So’nggi yangiliklar

04:14UFC Нурсултон Рўзибоевнинг навбатдаги жангини эълон қилди (+ПОСТЕР) 0 19:02Шавкат Раҳмонов қачон октагонга қайтишини айтди 0 18:39"UFC 318 турнири у учун ташкил этилмоқда" — Дана Уайт 0 18:17Усман: "Бундан қутилишим керак эди" 0 17:53Бэйл Англия клуби эгаларидан бирига айланиши мумкин 0 17:26Махачевнинг мураббийи: "Яримўрта вазнга ўтиш режаси Топурия пайдо бўлгунича ҳам бор эди" 0 17:01Топурия – Оливейра тўқнашуви учун захира жангчиси маълум 0 16:38Германияда ҳали мағлубиятга учрамаган боксчи ўлдириб кетилди 0 16:16Уч нафар ўзбекистонлик футболчи Англия клубида кўрикдан ўтиш учун жўнаб кетди 0 15:52UFC on ESPN 69 турнири иштирокчилари гонорарлари эълон қилинди: Усманда энг кўпи эмас 0 15:30Нигина Абдураимова узоқ йиллардан кейин терма жамоа сафида! Теннисчиларимиз Billie Jean King Cup турниридаги иштирокини бошлади 0 15:08Ислам Махачевнинг ММАда яна нечта жанги қолгани айтилди 0 14:45Неймарнинг келажаги маълум 0 14:24Новак Жокович: "Менга мотивация бериб турадиган биргина мусобақа қолди" 0 14:03Эдди Хирн Энтони Жошуанинг эҳтимолий рақибларини санади 0

05 dek 17:39
Yangiliklar

Futbol

FIFAning navbatdagi "evrikasi". Klublar yana dam olmaydi, bundan ko'pchilik norozi

Teglar :  FIFA
Terma jamoalar o'rtasidagi Jahon chempionati ishtirokchilarini 48taga etkazgan FIFA yangi ishga qo'l urib, klublar o'rtasidagi JCH ishtirokchilarini 32taga etkazdi.

SHunday qilib har yil o'tkazib kelingan klublar o'rtasidagi Jahon chempionatidan voz kechiladi va bu musobaqa 32ta klub ishtirokida har to'rt yilda bir tashkil qilinadi. Yangi formatdagi ilk musobaqa kelasi yilning 15 iyunidan 13 iyuliga qadar AQSHda o'tkaziladi.

Malumki, har yil barcha qitalar o'z CHempionlar Ligasini o'tkazib kelmoqda. FIFAning yangi turnirida oxirgi 4 yildagi chempionlar klublar o'rtasidagi JCHda qatnashadi. Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, 2005 yildan beri har yil dekabr oyida klublar o'rtasidagi Jahon chempionati o'tkazib kelinayotgandi. 2016 yil FIFA prezidenti Janni Infantino ilk bor ishtirokchilar sonini ko'paytirish hamda musobaqa formatini o'zgartirish taklifini o'rtaga tashladi. Oradan uch yil o'tib 32talik format tasdiqlanadi va musobaqani iyun-iyul oylarida o'tkazish varianti belgilab olindi.

Keyinchalik pandemiya yuz berdi, karantin sabab ko'p davlatlar yopildi. Hech kim musobaqani o'zida qabul qilishga xayrixohlik bildirmadi. Masalan, 2019 yil yangicha formatdagi turnir Xitoyda bo'lib o'tishi kerak edi, lekin Xitoy rad qildi. 2023 yilning iyun oyida klublar o'rtasidagi JCHni AQSHda o'tkazishga kelishib olindi hamda 32ta klub 4tadan 8 guruhga bo'linishi haqida qaror qabul qilindi. SHunda har bir guruhdan 1-2 o'rinlar keyingi bosqichga chiqadi.




Ishtirokchilar

Bugungi kunga kelib yangi formatdagi musobaqaning barcha qatnashchilari malum hamda jamoalar savatchalarga bo'lingan. Darvoqe bugun qura tashlash marosimi bo'lib o'tadi. Qura jarayonida FIFA imkon qadar bir konfederaciyadagi jamoalarni bir-biriga tushirmaslikka harakat qiladi. Quyida qaysi konfederaciyaga nechta o'rin berilganini keltirib o'tamiz.

UEFA (Evropa) - 12ta
"CHelsi" - ECHL 2020/21 g'olibi
"Real" - ECHL 2021/22 va 2023/24 g'olibi
"Manchester Siti" - ECHL 2022/23 g'olibi
"Bavariya" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
PSJ - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Inter" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Portu" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Benfika" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Borussiya D" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Yuventus" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Atletiko" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Red Bull Zalcburg" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab

KONMEBOL (Janubiy Amerika) - 6ta
"Palmeyras" - Libertadores Kubogi 2021 g'olibi
"Flamengo" - Libertadores Kubogi 2022 g'olibi
"Fluminense" - Libertadores Kubogi 2023 g'olibi
"Botafogo" - Libertadores Kubogi 2024 g'olibi
"River Pleyt" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Boka Xuniors" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab

OFK (Osiyo) - 4ta
"Al Hilol" - OCHL 2021 g'olibi
"Urava Reds" - OCHL 2022 g'olibi
"Al Ayn" - OCHL 2023/24 g'olibi
"Ulsan Xyunday" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab

KONKAKAF (Markaziy va SHimoliy Amerika) - 4ta
"Monterrey" - KONKAKAF chempionlar ligasi 2021 g'olibi
"Sietl Saunders" - KONKAKAF chempionlar ligasi 2022 g'olibi
"Leon" - KONKAKAF chempionlar ligasi 2023 g'olibi
"Pachuka" - KONKAKAF chempionlar ligasi 2024 g'olibi

KAF (Afrika) - 4ta
"Al Ahli" - Afrika chempionlar ligasi 2020/21, 2022/23, 2023/24 g'olibi
"Vidad Atletik" - Afrika chempionlar ligasi 2021/22 g'olibi
"Esperanse de Tunis" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab
"Mamelodi Sandauns" - oxirgi 4 yillikdagi reytinga qarab

OKEANIYA (Okeaniya) - 1ta
"Oklend Siti" (Yangi Zelandiya) - Oxirgi 4 yilda Okeaniya CHempionlar ligasi g'olibi

Mezbon - 1ta
"Inter Mayami" (AQSH) - MLS 2024 g'olibi


Savatchalar malum

FIFA barcha ishtirokchilarni aniqlab olganidan so'ng jamoalarni savatchalarga bo'lib chiqdi. Demak, klublar 8tadan 4ta savatga bo'lingan.

1-savat: "Manchester Siti", "Real", "Bavariya", PSJ, "Flamengo", "Palmeyras", "River Pleyt", "Fluminense".

2-savat: "CHelsi", "Borussiya D", "Inter", "Portu", "Atletiko", "Benfika", "Yuventus", "Red Bull Zalcburg".

3-savat: "Al Hilol", "Ulsan Xyunday", "Al Ahli", "Vidad Atletik", "Monterrey", "Leon", "Boka Xuniors", "Botafogo".

4-savat: "Urava Reds", "Al Ayn", "Esperans de Tunis", "Mamelodi Sandauns", "Pachuka", "Sietl Saunders", "Oklend Siti", "Inter Mayami".




Masalaning asl mohiyati

Masalaning asl mohiyati shundaki, musobaqa keng formatda hamda yoz oylarida bo'lib o'tishi etakchi klublarga yoqmayapti. Masalan, "Real" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti klub ushbu musobaqada qatnashmasligini aytgandi. Ammo keyinchalik FIFAdan bosim bo'ldi shekilli, darhol klub matbuot xizmati "Real" FIFA qarorini hurmat qilishini va ushbu musobaqada ishtirok etishini malum qildi.

Muammo shundaki, yozda deyarli barcha klublar tatilga chiqadi. SHundoq ham futbolchilar yil bo'yi ko'plab musobaqada to'p tepyapti. Va ular uchun klublar o'rtasidagi Jahon chempionatini dekabrda, 7ta jamoa ishtirokida o'tkazish varianti maqul edi. Musobaqa uzoqqa cho'zilmasdan tugardi. Endi bo'lsa bir oylik turnir bo'ladi. Xuddi 32ta terma jamoa ishtirokida har 4 yilda o'tkazib kelingan Jahon chempionati kabi.

Savol: etakchi klublarning bu paytda dam olgani maqulmi yoki o'ynaganimi? Axir iyun-iyul oylarida ko'pchilik yozgi tatilga chiqib ketadi. Qolaversa, Evropaning aksar klublari endi yangi mavsumga tayyorgarlik olib borayotgan bo'ladilar. SHu bois Kevin de Bryuyne va boshqalar bejizga aytgani yo'q: "Tepadagilar faqat pulni o'ylayapti, ularning futbolchilar bilan ishi yo'q".

Translyaciya va homiylik masalasi


FIFAning maqsadi ishtirokchilar sonini 32taga oshirib hammani o'ziga qaratishmi yo oddiy qilib aytganda pul ishlashmi? Pul ishlash uchun translyaciya va homiylar bo'lishi kerak. Translyaciya bo'yicha FIFA uch marta yirik kompaniyalarga murojaat qildi va dastlabki ikkisi samarasiz bo'ldi. CHunki ko'pchilikka bu format va ayniqsa musobaqa o'tkaziladigan muddat yoqmadi. Va oxiri Britaniyaning DAZN kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi.

Yana bir sababi shundaki, 2025 yilning 12 iyun - 5 iyul oralig'ida o'smirlar o'rtasida Evropa chempionati hamda 14 iyun - 7 iyul oralig'ida terma jamoalar o'rtasida KONKAKAF Oltin Kubok musobaqasi bo'lib o'tadi. Bu musobaqani Kanada va AQSH birgalikda qabul qiladi va kuchli terma jamoalar qatnashadi. Tabiiyki bu payt amerikaliklar xayoli o'z terma jamoalariga qaratilgan bo'ladi.

Albatta, bu ham FIFAni o'ylantirmay qo'ymayapti. Oktyabr oyida La Liga prezidenti Xaver Tebas bayonot berib ochiqchasiga FIFAni tanqid qildi. Uning aytishicha, yangicha formatdagi klublar o'rtasidagi Jahon chempionati mutlaqo hech kimga qiziq emas. "Hurmatli, FIFA prezidenti, Siz bu turnir hech kimga kerak emasligini juda yaxshi tushunib turibsiz. Sizda homiylar yo'q. Bu musobaqani kasaba uyushmalari ham, klublar ham, futbolchilar ham xohlamayapti. Darhol bu tartibsizlikni to'xating", - deya fikr bildirgan La Liga rahbari.

Stadionlar masalasi


Hozirgi paytga kelib ushbu musobaqa AQSHning 12ta stadionida bo'lib o'tishi malum qilingan. FIFA endilikda stadionlar sig'imi kattaligi bilan odamlarni hayron qoldirishga urinyapti. CHunki birgina finalga mezbonlik qiladigan Nyu Yorkdagi "Metlayf Stedium" o'z bag'riga 82,500 tomoshabinni sig'dira oladi. Mayli, sig'imi kattadir, lekin futbolga unchalik qiziqmaydigan amerikaliklar shu kuni stadionni to'ldira olarmikan.

Va yana eng muhimi, mashhur yulduz futbolchilar bu payt yozgi tatilga chiqishni xohlab qolsa nima bo'ladi? Klublar majbur turnirga olib ketadimi yoki ikkinchi tarkib bilan boradimi? Xullas ushbu musobaqa atrofidagi savollar nihoyatda ko'pki, FIFA faqat o'z fikrini maqullash bilan ovora. Bu o'rinda klublar bilan hech kimning ishi yo'qdek go'yo.

X.Xoliqov.

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing