21 fev 17:37
Yangiliklar
Oramizdagi odamlar yoki Beglamishning futbolchi qizlari
Bahor qaytadi. Borliq yana uyg'onadi. O't-o'lanlar yana erdan bosh ko'taradi. Qiyg'os gullaydi. Meva tugadi. SHosha-pisha urug' tashlab, xazon bo'ladi. Ko'klam degani odamzod uchun qayta tirilishga ishora emasmikan? Bahorni kuzatsangiz bunga aniq ishora bor.
O'n sakkiz ming olamni yaratgan Egam yorug' olamga, eru osmonga, tirik olamga rizq-ro'z, barokatli umr berayotganiga ishongan odam qishda ona zamin oppoq ko'rpasiga burkanib orom olayotgani, kuch-quvvat to'playotgani, hademay ko'klam kelganida yana uyg'onib, gullab-yashnashiga bemalol ishonadi.
Yurtimizning barcha go'shalarida bo'lgani kabi CHiroqchi tomonlarda, Ko'kdala hududining Beglamish qishlog'ida ham fasllar shunday. Bir maromda, adashmay o'tadi. Qishda ko'pkarisini choponga o'ranib tomosha qilsang huzurlanasan, Zamin ko'klami ko'rpacha bo'lgan Navro'zda kurashini kuzatsang lol qolasan. Odamlari bag'ri keng, oriyatli, mehr-oqibatni unutmagan. Ilm-marifatga intilib, shu yo'lda maqsad-muddaolariga etayotgan ziyolilar har oilada borligi naqadar yaxshi.
Ko'kdalada ham, Beglamishda ham ko'pkari va kurashda chor atrofga dovruq taratgan tengsiz polvonlari bilan mashhur ekanligiga oqsoch tarix guvoh. Bugun bu qishloqda nafaqat kurash, uloq-ko'pkari, balki sportning boshqa turlari bilan shug'ullanib, maqsadlari sari dadil borayotgan o'g'il-qizlar ko'pchilik ekani, qishloq odamlarining sog'lom turmush tarzining asosi – jismoniy tarbiya va sportning afzalliklari xususida allaqachonlar anglab etgani bor haqiqat.
Sizga hikoya qiladigan sahifamiz qaxramoni Ilhom polvon CHorshanbiev ham shu qishloqda tug'ilib voyaga etgan. Oilasida sog'lom turmush tarziga qatiy amal qilib, sportni kundalik turmush tarziga uyg'un holda olib borishini, o'zi va qizlari tomonidan sportda bir qator yutuqlarni qo'lga kiritayotganini ko'pchilik biladi, ko'pchilikning esa xabari yo'q. Ochig'i, bizning ham xabarimiz yo'q edi. Tasodif tufayli CHiroqchining Ettitom deb nomlangan hududidagi bekatda tanishib qoldik. Gap, gurung ko'pkari, otlar haqida borar ekan polvonning otlarga mehri o'zgacha ekan-da, degan fikrga borib turganimda, yonidagi hamrohi “Polvonning olti qizi bor, oltovi ham futbol o'ynaydi, ikkita qizi respublika terma jamoasi azolari sanaladi” deb gapga qo'shilganda, ochig'i hayron qoldim.
Mamlakatimizda ayollar futboli haqida ustozimiz Oybek aka Yunusovchalik ko'p va xo'p yozgan, ayollar futbolida to'p surayotgan futbolchilar haqida u kishichalik biladigan jurnalist yo'q, dedim-da ustozga telefon qildim. Rost ekan. Men esa asli chiroqchilik bo'lib sportchi oila haqida xabarim bo'lmaganidan biroz xijolatda qoldim. Polvon bilan tezda xayrlashib, poytaxtga qaytdim.
Toshkentda ustoz Oybek Yunusov bilan ko'rishib, Ilhom polvon haqida so'raganimda, O'zbekiston futbol associaciyasi tomonidan o'tgan yili dekabr oyida o'tkazilgan yil laureatlarini aniqlash marosimida “Yilning eng ibratli oilasi” degan faxriy nominaciyani qo'lga kiritgani-yu, chavandozlikda etakchi ekani, qizlarining terma jamoalar safida mustaham o'rin egallagani kabi bir qator yutuqlari haqida so'zlab berib, shu oila haqida nimadir yozish kerak, deya maslahat berdi. SHu-shu bo'ldi-yu Ilhom polvon va uning sportga, futbolga oshno qizlari xususida maqola yozishga qaror qildik. Toshkentdan atayin CHiroqchi tumani Beklamish qishlog'iga Ilhom Polvon xonadoniga bordik va bir kecha tunni tongga ulab, otlar, uloq-ko'pkari, futbol, kurash mavzularida gurunglashdik.
Ilhom polvonning aytishicha, qishloqning hamma xonadonida qadimdan yakkamixda ot bog'lanib turgan. Hozir ham shunday. Polvonning ham ota tomonidan Abdulla polvon, ona tomonidan Berdiyor polvon, Sori polvonlar kurash tushib, ot o'ynatib uloq-ko'pkarida nomi chiqqan polvonlar bo'lgan. Ona tomonidan bobosi Berdiyor polvon umrining so'nggi yillarida o'zi mingan oti egar-jabduqlarini Ilhom polvonga hadya qilgani-yu, meros qoldirganidan ko'rinadiki, Ilhom polvonda otga bo'lgan oshnolik bolalikdan paydo bo'lgan.
Biroq 1973 yilda tug'ilgan Ilhom polvon yoshligida ko'pkari emas, futbol bilan shug'ullanib, yaxshigina yutuqlarga ham erishgan. Boksda ham istedodi nish urganini, zarbalari zalvorli bo'lganini tengqurlari haligacha gapirib yuradi. O'quvchilik paytidayoq maktabdagi jismoniy tarbiya fanidan dars bergan ustozlari Normurod va Yashin domlalar undagi futbolga bo'lgan qiziqish va istedodni sezib, Ko'kdaladagi jamoaga taklif qilgan.
To'g'risini aytish kerak, u paytlari sportga, bolalar sportiga, xususan, futbolga bo'lgan etiborning deyarli yo'qligi bois Ilhom singari istedodlar yarim yo'lda orzulariga o'ralib qolib ketavergan. Bir muddat ikkinchi ligada ham to'p surib, omadini sinab ko'rgan.
Ko'rinishidan bo'ylari baland, keng elkali, chapdast va chaqqon, erga ursa osmonga sapchiydigan, yugursa etib bo'lmas bolakay taqdiri bilan o'sha paytlari qiziqadigan, qo'lidan etaklab katta shaharlardagi katta-katta ustozlar qo'liga tutqazib qo'yadigan topilmaganidan haligacha afsus chekishini ko'pam gapirishni xohlamaydi. Endi u sarob ko'ringan orzulari ro'yobini farzandlari, yanayam aniqrog'i qizlarida ko'rishni jon dilidan istaydi. Bu istaklar birin-ketin amalga oshayotganidan xuddi yosh boladek quvonib ketishi tabiatiga xos. Bu haqida keyinroq.
Xullas, sharoit va etiborning yo'qligidan, keyin qonida nomdor chavandozlar qoni oqayotganidan, otlarga ham mehri o'zgachaligi, ko'nglining eng tubiga yashirgan niyati – zo'r jiyron bilan ko'pkarida solimning zo'rini to'dadan ayirish edi. Kunlarning birida polvon tush ko'radi. Tushida bobolari ot minib, ko'pkariga kirishini, uloqchi-chavandoz bo'lishini, agar bu yo'lni tutmasa, o'zlari bilan olib ketib, u yoqda xuddi shu ishni ular ko'magida amalga oshirishini aytadi.
Erta sahar turib ko'rgan tushini ota-onasiga so'zlab berib, yaxshi ot olib berishini so'rab yolvoradi. Ko'rgan tushi o'ngidan kelib, uloqchi-tulporga ega bo'lgan Ilhom polvon birinchi ko'pkariga kirishidayoq zot ayirishni uddasidan chiqadi. CHavandozlarning tili bilan aytganda, uzangidoshlari Ixtiyor Ergashev, Maqsud Jalilov, Jalil Soriev, Mavlon Begimov bilan qaerda ko'pkari daragini eshitsa, o'sha tomonga otini buradi. Tuman miqyosida, viloyat, qo'shni viloyatlar, hatto vodiy viloyatlariga borib, uloq ayirganlarini aytmasa bo'lmas. Bir yoshi ellikni qoralab borayapti-yu, hali-hamon uloq-ko'pkariga kirib, etakchilar qatorida bo'layotgani tahsinga loyiq.
Ilhom polvon shifokorlar oilasida voyaga etgan. Otasi SHodi CHorshanbiev Ko'kdaladagi markaziy poliklinikada bolalar shifokori, akasi Rustam CHorshanbiev 2-sonli Ko'kdala shifoxonasining bosh shifokori. Ukasi Hasan esa Qarshi shahrida nevrolog shifokor sifatida faoliyat yuritadi. Opa-singillari ham ibratli oilalarga kelin bo'lib, umrguzoronlik qilishmoqda. Bir so'z bilan aytganda, ibrat olsa arziydigan oila.
Yuqorida polvonning qizlarini futbol bo'yicha mamlakat terma jamoalari safida, deb takidlab o'tgan edik. Endi shu xususida. 1996 yili polvon qishloqdoshi Vasila Mahmarasulova bilan sevishib turmush qurdi. Birin-ketin farzandlar dunyoga keldi. SHahzoda (1997 yil), Laylo (2000 yil), Amina (2002 yil), Rayhona (2004 yil), Etibor (2006 yil), O'g'iloy (2010 yil). Taqdirning polvonga yozgan yozig'ini qarang. Yigitlarning sardori Ilhom polvon o'g'il farzand ko'rib, to'y qilmasa-ya, to'yida uzangidoshlarini chaqirib ko'pkari berolmasa-ya. Yo'q, polvon va uning rafiqasi Vasila kelin umidini so'ndirmadi. Yaratganga yalinib, yolvorishdan charchamadi.
SHukur, O'zingga shukur Yaratgan Egam! 2014 yil polvonning kenja farzandi o'g'il bo'ldi. O'g'lining ismini boks bo'yicha Olimpiya chempioni Muhammadqodir Abdullaevga havas qilib, Muhammadqodir deb qo'ydi. Hozir u besh yoshda. Besh yoshida otga minib, otasiga ergashganini ko'rgan bobosi SHodi bobo va momosi Izzat xola bu kunidan shodumon.
Katta qizi SHahzoda murabbiy-o'qituvchi yo'lini tanladi. Hozirda tumandagi 2-sonli bolalar va o'smirlar sport maktabida murabbiy.
Boks qiroli Muhammad Alining qizi Laylo Ali eslasangiz, 2000 yilda boks bo'yicha jahon chempionatida chempion bo'lib, dovrug' qozongandi. O'sha Layloga havasi ortgan ota ikkinchi qizi ismini Laylo deb qo'ydi. Polvon qizini olti yoshligidayoq boksga bermoqchi edi. SHaroitning yo'qligi bois futbol mashg'ulotlariga etakladi. 11 yoshidan Qarshining “Sevinch” kulubida to'p tepishni boshlab, bir yil ichida jamoa azosiga aylandi. 12 yoshida o'n olti yoshli qizlar bilan bir jamoada o'ynab, mutaxassislar etiboriga tushdi. Bir muddat “Mashal” va “Olmaliq” jamoalarida ham o'ynadi.
“Sevinch”ning eng ishonchli o'yinchilaridan biriga aylanib, oliy ligada bir necha bor g'alaba qozondi. Ayollar terma jamoasi safida Eron, Xitoy, Iordaniya, Malayziya singari yigirmaga yaqin dalatlarga borib, yurt shanini munosib himoya qilib kelmoqda. Hozirda 19 yoshgacha bo'lgan qizlar terma jamoasida sardorlik ham Layloga ishonib topshirilgan.
Uchinchi qizi Amina ham opasi Layloni etagidan tutib, futbolni tanladi. “Sevinch” klubida shug'ullanib, birinchi ligalarda ishtirok etib, tajribasini boyitdi. Hozirda Navoiy viloyatining “Guli” jamoasi azosi. Amina ham 19 yoshgacha bo'lgan qizlar terma jamaosida etakchi o'yinchilardan sanaladi. Milliy terma jamoa safida opa va singilning bo'lishi qanday yaxshi-a!
2004 yilda tug'ilgan Rayhona ham “Sevinch”da. SHu klubga azo sifatida birinchi ligada ishonchli o'yin ko'rsatmoqda. Etibor ismli beshinchi qizi va oltinchi kenja qizi O'g'iloy ham futbol to'garaklariga muntazam qatnaydi. Ular ham opalari singari “Sevinch” klubining yoshlar tarkibida Dilmuhammad Qurbonnazarov qo'l ostida mashg'ulotlarga zo'r berishgan. O'n yoshidan futbolga kirib kelgan Etibor qiz tengqurlari orasida istedodi yuqori ekani bois, yoshlar o'rtasida o'tkazilayotgan bellashuvlarda raqib darvozasiga beshta, oltitagacha to'p kiritib, maqtov yorliqlarini to'plashni boshlagan.
Ilhom polvon Bahrom Norsafarov, Gulnora To'raeva, Karima Yo'ldosheva va boshqalarning olti opa-singilga ustoz-murabbiylik qilayotganidan minnatdor. Ota-onaning tilida va dilida hamisha ularga nisbatan rahmatlar aytishdan charchamaydi.
Tilab topgani Muhammaqodir (ko'z tegmasin) esa endi beshga kirdi. Boks qo'lqoplari, futbol koptoklari bir talay. Otaning niyati nomdor bokschi bo'lib, Olimpiada chempioni darajasiga etkazish, ammo o'g'ilning negadir boks qo'lqopini kiygisi yo'q. Koptokni izidan yugurgani yugurgan. Televizorda futbolga oid ko'rsatuvlarni ko'rishdan charchamaydi, mashhur futbolchilarni hatto xarakterini chizib beradi. Hoynahoy futbolga oshiq bo'ladi-yov.
Xulosa qiladigan bo'lsak, Beglamishda durustgina futbol maydonining o'zi yo'q. Tuman markazidan olisda. Lekin polvonning qizlari mamlakat terma jamoalari safida biri sardorlik bog'ichi ostida, ikkinchisi hujumda o'ynaydi. Qolgan qizlariga ham murabbiylar katta ishonch bildirmoqda. Polvon va uning umr yo'ldoshi Vasila kelinning ham sportchi bolalaridan ishonchi katta. SHaroit etarli bo'lmagan qishloqdan ham chempion farzandlar chiqishini uddalagan oilani mamlakat miqyosida namunali oilalar qatoriga qo'shsak, nima deysiz, aziz muxlis.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi, o'z muxbirimiz
Fikrlar