22 mar 16:20
Yangiliklar
Menga telbaga munosabat qilgandek qarashlarini istamaganman. Xabib uch yil ichida ingliz tilini o'rgandi va shundan keyin yorqin jangchiga aylandi
U maqsadi sari intildi. Xabibni dahshatli vazn tashlashlar, doimiy mashg'ulotlar hamda tartib-intizom chempionga aylantirdi. U faoliyatining eng qiyin davrlarida ham o'zini yo'qotib qo'ymadi. Nurmagomedov 2014 yilda ko'plab jarohatlar oldi va ikki yil janglarda qatnasha olmadi. Rossiyalik sportchi ketma-ket oltita g'alabani qo'lga kiritganiga qaramasdan, uni unutib yuborishlaridan qo'rqib, tushkunlikka tushib qoldi. Ammo Xabib vaqtdan unumli foydalandi. Ikki yil davomida ingliz tilini o'rgandi, hamda boshqa inson bo'lib jang maydoniga qaytdi.
Rossiyalik jangchilar ingliz tilini o'rganmaydilar - bu ularning faoliyatiga zarar keltiradi. Xabib tarjimon orqali muloqot qildi, shu sababli qiyinchiliklarga duch keldi
Odatda AQSHga tashrif buyurgan rossiyalik jangchilar ingliz tilini bilmaydi. Rivojlanayotgan dunyo uchun bu tajribasizlikdir, hattoki Afrikaning kambag'al shaharlaridan va Yaqin SHarqdan UFC'ga kelayotganlar til o'rganib keladi. Tarjimon orqali muloqot qilishni Fedor Emelyanenko boshlab bergan edi - 15 yil davomida AQSHda faoliyat yuritganiga qaramasdan u ingliz tilida oddiy gaplarni ham gapira olmagan. Bu sportchining faoliyatiga jiddiy zarar etkazadi.
Til bilish - MMAda jangchining asosiy quroli. Bazida matbuot anjumanida aytilgan yaxshi iboralar sportchini yulduzga aylantiradi. Dono fikrlar gapirish shart emas, balki muvaffaqiyatli hazillar, hattoki noqulay so'zlar ham mashhurlikka olib kelishi mumkin. Zabit Magomedsharipov Kayl Bochniak bilan bo'lgan jangdan so'ng Dana Uaytga murojaat qilib, o'rgangan gaplarini takrorlay olmadi. Bu jangchiga hech qanday zarar etkazmadi, aksincha muxlislari safini kengaytirdi va “xu iz neys” (Who is next?) iborasi mashhur memga aylandi.
Lekin ko'pchilik rossiyalik jangchilar o'zlarining noto'g'ri fikrida turishadi: jim bo'lib vazifangni bajarsang, natijaga erishasan. Bu har doim ham qo'l kelmaydi: butun faoliyating davomida jim bo'lib, o'rta darajada qolib ketishing mumkin. Xabib boshqalardan farqli holda, buni tezda tushuna oldi.
Nurmagomedov Amerikaga kelganda 23 yoshda edi. U ingliz tilini bilmaganligi sababli, Red Fury guruhi menejeri Sem Karden (SHamil Kardanov) unga tarjimonlik qildi. Xabibgacha guruhda Vyacheslav Vasileviskiy, Mixail Malyutin va boshqa yosh jangchilar bo'lgan. Kardanov ularga Amerikaga kelishiga yordam bergan, til o'rganishga ham davat qilgan. Hattoki, u oddiy ruscha so'zlarni ingliz tiliga tarjima qilib, o'yin ham tuzgan edi.
«Qosh», «likopcha», «qoshiq» - oddiy so'zlar, biroq yosh jangchilar uchun qiyinlik qilgan. Vasileviskiy va Malyutin ingliz tilidan ozgina xabardor bo'lgan bo'lsalar, Xabib hech narsani bilmagan. U o'yin davomida faqatgina «uy» va «qiz» so'zini topa olgan. Jangchilar o'rtasida tortishuvlar ham yuzaga kelgan:
- “Uy” inglizchada nima deyiladi?
- Home.[ Vasileviskiy]
- House.[Xabib]
Ikkala variant ham to'g'ri, faqat qo'llanishi jihatidangina farq qiladi, biroq Xabib tanqid qilishni boshlar edi:
«Bu o'yin «Telbadanda telba»? Yo'q! «Telbalarning ham eng telbasi!», deyiladi».
Xabib ingliz tilini bilmaganligi sababli Maxachkala iqtisodiyot kollejidan ham haydalishiga sabab bo'ldi.
Abdulmanap Nurmagomedov “U ingliz tilini bilmaganligi uchun chetlatilgan edi. Ammo uning ustozi Xabibni butun dunyo anjumanlarida nutq so'zlayotganini eshitib, uni haydagani uchun kechirishini so'raydi. Ishoning, men bilim olishni birinchi o'ringa qo'yaman. O'g'limga ham “Oldin o'qish, keyin sport», deb aytaman», - degandi.
Xabib jarohat olganidan keyin til o'rganishni boshladi. U faoliyati tugadi deb o'ylagan edi, biroq hammasi yanada yaxshi tomonga o'zgardi
2014 yilda tizzasidan jiddiy jarohat oldi. Bu nafaqat MMAdagi, balki sport olamidagi tuzalish uchun kamida yarim yil ketadigan jiddiy shikastlanish hisoblanadi. SHu sababli ko'plab futbolchilar faoliyatini tugatgan va Xabib ham bu holatini: «O'sha paytda jarohatim tufayli sport bilan uzoq muddat shug'ullana olmasligimni bilmaganman. Operaciyadan keyin, 9 oy o'tib mashg'ulotlarga qaytishim mumkinligini aytishdi. CHunki oyoqning avvalgi holiga qaytishi uchun ko'proq vaqt kerak. 2000 yillarda shu holga tushgan sportchilarning hech biri qaytmadi. Birinchisi Ronaldo bo'ldi, u qaytdi va jahon chempionatida g'alabani qo'lga kiritdi. Bu tibbiy jihatdan yutuq edi», deya esga oladi.
Xabib faoliyatini qayta davom ettira olmasligidan qo'rqqan. Otasi uni qo'llab-quvvatladi, u vaqtdan foydalanib til o'rganishni boshladi:
«Rivojlanishing uchun nafaqat yaxshi jang qilishing, balki so'zlashishni ham bilish kerakligini tushunib etdim. Sen mashhur bo'lasan, seni odamlar kuzatishni boshlaydi, biroq insonlarga men ikkita so'zni bir-biriga bog'lab gapira olmaydigan telbaga o'xshab ko'rinishni istamadim.
Davolanish jarayonida uyalmasdan o'zim til o'rgandim, muloqot qildim. Harakatdan to'xtamasligim kerakligini his qildim. Intervyu berish uchun kerak bo'ladigan so'zlarni yodladim. Ammo grammatikani yanada yaxshi bilishim lozim. Jarohatimni Las-Vegasda davolashayotgan paytda ingliz tilida nutqim sezilarli darajada o'sgan va men gapirayotgan vaqtlarimda o'zimdan xursand bo'lar edim. O'z ustimda yanada ko'proq shug'ullanishni boshladim».
2015 yilga kelib Xabib sekin bo'lsada, tarjimonsiz muloqot qilishni boshladi. 2016 yilga kelib esa, ajoyib intervyu berishga muvaffaq bo'ldi: Konorni jangga chaqirdi, Diasning birodarlarini uysiz deb atadi. Nurmagomedovning talaffuzida kamchiliklar bo'lgani bilan grammatik jihatdan muammo yo'q edi.
AKA'dagi safdoshi Daniel Korme ingliz tilini o'rganishda Xabibga yordam berdi. Ular ko'p muloqot qilishdi va bu jangchining foydasiga ishladi.
Xabib “Korme - ingliz tilidan ustozim? U juda qimmat, uning bir soatlik darsi 15 ming rubl turadi»,-deya hazil qilgan edi.
Til o'rganish orqali Xabib cho'qqiga ko'tarildi. U odamlar haligacha esda saqlaydigan ajoyib iboralarning muallifiga aylandi.
Nurmagomedov «Bolaligimda ingliz tilini o'qiganman. Menda oz bo'lsada manba bor edi, biroq asosiysini Amerikada o'rgandim. 10 yillab Amerikada yashagan jangchilarni kuzatganman va ularning til o'rganmasdan faqat o'zining ona tilida gaplashishini tushunmayman», - deb aytgan.
Xabib ingliz tilida gaplashishni boshlaganida, uning faoliyati cho'qqiga qarab yuksalishni boshladi. G'alabaga erishganida odamlarning etiboriga tushdi, uning iboralarini haligacha esda saqlashadi:
“Send me location”;
“Dana, I will smash your body”;
“He tapped like a chicken”;
Korme til o'rganish Xabibning faoliyatiga yordam berganini “Xabib UFC kamarini qo'lga kiritganidan keyin o'zgarmadi. U ingliz tilini o'rganganidan keyin o'zgardi. U endi muloqot qilishni boshlaganda qiyinchiliklarga duch keldi va bunga qaramasdan to'xtamadi. Mana shu uchun ham biz uni yaxshi ko'ramiz», - deb takidlaydi.
2016 yil Maykl Jonsonni mag'lub qilganidan keyin, Xabib o'zining rejasi haqida aytadi:
«Men kamtar bo'lishni istagan edim, biroq ortiqcha gap ko'payganligi uchun jim tura olmayman. UFCning piar-mashinasi qanchalik kuchliligini bilaman. Men sizlarning jo'jangiz bilan kamar uchun kurashmoqchiman. Rossiyaliklar 150 million, irlandiyaliklar esa bor yo'g'i 6 million. Hozir bu erda mening muxlislarim deyarli yo'q, lekin jangimni minglab odamlar tomosha qilayotgani aniq. Jo Rogan, sen sportdagi eng yaxshi tahlilchilardan birisan, nima deb o'ylaysan, kamar uchun jangga loyiqmanmi?»
Rogan uning jangga tayyorligini takidlaydi.
CHempion hozirda 6 ta - rus, ingliz, turk, arab, kumik va avar (ona tili) tillarini biladi.
Vazn tashlash kerak - Xabib deyarli 20 kilogrammgacha vazn tashladi. Boksdagidek ko'tarilish kerak - Xabib yaxshi jangchiga aylandi. U chempion gapirishi hamda odamlarga shou ko'rsatishi kerakligini tushundi va buni ham amalga oshirdi. Aynan shu xususiyatlari sababli u sportni mag'lubiyatsiz tark etdi va bu uni boshqa jangchilardan ajratib turadi. Agar sportchi o'n yillab mashg'ulotlar qilsa va matbuot anjumanlariga qatnashganda jang o'tkaziladigan mamlakat tilini bilmasdan ishtirok etsa, u yaxshi jangchi darajasiga erisha olmasligi mumkin.
Ammo vaziyat o'zgaryapti: og'ir vazn toifasidagi UFC jangchisi Aleksandr Volkov ingliz tilida intervyu berishni boshladi, Petr Yan til o'rganmagan bo'lsada, matbuot anjumanlarida va ijtimoiy tarmoqlarda hali ham faol, Mahmud Muradov jangdan so'ng ingliz tilida fikrlarini bayon qilmoqda. Biroq Xabib jangchilar uchun kamtarlik hamma vaqt ham foyda keltirmasligini ko'rsatib berdi.
Sports.ru sayti asosida Ozoda Qayumova tayyorladi
Fikrlar