17 noy 18:53
Yangiliklar
Qatarda JCH-2022 oldidan final o'tkaziladigan shahar qurildi. Bu noyob hodisa
Qatar misli ko'rilmagan Jahon chempionatiga yaqinlashmoqda: turnir uchun 200 milliard dollar (Rossiyadagi JCH-2018dan 17 marta ko'p) sarflandi. Ammo, shayxlar pullarni shunchaki sovurishgani yo'q. Jahon chempionati uchun qurilgan obektlarning katta qismi "Qatar-2030" loyihasiga kiritilgan. Bu tibbiyotdan tortib talimgacha bo'lgan hayotning deyarli barcha sohalariga taaluqli bo'lgan milliy rivojlanish rejasidir.
Lusail – ushbu loyihaning markaziy qismi. Fors ko'rfazi sohilida joylashgan shahar (Doxadan taxminan 25 kilometr uzoqlikda) turnir finaliga mezbonlik qiladi. Qatar uni turnir uchun maxsus tarzda noldan qurgan.
Lusail 1908 yildan beri malum – bu kichik aholi punkti Qatar asoschisi bo'lgan shayxning qarorgohi bo'lgan. 2005 yilda uni "kelajak shahri"ga aylantirishga qaror qilishdi
Lusail bo'yicha birinchi eslatma 1908 yilda uchraydi – bu nomdagi kichik aholi punktini diplomat Jorj Lorimer o'z enciklopediyasida "Fors ko'rfazi, Oman va Markaziy Arabiston" deb tasvirlagan. U Lusailni shayx Jasim bin Muhammad Al Mani (uni zamonaviy Qatarning asoschisi deb hisoblashadi)ning qarorgohi deb atagan. Lorimer Lusailda 50ga yaqin kichik uylar, shuningdek marvaridlar qazib chiqarish uchun to'qqizta qayiq, ikkita dengiz kemasi va uchta baliq ov uchun qayiq borligini takidlagan. Bu joyda 20ta ot va 70ta tuya bo'lgan, ular quruqlikda transport vazifasini bajarishgan. SHayx Jassim Lusailga taxminan 1903 yilda joylashgan – u bilan atrofidagilar ham shu erga kelgan. SHayx 1913 yilning iyulida vafot etdi va uni Lusailga dafn etishdi.
Lusail 2005 yilgacha esga olinmadi. Qatar rahbariyati o'shanda shahar bilan jiddiy shug'ullanishni rejalashirayotganini elon qildi. Lusailni investicion loyiha sifatida taqdim etishdi va uni "kelajak shahri" deb atashdi.
Lusailda endi 500 ming nafar atrofida inson bor. Bu landshaft xususiyatlariga ko'ra yaratilgan eko-shahar
Lusail chet elliklar ko'chmas mulkka egalik qilishga ruxsat berilgan Qatardagi ilk shahar bo'ldi – uni 99 yilga ijaraga olish mumkin edi. 2010 yilda unda 200 ming aholi bo'lishi reja qilingandi. SHahar hozirda taxminan yarim million insonga moslangan (250 ming – rezidentlar, 200 ming – ofis xodimlari, qolganlar – savdo sohasidagi ishchilar).
G'oya shundan iborat ediki, bu atrof-muhit tasirini hisobga olgan holda yaratilgan birinchi eko-shahar bo'ladi. Masalan, Lusaildagi binolar ekologik toza va energiyani tejagan holda sovutiladi – bu uchun shaharda sovuq suvli er osti tunellari tarmog'i yaratilgan. Lusail loyihasi butun dunyodagi eng yaxshi mutaxassislar uchun qulay shahar maqomida bo'lishni xohlaydi. Bunday shaharni yaratish sof amaliy nuqtai nazardan ham zarur edi – Qatar aholisi ortib borayotgan va rasmiylar mamlakatga yangi kadrlarni jalb qilmoqchi edi. Lusail qurilishi iqtisodiyotni diversifikaciya qilishga, shuningdek Qatarning gaz va neft eksportiga bo'lgan qaramligini kamaytirishga yordam berishi kerak edi.
SHaharning o'ziga xos xususiyati shundaki, u mahalliy landshaf xususiyatlaridan kelib chiqib rejalashtirilgan. U 19ta malum turdagi tumanga bo'lingan. Masalan, golf o'yinlari va turli xil o'yin-kulgular uchun tuman majud, stadion o'rnida ham alohida kvartal ajratilgan. SHahar bandargohi ko'rfazdagi eng yirik portlardan biri bo'ladi, shuningdek u erda 4ta suniy orol, 22ta xalqaro darajadagi mehmonxona, ko'p kilometrlik sohil bo'yi sayr uchun joy va ulkan istirohat bog'i paydo bo'ldi.
"Biz barcha millat va madaniyat vakillari uchun diqqatga sazovor bo'ladigan mahsulot yaratamiz. Ular Lusaildan rohat olishadi va unday foyda chiqarishadi. Maqsadimiz – butun mamlakat uchun namuna yaratish", – degandi loyiha rahbari Nasser Al Ansari 2005 yilda.
Qatar hukumati 2013 yilning dekabrida Lusaildagi 80%dan ortiq ko'chmas mulk xarid qilib bo'linganini elon qildi. 2018 yilning aprelida esa shahardagi 80%dan ortiq investicion loyihalar muvaffaqiyatli bajarilgan.
"Biz Doxaning davomi bo'ladigan va o'z bag'riga 400 ming fuqaro va mehmonlarni qabul qila oladigan zamonaviy va avtonom shahar qurishni xohlagandik, – dedi Lusail loyihasida ishlagan kompaniya rahbari Faxad Al Jaxamri. – Biz dam olish va o'yin-kulgu uchun ko'plab imkoniyatlar bo'ladigan hudud yaratmoqchi edik. Loyiha Qatar Jahon chempionatini o'tkazish huquqini olishidan ancha oldin ishlab chiqilgan.
JCH-2022 startiga Lusailda amalga oshirilgan eng asosiy infrastruktura loyihalaridan biri, – shaharni Doxa bilan bog'laydigan metro. Lusailga deyarli 100 kilometr uzunlikdagi qizil chiziq orqali borish mumkin. U Fors ko'rfazining qirg'oqlari bo'ylab mamlakat janubidagi Al Vakra shahri va Xamad xalqaro aeroportigacha cho'zilgan. Bu transport muammosining yagona echimi emas – shahar Doha bilan temir yo'l orqali ham bog'langan. Atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish uchun shunday turdagi transportlarni afzal ko'rishdi. Lusailning barcha tumanlari bo'ylab qulay harakatlanish uchun 4 marshrut va 36 stanciyali tramvay liniyasi (umumiy uzunlik – 39 kilometrdan ko'p) ishga tushirilgan.
"Butun dunyoning nigohi Lusailda bo'ladi, – dedi Al Jaxamri. Jahon chempionati finali yuragimizga juda ham qadrli bo'lgan kunda o'tadi, – Qatar milliy kuni. Juda ham hayajondamiz – biz Er yuzidagi eng go'zal shouni tashkil qilmoqchimiz.
Final o'tadigan stadion JCH-2022dan so'ng uy-joy, savdo markazi yoki maktablar bilan qayta quriladi
Albatta, JCH uchun Lusailda stadion ham qurishgan. Uning dizayni Qatar yoritgichlari uchun ananaviy bo'lgan yorug'lik va soyadan ilhomlanilgan. Stadion fasadida arab va Islom dunyosi sanatining oltin davridagi kosa va boshqa idishlardagi bezak naqshlari aks etadi.
"Lusail" – Qatardagi JCHda eng katta stadion, uning sig'imi 80 ming. Unda final bilan qo'shganda jami 10ta o'yin o'tkaziladi, – turnirdagi boshqa har qaysi arenadan ko'proq.
Stadionning qurilishini maksimal darajada ekologik qilishga urinishgan: "Lusail" qurilishida oddiy stadionlarga qaraganda 40% kamroq toza suv sarflangan. "Lusail" changdan saqlanadigan zamonaviy materiallardan qurilgan bo'lib, uning tomi maysa o'sishi uchun kerak bo'lgan soyani taminlaydi va sovutgich tizimidagi bosimni kamaytiradi.
Jahon chempionatidan so'ng "Lusail" fuqarolik infrastrukturasi uchun obektlar sifatida qayta quriladi: u erga uy-joy, savdo markazi, kafe va hatto maktab joylashtiriladi. Tabiatga zarar etkazmaslik uchun barcha demontaj qilingan qismlar sport infratuzilmasiga muhtoj bo'lganlarga beriladi.
"Lusail"dagi ilk o'yin 22 noyabrda Argentina va Saudiya Arabistoni o'rtasida o'tkaziladi.
Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar