14 sen 09:36
Yangiliklar
XANCHJOU-2022: 71 ta medal ortidagi raqamlar va O'zbekistonning sportdagi yangi xaritasi. Xitoyda qanday tarix yozgan edik? (Mutolaa uchun)
Bu raqamlar Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlarida O'zbekiston delegaciyasining natijasini ifodalaydi. Ammo raqamlarning o'zigina butun manzarani ochib bermaydi. 71 ta medal ortida qaysi sport turlari asosiy yukni ko'tardi? Qaysi yo'nalishlar kutilganidan yuqori natija ko'rsatdi? Qaysi sport turlarida imkoniyatlardan to'liq foydalanilmadi? Eng muhimi — Xanchjou natijasi O'zbekiston sportining yaqin kelajagi haqida nimani ko'rsatdi?
Xanchjouda qayd etilgan natija aynan shu savollarga javob izlash uchun jiddiy tahlilga arziydi.

371 SPORTCHI — 38 TA YO'NALISH
Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o'yinlari 2023 yil 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o'tkazildi. O'zbekiston delegaciyasi musobaqaga 371 nafar sportchi bilan bordi. Delegaciyaning umumiy tarkibi esa 559 nafarni tashkil qildi: sportchilardan tashqari 95 nafar murabbiy, 28 nafar tibbiyot xodimi, 29 jamoa rahbari, 31 ishchi guruh va 5 nafar hakam delegaciya tarkibida bo'ldi.
O'zbekiston vakillari 38 ta sport turida ishtirok etdi.
Natija esa — 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal!
Bu ko'rsatkich O'zbekistonning Osiyo o'yinlari tarixidagi eng yaxshi natijasi bo'ldi. Umumjamoa hisobida mamlakatimiz 45 davlat orasida 5-o'rinni egalladi.
Bu natijaning yana bir muhim jihati bor: O'zbekiston o'zidan ancha katta delegaciyalarga ega bo'lgan bir qator mamlakatlarni ham ortda qoldirdi. O'zbekiston Tailand, Xitoy Taypeyi, Qozog'iston, Eron, Gonkong, Qatar, Bahrayn kabi mamlakatlardan yuqori o'rinni egalladi.

JAKARTADAGI REKORD XANCHJOUDA YANGILANDI
O'zbekistonning Xanchjoudagi natijasini to'g'ri baholash uchun 2018 yildagi Jakarta Osiyo o'yinlariga qaytish kerak.
Jakarta-2018`da O'zbekiston:
20 ta oltin;
24 ta kumush;
25 ta bronza;
jami 69 ta medal qo'lga kiritgan edi.
Xanchjouda esa:
22 ta oltin;
18 ta kumush;
31 ta bronza;
jami 71 ta medal.
Demak, umumiy medallar soni 2 taga oshgan, oltin medallar soni esa 20 tadan 22 taga ko'tarilgan. SHu tariqa O'zbekiston nafaqat medallar soni, balki ularning sifati bo'yicha ham o'z rekordini yangiladi.
Bir qarashda kumush medallar soni 24 tadan 18 taga tushgani salbiy ko'rsatkichdek ko'rinishi mumkin. Ammo bu erda muhim nuqta bor: kumushlarning bir qismi oltinga aylangan. Yani 2018 yilda chempionlikka bir qadam qolgan ayrim natijalar Xanchjouda to'g'ridan-to'g'ri g'alabaga aylandi.
Bu — natijaning sifat jihatidan o'sganini ko'rsatuvchi muhim belgilardan biri.

71 MEDALNING ASOSIY MANBALARI
O'zbekiston medallarining taqsimotiga nazar tashlasak, eng katta hissa bir nechta sport turi hisobiga to'g'ri kelganini ko'rish mumkin.
Dzyudo — 9 medal
Xanchjouda O'zbekiston uchun eng sermahsul sport turi dzyudo bo'ldi.
Dzyudochilarimiz 3 oltin + 2 kumush + 4 bronza = 9 medalga ega chiqqani barchamizning yodimizda. Demak, mamlakat delegaciyasining 71 medalidan qariyb 13 foizi dzyudochilar hisobiga to'g'ri kelgan. Eng muhimi, dzyudo nafaqat medallar soni, balki ularning sifati bilan ham ajralib turdi. Uchta oltin medal mazkur sport turining O'zbekiston uchun qanchalik muhim medal manbasiga aylanganini ko'rsatdi.

Akademik eshkak eshish — 7 medal
Xanchjouning eng katta kashfiyotlaridan biri — akademik eshkak eshish bo'ldi.
O'zbekiston vakillari musobaqada 2 oltin, 4 kumush va 1 bronza, jami 7 ta medal oldi. Ayniqsa, 4 ta kumush medal bu sport turida O'zbekistonning bir nechta yo'nalishda yuqori raqobatbardoshlikka ega ekanini ko'rsatdi. Yaponiyadagi bellashuvlarda ham eshkakchilarimizdan shunday notadagi ishtirokni kutishimizga bir necha yil avval Xitoydagi musobaqa sabab bo'lgan:)

Baydarka va kanoe — 7 medal
Yana bir eshkak eshish yo'nalishi — baydarka va kanoeda ham natija yuqori bo'lgan: 1 ta oltin, 3 ta kumush hamda 3 bronza, jami 7 ta medal. SHu tariqa akademik eshkak eshish hamda baydarka-kanoe birgalikda 14 ta medal taqdim etgan. Bu juda muhim ko'rsatkich. CHunki 71 ta medalning qariyb 20 foizi eshkak eshish yo'nalishlariga to'g'ri kelgan.
Demak, Xanchjouda O'zbekistonning medal xaritasi faqat boks, kurash va dzyudodan iborat bo'lmagan. Suv sporti yo'nalishlari ham milliy terma jamoaning asosiy medal manbalari qatoriga ko'tarilgan.
SHuningdek, delegaciyamiz kurash, boks, engil atletika kabi uchta sport turining o'zida 18 ta medal jamg'arganini alohida takidlash lozim.
BITTA SPORT TURI — BITTA EMAS, BIR NECHA MANBA
Xanchjoudagi natijalarga qarab, O'zbekistonning medal strategiyasida muhim o'zgarish ko'rinadi.
Agar avvalgi Osiyo o'yinlarida asosiy umidlar ko'proq boks, kurash, dzyudo va og'ir atletika kabi ananaviy sport turlariga bog'langan bo'lsa, Xanchjouda medallar geografiyasi kengaydi.
Medallar:
dzyudo;
kurash;
boks;
akademik eshkak eshish;
baydarka va kanoe;
taekvondo;
sport kurashlari;
qilichbozlik;
engil atletika;
karate;
velosport;
og'ir atletika;
shaxmat;
o'q otish;
futbol;
tennis;
ushu
kabi 18 ta sport turi hisobiga jamg'arildi.
Bu esa 38 ta sport turida ishtirok etilgan sharoitda delegaciyaning qariyb yarmida medal olinganini anglatadi.

TAEKVONDO VA SPORT KURASHLARI: OLTINDAN KO'RA BRONZALAR KO'P
Xanchjou natijalarini faqat oltinlar orqali baholash noto'g'ri bo'ladi.
Masalan, taekvondoda 1 oltin + 1 kumush + 4 bronza = 6 medalga ega chiqqanmiz.
Sport kurashlarida esa bizga: 1 oltin + 5 bronza = 6 medal taqdim etgan. Yani bu sport turlarida medallar soni yuqori bo'lgani holda, chempionlik darajasi dzyudo yoki kurashdagidek emas.
Xanchjou natijalarining eng muhim tahliliy xulosalaridan biri ham shunda.
QAYSI SPORT TURLARIDA OMAD KELMAGANDI?
Bu savolga ham xolis yondashish zarur. O'zbekiston Xanchjouda 38 ta sport turida ishtirok etgan bo'lsa, rasmiy yakuniy natijalarda medal olgan sport turlari 18 ta bo'ldi. Demak, qolgan sport turlarida medal qo'lga kiritilmagan.
Biroq buni avtomatik ravishda “muvaffaqiyatsizlik” deb baholash ham to'g'ri emas. Osiyo o'yinlarida har bir sport turining raqobat darajasi, ishtirokchilar tarkibi va olimpiya dasturidagi maqomi turlicha.
SHuning uchun medalsiz qolgan sport turlariga uch xil nuqtai nazardan qarash kerak:
Birinchisi — medal uchun real imkoniyatga ega bo'lgan sport turlari.
Bu erda natija kutilganidan past bo'lgan yo'nalishlarni alohida tahlil qilish kerak.
Ikkinchisi — o'sish bosqichidagi sport turlari.
Bunday sport turlarida Osiyo o'yinlarining o'zi tajriba va xalqaro raqobat maktabi vazifasini bajaradi.
Uchinchisi — birinchi navbatda Olimpiya cikli uchun tajriba to'playdigan yo'nalishlar.
SHu sababli “medal olmadi — demak, omadsiz” degan xulosa tjuda sodda yondashuv bo'ladi.

FUTBOLDAGI BIR BRONZANING O'ZI HAM MUHIM
Futbolda O'zbekiston erkaklar terma jamoasi bronza medalni qo'lga kiritdi.
Yarim finalda Janubiy Koreyaga 1:2 hisobida mag'lub bo'lgan jamoa bronza uchun bahsda Gonkongni mag'lub etdi.
Ayollar terma jamoasi esa Osiyo o'yinlarida ilk bor ishtirok etib, to'rtinchi o'rinni egalladi. Ular chorak finalda Xitoy Taypeyini 2:1 hisobida mag'lub etib, tarixda birinchi marta yarim finalga chiqdi. Bronza uchun bahsda esa mezbon Xitoyga 0:7 hisobida mag'lub bo'ldi.
Demak, medal nuqtai nazaridan ayollar futboli natijasiz qolgan bo'lsa-da, turnirdagi debyutning o'zi muhim signal bo'ldi.

AYOLLAR SPORTI — 71 MEDAL ORTIDAGI MUHIM QATLAM
Xanchjou natijasining etiborga molik jihatlaridan biri — ayol sportchilarning hissasi.
Rasmiy tahlilga ko'ra, O'zbekistonning 22 ta oltin medali 31 nafar sportchi hisobiga yozilgan. Ularning 49 foizi ayol sportchilar hissasiga to'g'ri kelgan.
18 ta kumush medalni 26 nafar sportchi qo'lga kiritgan bo'lib, ularning 39 foizi, 31 ta bronza medalni qo'lga kiritgan 65 nafar sportchining esa 35 foizi ayollardan iborat bo'lgan. Bu raqamlar bir muhim tendenciyani ko'rsatadi:
O'zbekistonning yuqori natijalari endi faqat erkaklar sportiga bog'liq emas.
XANCHJOUDA O'ZBEKISTONNING ENG KATTA YUTUG'I NIMA BO'LGANDI?
Bu savolga bitta javob berish qiyin.
Agar raqam bilan o'lchasak — 71 medal.
Agar sifat bilan o'lchasak — 22 oltin.
Agar tarix bilan o'lchasak — Osiyo o'yinlaridagi yangi milliy rekord.
Agar sport turlari geografiyasi bilan o'lchasak — 18 ta sport turida medal.
Agar ayollar sporti nuqtai nazaridan qarasak — oltin medallarning qariyb yarmida ayol sportchilarning hissasi.
Agar kelajak nuqtai nazaridan qarasak — medal olib kelayotgan sport turlarining kengayishi.
SHuning uchun Xanchjou natijasini faqat "71 ta medal" deb baholash kamlik qiladi.


Fikrlar