13 dek 20:16
Yangiliklar

Boks. Osiyoning 13ta nominaciya bo'yicha g'olib hamda davogarlari (to'liq versiya)
Ushbu nominaciyalar bo'yicha ko'rsatilgan nomzodlar onlayn-ovoz berish yo'li orqali aniqlandi. Survey Monkey tizimi orqali o'tkazilgan so'rovnomada Osiyo boks konfederaciyasi uchun rekord qayd etildi. Onlayn so'rovda 6 675ta ovoz to'plandi.
Yilning eng yaxshilarini aniqlash ilk bor 2013 yilda amalga oshirilgandi. O'sha yili 2012 yilgi mavsum qahramonlari aniqlangan Filippinning Subik-Bey shahrida o'tkazilgan Osiyo chempionati doirasida taqdirlangan edi. O'shandan beri muntazam ravishda Osiyoning eng yaxshilari aniqlab kelinmoqda.
The Best of the Asians 2018 g'oliblari:
1. “Yilning eng yaxshi erkak bokschisi” - Isroil Madrimov, O'zbekiston, 75 kg
Qozog'istonlik Daniyar Eleusinov va hamyurtimiz SHahram G'iyosovdan so'ng o'rta vazn (75 kg) toifasida yana bir charm qo'lqop ustamiz Isroil Madrimov “Yilning eng yaxshi erkak bokschisi” nominaciyasida g'olib bo'ldi. Osiyo o'yinlari bayroqdori bo'lgan Isroil finalda jahon chempionatining kumush medali sovrindori qozog'istonlik Abilxan Amankulni mag'lubiyatga uchratib, oltin medalni qo'lga kiritgandi. Abilxan Qozog'iston sport delegaciyasining bayroqdori edi. Madrimov qita o'yinlarining yarim finalida Filippinning birinchi raqamli yulduzi Eumir Feliks Marsialdan ustun kelgandi.
Ovoz berish yakunlari:
1. Isroil Madrimov (O'zbekiston) 46,76%
2. Amit Pangal (Hindiston) 28.03%
3. Iqboljon Xoldorov (O'zbekiston) 11,02%
2. “Yilning eng yaxshi xalqaro toifadagi texnik mutaxassisi - Dilshod Kazakov (O'zbekiston)
2017 yili O'zbekiston terma jamoasi shifokori Dilshod Kazakov ushbu so'rovnomada ikkinchi o'rinni egallagandi. Hindistonlik Lenni D'Gama mazkur nominaciya g'olibi bo'lgan edi. Bu safar o'rinlar almashdi. Kazakov bu yil Vengriyaning Budapesht shahida o'tgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati, Argentinaning Buenos-Ayres shahri mezbonlik qilgan Yoshlar Olimpiadasida ishladi.
Ovoz berish yakunlari:
1. Dilshod Kazakov (O'zbekiston) 44,31%
2. Lenni D'Gama (Hindiston) 26,08%
3. Van Abdul Hamid (Malayziya) 8,11%
3. “Yilning eng yaxshi hakami” - Aleksandr Hamidov (O'zbekiston)
Aleksandr Hamidov uchun 2018 yil omadli va barakali keldi. U Hindistonning Nyu-Deli shahrida o'tgan ayollar o'rtasidagi jahon chempionatida eng ko'p janglarda hakamlik qilgan referi bo'ldi. SHuningdek, Hamdo'stlik o'yinlari, Jahon Boks Seriyasi (WSB) doirasidagi janglarda ham hakamlik qildi.
Ovoz berish yakunlari:
1. Aleksandr Hamidov (O'zbekiston) 31,68%
2. Ermek Suyenish (Qozog'iston) 27,09%
3. Farhod Kavasji (Hindiston) 11%
4. “Yilning eng yaxshi milliy federaciyasi - O'zbekiston boks federaciyasi
O'zbekiston terma jamoasi bokschilarining Rio Olimpiadasi hamda Osiyo o'yinlarida umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egallashi, Budapeshtda o'tgan yoshlar o'rtasidagi Osiyo, Bangkok mezbonlik qilgan jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtiroki, Buenos-Ayresdagi Yoshlar Olimpiadasida bokschilarimizning chempion va sovrindor bo'lishi bu etirof qanchalik to'g'ri ekanligini anglatib turibdi.
Ovoz berish yakunlari:
1. O'zbekiston boks federaciyasi 41,74%
2. Hindiston boks federaciyasi 36,64%
3. Tailand boks associaciyasi 11,31%
5. “Yilning eng yaxshi ayol bokschisi” - Li Kyuan (Xitoy) 75 kg
Ovoz berish yakunlari:
1. Li Kyuan (Xitoy) 39.09%
2. Meri Kom Xmangte (Hindiston) 36.29%
3. O Yon Ji (Janubiy Koreya) 8.72%
6. “Yilning eng yaxshi yosh bokschisi” - Atichay Foemsap (Tailand) 60 kg
Ushbu so'rovnomada tailandlik bokschi g'oliblikni qo'lga kiritdi. U yilning uchchala yirik musobaqasida ham oltin medalga sazovor bo'ldi. 18 yoshli Atichay yoshlar o'rtasida Osiyo chempioni, jahon chempioni hamda Yoshlar Olimpiadasi g'olibiga aylandi. Hamyurtimiz Abdumalik Halokov uch foizdan sal ko'proq ovoz kam to'plab, ikkinchi o'rinni band etdi. Abdumalik ham bu yil sanab o'tilgan musobaqalarda birinchi bo'lgandi. Lekin so'rovnomada u ikkinchi o'rinni egalladi.
Ovoz berish yakunlari:
1. Atichay Foemsap (Tailand) 38.32%
2. Abdumalik Halokov (O'zbekiston) 34.77%
3. Aybek Oralbay (Qozog'iston) 13.91%
7. “Yilning eng yaxshi yosh (ayol) bokschisi” - Sakshi CHoudxari (Hindiston) 57 kg
Ovoz berish yakunlari:
1. Sakshi CHoudxari (Hindiston) 67.36%
2. Nitu Gangas (Hindiston) 13.44%
3. Dina Isdambekova (Qozog'iston) 13.07%
8. “Yilning eng yaxshi o'smir bokschisi” - Keysham Sanjit Singx (Hindiston) 46 kg
Ovoz berish yakunlari:
1. Keysham Sanjit Singx (Hindiston) 31.61%
2. Erassil Jakpekov (Qozog'iston) 21.18%
3. Xalid Aliev (Qirg'iziston) 18.94%
9. “Yilning eng yaxshi o'smir (qiz) bokschisi” - Arundxati CHaudxari (Hindiston) 66 kg
Ovoz berish yakunlari:
1. Arundxati CHaudxari (Hindiston) 29.09%
2. Eldana Talipova (Qozog'iston) 28.89%
3. Komal (Hindiston) 18.45%
10. “Yilning eng yaxshi osiyolik WSB bokschisi” - Muhammad Etash Xan (Hindiston) 56 kg
Ovoz berish yakunlari:
Ushbu nominaciyada bir yo'la ikki bokschimiz - Bahodir Jalolov va Olimpiada chempioni SHahobiddin Zoirov kuchli uchlikdan joy olishdi. Lekin g'oliblik hindistonlik charm qo'lqop ustasiga nasib etdi.
1. Muhammad Etash Xan (Hindiston) 31.16%
2. Bahodir Jalolov (O'zbekiston) 25.58%
3. SHahobiddin Zoirov (O'zbekiston) 18.42%
11. “Yil kashfiyoti” - Gaurav Solanki (Hindiston) 52 kg
Etiborlisi, bu nominaciyada ham o'zbekistonlik ikki bokschi kuchli uchlikdan joy oldi. Lekin bu safar ham hindistonlik bokschi eng ko'p ovoz bilan birinchi bo'ldi. Biroz shubhali holat. Juda ko'p nominaciyalarda hindistonliklar birinchi o'rinni band etishdi.
Ovoz berish yakunlari:
1. Gaurav Solanki (Hindiston) 39.35%
2. Mirazizbek Mirzahalilov (O'zbekiston) 30.32%
3. SHunqor Abdurasulov (O'zbekiston) 10.98%
12. “Yilning eng yaxshi murabbiyi” - Rafaelle Bergamasko, Hindiston/Italiya
Ovoz berish yakunlari:
1. Rafaelle Bergamasko, Hindiston/Italiya 29.32%
2. Galimbek Kenjabaev (Qozog'iston) 26.58%
3. Daniyar Jusubaliev (Qirg'iziston) 9.13%
13. “Yilning eng yaxshi supervayzeri” - Aslan Igubaev (Qozog'iston)
Ovoz berish yakunlari:
1. Aslan Igubaev (Qozog'iston) 34.67%
2. SHelli Selovati xonim (Indoneziya) 23.17%
3. Muhammad Kamol SHbib (Suriya) 14.56%
Fikrlar