14 noy 08:44
Yangiliklar
Zagreb Grand Prix 2026. Diyora Keldiyorova yana shohsupada!
Musobaqaning ilk kuni erkaklar o'rtasida -60, -66 kg, ayollarda esa -48, -52 va -57 kg vazn toifalarida g'olib hamda sovrindorlar aniqlandi. Zagreb Gran-prisida O'zbekiston terma jamoasining besh nafar vakili yurtimiz sharafini himoya qilishi haqida xabar bergan edik.
Quvonarlisi, Parij Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova musobaqaning bronza medalini qo'lga kiritdi. -52 kg vazn toifasidagi vakilamiz ilk davrada qozog'istonlik Arujan Erejepova, ikkinchi bosqichda marokashlik Sumiya Iraoui, 1/4 finalda kosovalik Fatjona Kasapini mag'lubiyatga uchratib, yarim finalga yo'l oldi. Final ostonasida reytingda 7-o'rinni egallab turgan vengriyalik Roza Dertyashga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa franciyalik Blandin Pontdan ustun keldi.
Taqqoslash uchun, ikki yarim yillik tanaffusdan so'ng faoliyatini qayta tiklagan Keldiyorova IJF reytingida 97-pog'onadan joy olgan. Zagrebdagi muvaffaqiyatli ishtirok unga 350 reyting ochkosini ham taqdim etdi. Bu Diyora uchun o'zi qatnashgan oxirgi uchta turnirdagi ikkinchi medal bo'ldi. Keldiyorova Aktaudagi musobaqada chempionlik shohsupasiga ko'tarilgan edi.







Fikrlar