09 iyu 08:40
Yangiliklar
Bugun Abduqahhorov WBC Silver kamari uchun ringga chiqadi
Aslida bugungi boks kechasi ertaga o'tkazilishi kerak edi. Lekin promouterlarning o'zaro kelishuviga ko'ra jang muddati bir kun oldinga ko'chirildi.
Etiborlisi, oqshomning hisob bo'yicha ikkinchi markaziy jangi hamyurtimiz ishtirokida bo'lib o'tadi. Faoliyatini mag'lubiyatsiz davom ettirayotgan Qudratillo Abduqahhorov (11-0, 8 KO) WBC Silver chempionlik kamari uchun ringga chiqadi.
Hamyurtimizning yarim o'rta vazn (66,7 kg) toifasida o'tkaziluvchi chempionlik jangidagi raqibi rossiyalik Dmitriy Mixaylenko (22-1, 10 KO) bo'ladi. Qo'rg'ontepalik 23 yoshli bokschimiz professional boksdagi faoliyatini 2015-yilning oktyabrida boshlagan.
2016-yilning mart oyida O'zbekiston chempioni bo'lgan Abduqahhorov o'sha yilning aprelida yarim o'rta vaznda WBF International chempionlik kamarini qo'lga kiritdi. 2016-yilning iyulida esa zimbabvelik CHarlz Manyuchini mag'lub etib, WBC Asian Boxing Council Silver chempioniga aylandi.
Rossiyalik 31 yoshli Mixaylenko esa professional boksdagi ilk jangini 2009-yilning iyulida o'tkazgan. 2012-yilning aprelida Evropa chempionlik kamarini qo'lga kiritgan.
Mixaylenko 2015-yilning aprel oyida venesuelalik Yoxan Peresni engib, WBA-NABA chempionlik kamariga ega chiqdi. O'tgan yilning yanvar oyida Dmitriy amerikalik Karim Meyfildni mag'lub etib, vakant bo'lib turgan USBA chempionlik kamariga ega bo'ldi.
Etiborga molik jihati shundaki, Dmitriy Mixaylenko faoliyatidagi yagona mag'lubiyatini CHarlz Manyuchidan qabul qilib olgan. Aynan shu bokschini Qudratillo Abduqahhorov birinchi raunddayoq nokautga uchratgan edi.
Malumot uchun, Mixaylenko - Abduqahhorov jangi 12 raunddan iborat bo'ladi. Titov Boxing Promotions promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu boks oqshomining markaziy jangi birinchi og'ir vazn (90,7 kg) toifasida o'tkazilib, unda WBA Super World chempioni rossiyalik Denis Lebedev (29-3, 22 KO) avstraliyalik Mark Flenagan (22-4, 15 KO) bilan to'qnash keladi.
Kecha bokschilarni tarozidan o'tkazish marosimi bo'lib o'tdi.
Zaur Abdullaev – 62,5 kg / Mao Kavanishi – 62,3 kg
Muxammadxucha Yakubov – 60,9 kg / Daiki Ichikava – 60,85 kg
Mark Urvanov – 57,2 kg / Jin Miura – 56,7 kg
Pavel Malikov – 61,15 kg / Daiki Kaneko – 60,8 kg
Dmitriy Mixaylenko – 66,35 kg / Qudratillo Abduqahhorov – 66,3 kg
Denis Lebedev – 90,45 kg / Mark Flenagan – 90,35 kg
Fikrlar