28 may 13:38
Yangiliklar

CHempionlik sari odimlayotgan Isroil Madrimov: kelasi janglar qanday bo'lishi mumkin?
U hozirga qadar professional boksda 5 ta jang o'tkazib, ularning barchasida raqiblarini muddatidan oldin mag'lubiyatga uchratdi. Isroil Madrimov oxirgi jangida CHarli Navarroga qarshi WBA Eleminator jangida ringga chiqib, raqibini 6-raundda muddatidan oldin taslim etdi va WBA yo'nalishida chempionlik kamari uchun ikkinchi raqamli majburiy davogar maqomini qo'lga kiritdi. Ho'sh, o'zi 2-raqamli davogar nima degani? Birinchi raqamli davogar kim? Isroil keyingi jangini chempionlik kamari uchun o'tkazadimi? Ushbu tahliliy maqolada yuqoridagi savollarga javobini izohlab berishga harakat qilamiz.
Avvalo ushbu vaznda asosiy jahon chempionlik kamari sohiblari bilan tanishib chiqamiz. Birinchi o'rta vaznda WBC chempioni Jermell CHarlo ( 33-1 17KO) , WBA Super va IBF chempioni Xeyson Rosario (20-1 14KO), WBO chempioni esa Patrik Teishera (31-1 22KO) hisoblanadi.
SHu bilan birgalikda WBA Regular (muntazam chempion deb aytiladi va nufuz jihatdan asosiy super chempiondan keyingi jahon chempionlik kamari) chempioni Erislandy Lara (26-3 15KO) hamda WBA Gold chempioni Maykl Soro (35-2 24KO)lardir. Eng nufuzli WBA super kamari imtiyozli kamar bo'lib, Rosarioning majburiy himoya muddati birmuncha uzoqroq bo'ladi va davogar tashkilot tomonidan alohida belgilanadi. Bu orada Regular chempion o'z kamarini majburiy himoya qilishi kerak. WBA Gold kamari «Regular» kamardan keyingi nufuzda turib, jahon chempionlik kamari majburiy himoya muddati kelganda davogarlikni taqdim etuvchi kamar hisoblanadi. Bu kamar barcha vaznlarda tasis etilmagan va bunday vaznlarda reytingda 1-pog'onaga saralash asosida chiqarilgan bokschi davogar deb elon qilinadi. Endi o'z-o'zidan malumki, Erislandi Laraga tegishli bo'lgan WBA Regular jahon chempionlik kamari uchun birinchi raqamli davogar WBA Gold chempioni Maykl Soro va 2-raqamli davogar - hamyurtimiz Isroil Madrimov.
Ho'sh endi ushbu vaznda ehtimoliy janglar haqida fikr yuritsak. WBA Super va IBF chempioni Risario o'zingining navbatdagi jangini WBC chempioni Jermell CHarloga qarshi o'tkazish niyatida ekanligini aytib o'tgan. Ikkala bokschi ham El Haymonga boshqaruvidagi «Premier Boxing Champions» promoutorlik kompaniyasi mijozi ekanligini hisobga olsak, ushbu jangni tashkil etish u qadar muammo tug'dirmaydi. Ammo IBF yo'nalishida majburiy davogar, rossiyalik Bahram Murtazaliev (17-0 13KO) ham bor va IBF himoya jangiga buyurtma berishi ham mumkin. Demak Rosario keyingi jangini Jermell CHarlo yoki Bahram Murtazalievga qarshi o'tkazishi mumkin. WBO tashkiloti esa chempion Patrik Teisherani davogar Brayn Karlos Kastanoga (16-0-1 12KO) qarshi himoya jangiga buyurgan va jang sanasi ham aniq bo'lgan edi. Ammo pandemiya sabab jang bekor qilindi. Demak, WBO chempioni Patrik Teishera keyingi jangini pandemiya tugagach Kastanoga qarshi o'tkazadi.
Hamyurtimiz Isroil Madrimov Erislandi Lara va Maykl Soroga jang qilish uchun takliflar yuborilgani va javob kutilayotganligini aytib o'tgan edi. Lekin, vaziyatga real yondoshsak ushbu bokschilar majburiyat bo'lmagan vaziyatda jangni qabul qilishlari imkonsiz. Qolaversa, WBA Regular chempioni Erislandy Lara WBA Gold chempionlik kamari sohibi va birinchi raqamli majburiy davogar Maykl Soroga qarshi majburiy himoya jangini o'tkazishi kerak. Ana o'sha jangdan so'ng esa Isroil Madrimov jang g'olibiga qarshi birinchi raqamli majburiy davogarga aylanadi. Agarda Erislandi Lara Soroga qarshi majburiy himoya jangidan bosh tortsa, o'ziga tegishli WBA Regular chempionlik kamarini vakant qilishi kerak bo'ladi va bu vaziyatda WBA birinchi va ikkinchi raqamli davogarlar Maykl Soro va Isroil Madrimovga vakant WBA Regular kamar uchun jang qilishga buyuradi. Yoki boshqa bir variant ham bor.
Agarda Lara va Soro jang qilish bo'yicha kelishuvga erishsa va WBA Interim, yani vaqtinchalik jahon chempionlik kamarini tasis etsa, u holda ushbu kamarga reytingda mos ravishda birinchi va ikkinchi pog'onada turgan sobiq jahon chempioni Jerrat Hard va hamyurtimiz Isroil Madrimov jangiga buyruq berishi mumkin.
Isroil Madrimov intervyusida Tokio Olimpiadasiga qatnashish niyatida ekanligini, ammo chempionlik jangiga vaqtliroq kelishuvga erishsa Amerika Qo'shma SHtatlariga qaytib mashg'ulotlarni boshlab yuborishini aytib o'tgan edi. Barcha holatdan kelib chiqqan holda shuni aytishimiz mumkinki, Isroil Madrimovning navbatdagi jangi uchun ehtimoli yuqori bo'lgan ikki variant bor:
1. Isroil Madrimov chempionlik jangiga qadar yana bitta reyting jangi o'tkazish.
2. Erislandy Lara kamarni vakant qilgan holda ushbu vakant kamar uchun birinchi va ikkinchi raqamli davogarlar Maykl Soro hamda Isroil Madrimov jangiga buyruq berilishi.
Agar Lara va Soro kelishuvga erishib, ikkinchi tomondan WBA vaqtinchalik chempionlik kamarini tasis etsa unda reytingda birinchi va ikkinchi pog'onadagi Jerrat Xard va Isroil Madrimov jangiga buyruq berilishi ehtimollari mavjud. Ammo nisbatan haqiqatga yaqini - Isroil Madrimov WBA majburiy himoya jangiga buyurmaguniga qadar yana bir bor reyting jangida ringga chiqadi va undan so'ng esa chempionlik kamari uchun jangga tayyorgarlik boshlab yuborilishini taxmin qilish mumkin. Qanday to'xtamga kelinishidan qatiy nazar hamyurtimizga omad va faqat g'alaba tilaymiz. Bizda hozircha shular.
Boxer_TV kanali admini Jalol Axmedov tayyorladi
Fikrlar