15 apr 18:45
Yangiliklar
Birinchi raketkamiz Xitoy turniridagi yurishini boshladi
Quvonarlisi, Humoyun Sultonovdan keyin O'zbekistonning birinchi raketkasi Sergey Fomin ham ishtirokini g'alaba bilan boshladi. Hamyurtimiz 1/16 finalda ATP reytingida 689-pog'onada borayotgan belaruslik Daniil Ostapenkovni 6/3, 6/4 hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
Taqqoslash uchun, Fomin dunyoning 383-raketkasi bo'lib turibdi. Oltmish sakkiz daqiqa davom etgan bahsda Sergey 8, saralash bahslari orqali asosiy to'rga etib kelgan 22 yoshli Daniil 6 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Ostapenkovda ko'proq bo'ldi - 7 ga 4. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi edi - 2:0. To'rt yil avval o'tkazilgan ilk to'qnashuvda ham Fomin zafar quchgandi.
Ertaga Sergey Fomin 1/8 finalda avstraliyalik Moerani Buzigega qarshi kortga chiqadi. Buzige kecha ilk bosqichda yaponiyalik Masamichi Imamurani 6/7, 7/5 hisobida taslim etdi. Buzige ATP reytingida 425-pog'onadan joy olgan. Fomin - Buzige uchrashuvi bizning vaqt bilan ertaga tonggi soat 08:00da boshlanadi.

Fikrlar