib olishdi.
Yoshlar markazida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federaciyalari mutasaddilari, murabbiylar hamda sportchi yoshlar ishtirokida uyushtirilgan tadbirda viloyat hokimi To'ra Bobolov “O'zbekiston iftixori” unvoni sohibi B.Jalolovning nufuzli chempionatda erishgan g'alabasi, sportdagi yutuqlarini etirof etib, 200 million so'm pul mukofoti va esdalik sovg'alarini topshirdi.


O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi Bahodir Jalolovga boks bo'yicha jahon chempionatidagi munosib ishtiroki uchun qo'mondonlik tomonidan leytenant unvoni berilganligi aytildi.
Malumot uchun, Bahodir Jalolov 1994 yilning 8 iyulida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug'ilgan.


2015 yilda Rossiyada o'tkazilgan boks bo'yicha Jahon kubogida xalqaro miqyosdagi ilk zafarli jangini o'tkazib, oltin medal sohibiga aylangan. U ko'plab xalqaro musobaqalar qatori 2016 yilda Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida o'tkazilgan Yozgi Olimpiya o'yinlari ishtirokchisi hamdir.
Iqtidorli bokschi 2019 yilning aprel oyida AQSHning Nyu-York shtatida o'tkazilgan bahslarda “NABF Junior” titul kamarini, Tailandda bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo'lga kiritgan.
2019 yilning 9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Ekaterinburg shahrida o'tkazilgan boks bo'yicha jahon chempionatida super og'ir vazn toifasiga ega vohadoshimiz o'z faoliyatida ilk bor jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo'ldi.
Uchrashuvda mahoratli bokschi Bahodir Jalolov bunday etibor va g'amxo'rlikka javoban 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o'tkaziladigan yozgi Olimpiya o'yinlarida ham Vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilishini takidladi.







Eslatib o'tamiz, oldinroq Bahodir Jalolovga Termiz shahridan barcha sharoitlarga ega 2 xonali uyning kaliti topshirilgandi.
Fikrlar