24 noy 15:12
Yangiliklar
Nuri SHahin SHomurodovning o'yiniga baho berdi va Fayzullaevning qachon safga qaytishini aytdi
Turkiya Superligasining 12-turida Istanbul klubi o'z maydonida "CHorum"ni qabul qilib, ikki to'p farqi bilan ortda borayotganiga qaramay, 4:2 hisobida g'alaba qozondi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor SHomurodov 78-daqiqada hisobdagi farqni qisqartirib, jamoasining g'alabaga qaytishiga turtki berdi. Keyinchalik Berto'g' Yildirim uchta gol urib, mezbonlarga g'alaba keltirdi.
Nuri SHahin uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida SHomurodovning birinchi bo'limdagi harakatlari va tanaffusda unga bergan ko'rsatmalari haqida gapirdi.
"SHomurodov birinchi bo'limda juda ko'p harakatlandi, keraksiz joylarga chiqib ketdi. Odatda, biz undan maydon bo'ylab faol harakatlanishni talab qilamiz, ammo bugun bunga ehtiyoj yo'q edi. Jarima maydonchasiga ko'proq futbolchi bilan kirishimiz kerak edi.
Keyinchalik Berto'g' va Umut Bozokni maydonga tushirganimizdan so'ng qanotlardan aniqroq uzatmalar va xavfliroq vaziyatlar yuzaga keldi. Bugun taktik qarorlarimiz o'zini oqladi, deb aytishim mumkin", – dedi SHahin.
Mutaxassisning takidlashicha, raqib himoyasi markazdan hujum qilish imkoniyatini cheklagani sabab jamoa asosan qanotlardan uzatmalar orqali vaziyat yaratishga harakat qilgan.
SHuningdek, Nuri SHahin jarohat olgan futbolchilarning holati haqida malumot berdi. Uning so'zlariga ko'ra, O'zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev taxminan 6 hafta davomida maydonga tusha olmaydi.
Bundan tashqari, "CHorum"ga qarshi uchrashuvda jarohat olgan himoyachi Emin Bayram 6–8 oyga safdan chiqqan va jarrohlik amaliyotini o'tkazishi kerak.
SHahin jamoasining irodali g'alabasini yuqori baholadi.
"Hisob 0:2 bo'lganida ham g'alabaga biz munosibroq edik, deb o'ylayman. Bugun bu masalada kamtarlik qilolmayman. CHunki maydonda futbol uchun zarur bo'lgan barcha ishni bajargan "Bashakshehir"ni ko'rdik", – dedi mutaxassis.
Fikrlar