19 may 09:07
Yangiliklar

Ikki hafta davom etgan Rim "Masters" turnirida chempion aniqlandi
Bir kun oldin Rim turnirining ayollar o'rtasidagi musobaqasida italiyalik Jasmine Paolini bosh sovrinni qo'lga kiritgandi. Rim "Masters" turnirida ham mezbon tennischi chempionga aylanishi va bu bilan baxt to'kis bo'lishi mumkin edi. Lekin bunga ispaniyalik Karlos Alkaraz rozi bo'lmadi.
Hal qiluvchi final uchrashuvida ATP reytingida uchinchi o'rinni egallab turgan Karlos Alkaraz dunyoning birinchi raketkasi Yannik Sinnerga qarshi kortga chiqdi. Bir yuz besh daqiqa davom etgan bahsda Alkaraz 7/6(5), 6/1 hisobida zafar quchdi. Uch oylik chetlatishdan so'ng o'zining ilk musobaqasini o'tkazgan Yannik ikkinchi setda raqibiga qarshilik ko'rsata olmadi.
Karlos Alkaraz Yannik uchun noqulay raqib bo'lib qolmoqda. Tennischilarning o'zaro uchrashuvlari hisobida ispaniyalik oldinda bormoqda - 8:4. Alkaraz 4, Sinner 1 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Yannikda ko'proq bo'ldi - 3 ga 2. Breyklar bo'yicha ustunlik esa tabiiyki g'olib tennischi tomonida - 2 ga 0.
Bu Karlos Alkarasning mavsumdagi uchinchi, faoliyatidagi 19-sovrin bo'ldi. Ispaniyalik joriy mavsumda Monte-Karlo "Masters" hamda Rotterdamdagi ATP 500 turnirlarida ham bosh sovringa ega chiqqandi.
Fikrlar