24 jan 14:17
Yangiliklar
"Har qanday holatda ham Rossiya klubi taklifini rad etardik". Husanovning agenti bilan katta suhbat
Gayrat Xasbiullin – Ulug'bek Asanbaev bilan bir qatorda Abduqodir Husanovning avvaliga Belarusning "Energetik" klubidan Franciyaning "Lans" jamoasiga, so'ng esa "Lans"dan Angliyaning "Manchester Siti"siga o'tishini amalga oshirishda mehnat qilgan inson. Agent Rossiyaning "CHempionat" nashriga bergan intervyusida futbolchining aql bovar qilmas yo'li haqida gapirdi.
"Skaut Husanovda MYU DNKsi borligini aytdi"
- "Siti"ning qiziqishi qachon paydo bo'ldi?
- 2024 yil noyabr oyining oxirida. Bizga skautlar o'yinni ko'rgani kelgani haqida malumot kelib tushdi. "Lans" "Siti" faol qiziqish bildirayotganini malum qildi. Dekabrning boshida jiddiy muzokaralar boshlandi. Jami 12 ga yaqin APL jamoasi qiziqish bildirdi. Ular orasida "Siti" ham bo'lishi aniq edi. Yana bir jihati, hamma klublar ham taklif bilan chiqish imkoniyatiga ega emasdi, chunki ular moliyaviy feyr-pley tufayli cheklovlarni boshdan kechirayotgandi. "Siti"da bunday muammo yo'q edi, shuning uchun ular tezda "Lans"ni 40 mln evro va 10 mln evro bonuslar to'lashga ko'ndirishdi. Faqat biz bilan kelishib olishgina qolgandi.
- Husanovni qo'lga kiritishga hammadan yaqin kelgan jamoa qaysi edi?
- "Nyukasl" kelishuvga juda yaqin edi. U hatto favoritlardan biri bo'ldi, keyin esa "Siti" bilan poygada yutqazdi. Tushunishimcha, moliyaviy feyr-pley o'z tasirini ko'rsatdi. Ularga vaqt ham etishmadi. Ehtimol, ular avvalroq taklif bilan chiqqanida kelishuv amalga oshardi. "Siti" "Lans"ga shunchalik bosim o'tkazdiki, shunga o'xshash taklif bilan chiqish qiyin bo'lib qoldi. Franciyaliklarning bu qutqaruv puliga muhtojligi ham muhim rol o'ynadi.
- Qutqaruv puli?
- Yozda "Lans"ning transferlari barbod bo'ldi. Danso va El-Aynaui klubda qoldi – 50 mln evro zarar. SHuningdek, translyaciyalardan tushgan pullar ham kamaydi va moliyaviy feyr-pleydagi teshikni yopish kerak edi. Bu 50 mln evroni zudlik bilan qoplash zarurati tug'ildi. Kutilmaganda Husanovning transferi klub uchun najot bo'lib xizmat qildi. Albatta, biz xudbinlik qilib, rad etishimiz va yozni kutishimiz mumkin edi, chunki u bir maromda o'ynayotgan va hammasi yaxshi ketayotgandi, lekin "Lans" biz uchun ko'p narsa qilganini inobatga oldik. Biz vaziyatni to'g'ri tushundik. O'zingiz ham payqagandirsiz, ushbu o'tish borasida hech qanday intriga, mish-mish yoki boshqa narsalar vujudga kelmadi.
- OAVda Xusanovga "Tottenxem", "Real", "CHelsi", PSJ klublari qiziqish bildirayotgani haqida malumotlar paydo bo'ldi...
- Germaniya klublari uni sotib olishni xohladi. "Bavariya"dan boshqa barcha top-jamoalari. Gap "Leypcig", "SHtutgart", "Bayer" va "Borussiya" Dortmund haqida ketmoqda. SHuningdek, Italiyaning bazi top-klublarida ham qiziqish mavjud edi.
- Birinchi bo'lib qaysi klub qiziqish bildirgan?
- MYU. 2023 yilning may oyida "Yunayted" skauti Nikolas CHenalli Argentinadagi U-20 Jahon chempionatiga keldi. O'zbekistonning turnirdagi ikkinchi o'yinidan so'ng u men bilan aloqaga chiqdi va uchrashish istagida ekanligini aytdi. Bu paytda men ham Argentinada edim – Buenos-Ayresda uchrashish haqida o'ylagandik, ammo o'yinlar tufayli bu reja o'xshamadi. Keyin u Rosarioda faqat bir kun qolib, keyin uchib ketishini malum qildi. Men sheriklarim bilan ko'chaga chiqib, taksida Buenos-Ayresdan Rosarioga yo'l oldim.
- Haydovchi nimalar dedi?
- Haydovchi yo'lga uch soat vaqt ketishini aytdi. Men 300 dollar beraman, deb javob berdim. Bu erda Argentinadagi valyuta bilan bog'liq qiyin vaziyatni hisobga olish kerak. Taksi haydovchisi rozi bo'ldi va o'tirishimizni aytdi. Championat.asia'ning ikki xodimi men bilan birga edi, biz Messi tug'ilgan shaharga bordik. Haydovchi "River Pleyt" muxlisi bo'lib chiqdi. Yo'l davomida tarjimon orqali futbol haqida gaplashib ketishga harakat qildik, men ozgina ispanchani bilishim foyda berdi. Biz Rosario restoranida joy buyurtma qilgandik. MYU skauti kelib, tashrif qog'ozini berganida, haydovchi dovdirab qoldi: "Sizlar kimsizlar o'zi?"
- MYU skauti bilan uchrashuvga taksi haydovchisini taklif qildingizmi?
- U 3 soat mashinada o'tirishi kerakmidi? Bu sal noqulay. Bundan tashqari, u ingliz tilini bilmasdi va uchrashuvda hech qanday maxfiy narsa muhokama qilinmayotgandi. Biz haydovchi bilan do'stlashib qolgandik va u keyinchalik bizni Maradonaning uyi va qabristoniga olib bordi. Championat.asia fotografi haligacha taksi haydovchisi bilan yozishib turadi.
- Skaut qanday fikr bildirdi?
- Husanovda "Manchester Yunayted" DNKsi borligi takidladi. Aynan o'sha paytda men uning top-klubda paydo bo'lishini tushunib etdim.
- Nega MYU bilan ish chiqmadi?
- Skaut batafsil hisobot tayyorlagan, ammo murabbiy Ten Hag o'sha paytda himoyachi jamoaga yordam berishga tayyor emasligini aytgan. Yaqinda "Manchester Yunayted"ning o'sha skauti bilan bog'landik. U "Siti"ga transfer bilan tabrikladi, biroq futbolchi "Yunayted"ga o'tmaganidan afsuslandi.
"Bir kunda to'rtta reys bor edi. Imkon qadar variantlarni ishlab chiqish kerak edi"
- Keling, "Siti" mavzusiga qaytamiz. Jamoada Diash, Ake, Akanji, Stounz va Gvardiol bor. Husanovsiz ham ikki poziciyaga besh kishi bor edi. Qolaversa, akademiyadan Simpson-Pyuzi asosiy tarkibga qo'yilmoqda va "Palmeyras"dan Reys transfer qilindi. Hatto barcha jarohatlar bilan ham, bu haddan tashqari ko'p bo'lib ko'rinmoqda...
- Menimcha, hech kim o'yinchini 50 mln evroga olib, ijaraga yubormaydi. Tarkibda ko'rilmayotgan futbolchiga bunday pul sarflanmaydi.
- "Siti"ning boshqa himoyachilari ham qimmatga tushgan...
- Eshitganimizdek, klub chempion jamoadan boshqa ko'rinishdagi jamoa sifatida qayta qurilmoqda. Gvardiola faoliyatida birinchi marta bu ishni qildi. Yosh va tezkor markaziy himoyachilarni xarid qilish jarayoni aynan shu bilan bog'liq. Bazi o'yinchilar kerakli tezlikka ega bo'lmasliklari mumkin, Diash esa tez-tez jarohat oladi. Gvardiola ikki eng istiqbolli markaziy himoyachiga ko'z tikdi. Murabbiy Xusanovga qiziqish bildirayotganini tushundik.
- Husanovning ingliz tilini bilish darajasi qanday?
- U ikki oy oldin til o'rganishni boshlagan. Dastlab biz olti oy vaqtimiz bor deb o'yladik. Futbolchi mavsum oxirigacha "Lans"da ijarada qoladigandek tuyulgandi. Keyinroq biz "Siti" futbolchini qo'lga kiritish niyati jiddiyligini angladik.
- Umumiy muzokaralar qiyin kechdimi?
- Jamoamiz har kuni bunday transferlarni amalga oshiravermasligi aniq. Umuman olganda, hammasi tez o'tdi – "Lans"da ham, "Siti"da ham katta istak bor edi. Belarusning "Energetik" jamoasidan "Lans"ga borish qiyinroq. Bir kunda uch-to'rtta klubdan taklif kelib tushsa, kelishuvga erishish osonroq.
- Muzokaralar uchun tez-tez parvoz qilib turarmidingiz?
- Bir marta bir kunga to'rtta reys to'g'ri kelgandi.
- Qanday qilib?
- Biz Parijdan ertalab soat 4:00 da uchdik. Ertalab Germaniyada uchrashuv bo'ldi. Keyin Germaniyaning boshqa shahriga bordik. SHundan so'ng Parijda yana biroz suhbatlashdik va mashinada Lansga bordik. Hamkasbimda yanada qiziqarli sarguzasht bo'ldi – u Madridda edi, chunki Lazizbek Mirzaev "Leganes"da ro'yxatdan o'tayotgandi. Madridda uyg'ongani, Germaniyada nonushta qilgani, boshqa nemis shahrida tushlik qilgani, Parijda kechki ovqatni eb, Lansda tunaganini aytib, u bilan hazillashdim. Yakuniy so'z futbolchi va uning ota-onasida qolar, ammo biz imkon qadar variantlarni ishlab chiqishimiz kerak edi.
"Xusanov har qanday holatda ham Rossiyada paydo bo'lmagan bo'lardi"
- Husanov APLdagi o'zbekistonlik birinchi futbolchi. Bunday kelishuv kelajakda ushbu mamlakat futbolchilariga etibor kuchayishiga olib keladimi?
- Kelajakda emas, hozirdanoq biz Evropa tomonidan talab borligini sezyapmiz. Va bu o'n baravar ko'paydi. Ular doimo qiziqib, turli savollar berishadi. Agentligimiz endigina ochilganida, futbolchilarning profayli bilan Evropa bo'ylab yurganman. Qiziqish ancha sust edi, jumladan, Husanovga ham. Evropaning top-klublaridan birining bosh skauti shunday degan edi: "Beshta etakchi chempionatda O'zbekistondan bo'lgan hech bo'lmaganda bir nafar futbolchini ko'rsat. O'shanda sen bilan gaplashamiz". O'shanda SHomurodovning A Seriyaga o'tish jarayoni davom etayotgandi, ammo hali amalga oshmagandi. Hozir o'sha jamoaning sport direktori menga murojaat qilib, Husanovga qiziqishayotganini bildirdi. Men unga bir paytlar uning klubi bu himoyachini ko'rib chiqishdan bosh tortganini aytdim. Men u bosh skautning ish faoliyatini xavf ostiga qo'ymaslik uchun ismini oshkor etmadim.
- Husanov bilan qanday tanishgansiz?
- Mening katta sherigim Ulug'bek Asanboev bor. Uning sharofati bilan himoyachining "Energetik"ka o'tishi amalga oshgan. O'shanda men Husanovni hali tanimasdim. U haqida birinchi bo'lib Belarusning ushbu klubida o'ynagan mijozim Bobur Abdixoliqovdan eshitgandim. O'sha paytda Husanov yoshi kichikligi bois "Energetik"da ham o'ynay olmasdi. O'zbekiston milliy terma jamoasida o'ynagan Abdixoliqov "U top-futbolchi", degandi. SHunda Asanbaev yigitni qanotim ostiga olishimni taklif qildi.
- Siz va Asanbaev Husanovning vakillarimisiz?
- Ha. Asanboev sport qismini boshqaradi va o'yinchilarni rivojlantirish bo'yicha qarorlar qabul qiladi, men esa klublar bilan xalqaro munosabat va aloqalar o'rnatishga masulman. Bizda futbolchilar atrofida birlashgan jamoa bor. Bundan tashqari, bir nechta agentlar, skaut, huquqshunos va hatto chet tili o'qituvchilari ham bor. Husanovni Evropa jamoalariga taklif qila boshladik. O'shanda Rossiyaning bazi klublari ham qiziqish bildirishgan.
- SHu haqda batafsil malumot berib o'tsangiz...
- Katta istak yo'q edi. "Belarus chempionatidagi o'zbekmi?", deya past baholashgan. Biz bu paytda allaqachon "Lans" bilan muzokaralar olib borayotgandik. Rossiya klublaridan biri haqiqatan ham qiziqdi va yaxshigina pul ham taklif qilgandi.
- Yaqinda CSKA sobiq sport direktori Movsesyan Husanov bo'yicha "Energetik" bilan bog'langanini aytdi...
- Men Rossiyaning boshqa jamoasi haqida gapiryapman. Bu top-klub emasdi, lekin yirik taklif bilan chiqqandi. Juda katta summa vada qilingan. Transfer va agentlik to'lovlari taxminan 10 baravar yuqori edi. Ehtimol, ko'plab agentlarga bu miqdor manzur kelardi, lekin biz Evropa orqali rivojlanish yo'lini tanladik. Ko'ryapmanki, rossiyalik mutaxassislar "RPL klublari bolani qanday qilib ko'zdan qochirishdi", deya g'azablanishyapti. Aytishim mumkinki, biz har qanday holatda ham rad qilgan bo'lardik. Qizig'i, FNLdan ham so'rovlar kelib tushgandi.
- Klub nomini ochiqlay olasizmi?
- "Alaniya" sport direktori Timur Demurov "Sizda yaxshi futbolchi bor, klubimiz RPLga chiqishni istayapti, degandi". Biz yaxshi munosabatlarga egamiz, lekin men unda hech qanday imkoniyat yo'qligini tushuntirdim. "Lans"ga o'tishiga taxminan 3 hafta bor edi, Husanov faoliyatini Franciyada davom ettirishini allaqachon bilardik. Uni tabriklab, "Alaniya" ajoyib klublar orasida ekanligini aytdim. O'shanda himoyachiga "Fenerbaxche" va "Sautgempton" jamoalari qiziqayotgandi.
"Husanov butun restoran u bilan suratga tushib bo'lmagunicha ketmadi"
- Husanovni o'z ko'zingiz bilan ko'rganingizda nimasi bilan ajralib turgandi?
- Kontrast. Maydonda haqiqiy jangchi, lekin hayotda kamtarin yigit. Kundalik hayotda og'ir-bosiq. Uyatchanligi uchun intervyu bermaydi. Unga jurnalist bilan 10 daqiqa gaplashgandan ko'ra, PSJga qarshi 90 daqiqa o'ynash osonroq. SHu bilan birga, uning o'yindagi haybati qo'rqinchli. Uning ko'plab o'yinlarida qatnashganman. U kimnidir ko'zlab olganini payqasam, hujumchi uchun hammasi tamom ekanligini darhol tushunaman. Husanov yakkakurashga kirishish vaqti kelganini sezadi. "Lans" sobiq bosh murabbiyi Frank Ez ikkinchi mashg'ulotdan so'ng shunday degandi: "U 25 yoshli yigitdek harakat qiladi". Umuman olganda, jamoadagilarning barchasi unga juda yaxshi munosabatda bo'lishdi.
- Misollar bormi?
- Futbolchilarning qo'llovi doim sezilib turardi. Frankovski uni har doim mashg'ulotlarga o'zi bilan birga olib ketardi. Samba va Danso qarorgohda yordam berib, ukasidek munosabatda bo'lishgan. Hatto bu o'yinlarda ham ko'rinardi, uni o'ylab, bosim ostida to'pni uzatishmasdi.
"Lans"da ajoyib muhit hukm suradi. Muxlislar bilan bog'liq yoqimli lahzalar ham ko'p. Uydagi o'yindan keyin bir qiziq voqea sodir bo'lgandi.
- Aytib bering...
- Bu Husanov to'liq o'ynagan dastlabki o'yinlardan biridan keyin bo'lgandi. Men unga aytdim: "Yaxshi bir restoranga ovqatlangani borasiz, sen bunga loyiqsan". U o'ylab ko'rdi va "Istanbul gril" deb nomlangan kichik tamaddixonaga shaurmaga borishni taklif qildi. Stadion yaqinidagi juda oddiy joy. Biz Lansga birinchi marta kelganimizda u erga kirganmiz. Va bu erda yilning issiq vaqti – o'yindan keyin ko'pchilik ichkarida ham, tashqarida ham ovqatlanadi. Biz ichkariga kirdik. Husanov endi Liga 1da o'ynay boshlagandi. Boshqa futbolchilar Lamborghini mashinasida ketayotgan bir paytda, biz piyoda kechki ovqatga kirdik. Aniqrog'i, avvaliga tarjimon bizni eltib qo'ydi, keyin esa piyoda yurib, umumiy navbatda turdik.
- Mahalliy aholining reakciyasini tasavvur qilyapman...
- Oldimizga muassasa egasi chiqdi. Albatta, o'tirishimiz kerakligi, buyurtmalarni shaxsan o'zi olib kelishini aytdi. Biz rad etdik, lekin u bizni ko'ndirdi. Hamma bizga qarayapti. Biz hijolat bo'lib ovqatlanyapmiz, yonimizda esa bir qizcha turibdi. Men u suratga tushmoqchi ekanligini bildirdim. Husanov, albatta, rad etmadi. Natijada, butun restoran biz bilan suratga tushib bo'lmagunicha ketmadik.
- Agar Husanovning jangovar fazilatlari haqida gapiradigan bo'lsak, u haddan tashqari qo'pollashib ketmayaptimi? Qizil kartochkada Hakimni qanday qilib yiqitganini darhol eslash mumkin...
- Bir marta U-23 Osiyo Kubogi uchun saralash bahsi bo'lib o'tgandi – Eron va O'zbekiston o'zaro to'qnash keldi. Husanov shunchaki hujumchini maydondan chiqarib yubordi. U uchib chiqib, devorga urildi. SHundan so'ng "Lans" murabbiyi yig'ilishda ushbu epizodni butun jamoaga ko'rsatib, "Lill"ga qarshi o'yinda hammadan xuddi shunday shasht bilan o'ynashni aytgan. Husanov yaxshi markaziy himoyachi qaynday o'ynashi kerak bo'lsa, shunday o'ynaydi. U o'z vazifasini bajaradi, bazi nyuanslar esa tajriba orqali shakllanib boradi.
- Nega "Bunyodkor"ning tarbiyalanuvchisi sifatida asosiy jamoaga kira olmagan?
- O'sha paytda Husanovning ishi bilan shug'ullanmasdim, lekin bu voqeani bilaman. U akademiyadan so'ng "Bunyodkor"ning o'rinbosarlar jamoasida harakat qilishni istagan, biroq murabbiy futbolchini juda sovuqqon, deb hisoblagan.
- G'alati...
- U nega o'rinbosarlar jamoasiga olinmagani nomalum. Keyin bolaning otasi, O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Hikmat Hoshimov do'sti Ulug'bek Asanbaevga murojaat qilgan. U xorijda loyiha ishlab chiqayotgan edi. Gap Belarusning "Energetik"i haqida ketmoqda. U erda ko'plab o'zbekistonlik futbolchilar sinovdan o'tkazildi. Murabbiy Anatoliy Yurevich Husanovda rivojlanishga yordam beradigan fazilatlarni ko'rgan. SHuningdek, u futbolchini Evropa futboliga tayyorlash uchun jismoniy jihatlari ustida qattiq mehnat qildirgan. Husanov to'g'ri jamoaga, to'g'ri qo'llarga tushgan. "Lans" misolida bo'lgani kabi. Bu qishda biz ham xatoga yo'l qo'ymasligimiz kerak edi va faqat klub emas, murabbiyga ham qaradik.
- Agar Gvardiola noyabr oyida shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirmaganida, sizning tanlovingiz boshqacha bo'larmidi?
- Ha, bo'lishi mumkin. Pep – "Siti"ni tanlashimizga asosiy sabablardan biri. Dunyoning eng yaxshi murabbiyi bilan ishlashni xohladik.
- Yaqinda "Energetik"ning sobiq ustozi Rodnyonokning intervyusi chop etildi. U ham Yurevich va uning kuniga to'rt mahal bo'ladigan mashg'ulot dasturini ajratib ko'rsatdi. Haqiqatan ham bir kunda to'rt mahalmi?
- To'rtta mashg'ulot va stadionni qordan tozalash.
- CHindanmi?
- Ha, shunday ish yuki bor edi. Bir kuni Abdixoliqovga qo'ng'iroq qildim, u menga mashg'ulot qanday o'tayotganini aytdi :"Avvaliga bir yarim soat maydon tozaladik, keyin bir yarim soat mashg'ulot o'tadik". Buni Belarus chempionatining eng yaxshi to'purari aytgandi. Yana bir safar men undan nega g'alaba qozonish (1:0) bunchalik qiyinchilik tug'dirganini so'raganimda, u shunday javob bergandi: "Bizga o'yindan bir kun oldin jiddiy yuklama berildi". SHunday qilib, po'lat qattiqlashtirilgan.
"Husanov O'zbekiston chempionatida vaqtni behuda o'tkazib yuborishi mumkin edi"
- Husanov oilasidan uzoqda o'zini qanday his etgan?
- Otasi uni ko'rgani tez-tez kelib turgan, lekin 16 yoshida chet elda yashash qiyin, albatta. Bu Evropaga moslashishda yordam bergan yaxshi emlash bo'lgan.
- "Energetik" kabi klublarda maosh oyiga 100-200 dollar bo'lishi mumkinligini eshitdim, hatto oliy ligada ham...
- Bu haqiqat. Husanov ham xuddi shunday maoshga ega edi. Biz hech qachon pulga qaramaganmiz, asosiysi rivojlanish bo'lgan. Bizda to'rt-besh nafar futbolchi bor edi. Asanboev ularga kvartira olib, muzlatkichni mahsulotlarga to'ldirib qo'ygan. Bazan kartalariga pul tushirib turardim. Biz barcha yashash xarajatlarini qoplaganmiz, chunki 50 dollar bonus bilan u erda omon qolish qiyin. Yigit hech narsaga muhtoj bo'lmasligi haqida qayg'urganmiz. SHu bilan birga, ko'proq pul to'laydigan klubda emas, balki o'ziga mos klubda o'ynashini istaganmiz.
- Xorijning "Energetik" klubiga o'tib, Husanov bir muddat o'zini kattalar futbolida o'ynashdan mahrum qildimi?
- Ha, u bor-yo'g'i bir yil mashg'ulot o'tkazdi, lekin bundan faqat foyda ko'rdi – o'sish uchun harakat qildi. O'zbekiston chempionatida vaqtini behuda o'tkazib yuborishi mumkin edi. Bizda hamma 21 yoki 22 yoshdagi futbolchini hali yosh va umidli deb o'ylaydi, ammo u 20 yoshida "Siti"da. Uning atrofida to'g'ri odamlar bor edi.
- Birinchi o'rinda kim?
- Otasi – asosiy tanqidchi va maslahatchi. Husanovdan kumiri kimligini so'rashganida, u faqat otasining ismini aytib keladi. Otasi o'g'lining butun yo'lida katta tasir ko'rsatgan. U har doim muhim muzokaralarda biz bilan birga edi. Albatta, Asanbaevni ham aytib o'tishimiz kerak. U har doim hayotiy maslahatlar bilan yordam beradi va futbolchining rivojlanishini muvofiqlashtiradi. Bundan tashqari, u ko'plab o'zbek va qozoq futbolchilari o'tgan "Energetik" klubiga egalik qilgan. Ular men sal avval aytib o'tgan Yurevich bilan mashg'ulot o'tkazishgan. O'sha paytda "Energetik" bosh murabbiyi bo'lgan Belyavskiyning ham hissasi katta. "Lans" murabbiyiga ham rahmat aytmoqchiman. U haqiqatan ham futbolchiga g'amxo'rlik qildi. Uni ortiqcha yuklamalardan xalos qildi. Husanov dam olishi kerak bo'lganda uni terma jamoaga ertaroq yubormasligini aytdi. Axir, Evropada boshqa darajadagi shiddatli o'yinlar bo'ladi.
- "Energetik" va "Bunyodkor" futbolchini tarbiyalagani uchun "Siti"ga transferdan to'lovlar olishga haqlimi?
- Albatta. Narxning 5 foizi akademiyalardagi vaqtga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
– "Energetik" Husanovni "Lans"ga 100 ming evroga sotgan, to'lovlar bir necha barobar ko'p bo'ladimi?
- Ha, kimdir bu summa 500 ming evro atrofida ekanligini hisobladi. Ularning vaziyatida bu juda yaxshi pul.
- "Bunyodkor" bundan ham ko'proq oladimi?
- Ha. Agar o'zlari sotsa, bunchalik pul ishlab olishmasdi.
SHerzod Nurmatov tarjima qildi.
Fikrlar