24 jan 11:24
Yangiliklar
Mundial tarixi. Omadli turklar, 64 soat uchgan koreyslar, qo'zg'olon boshlagan mag'lubiyat hamda doping qabul qilgan chempion haqida hikoya qilamiz
Pushkash va Vengriyaning nemislardan qabul qilgan mag'lubiyati
1950 yillarning boshida Vengriya terma jamoasi Evropada tengsiz, Ferenc Pushkash esa dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri hisoblanardi. Vengriyaliklar musobaqaning asosiy favoritlari qatorida edi, biroq guruh bosqichida GFR jamoasiga qarshi o'yinda nemis futbolchisi Verner Librix o'zaro kurashda Pushkashga jarohat etkazdi. Noqulay holda yiqilgan futbolchi to'pig'ini chiqarib oldi.
Hech kim ushbu vaziyat vengriyaliklar uchun mashum oqibatlarga olib kelishini taxmin qilmagan edi: "CHopqir mayor" laqabli Pushkash bir nechta o'yinni o'tkazib yubordi, qolaversa, nemislarga qarshi kechgan final uchrashuvida ham o'z imkoniyati darajasida samarali o'ynay olmadi.

Germaniyaning qaytishi
Braziliyada o'tkazilgan mundial paytida bo'lib o'tgan FIFA Kongressida urushda mag'lub bo'lgan G'arbiy Germaniya va Yaponiyaning tashkilotga azoligini tiklash to'g'risida qaror qabul qilindi. Har ikki mamlakat futbol federaciyalari darhol navbatdagi jahon chempionatining saralash bosqichida ishtirok etish niyatida ekanliklarini malum qildi.

Inglizlar ortidan ergashgan shotlandlar
Qura Buyuk Britaniyaning barcha to'rt terma jamoasi: Angliya, SHotlandiya, Uels va SHimoliy Irlandiyani yana bir saralash guruhida to'qnash keltirdi. Mablag'ni tejash maqsadida jamoalar barcha o'yinlarni bir davrada o'tkazishga qaror qildilar. Turnirda o'ziga xos intriga kuzatilmadi: inglizlar va shotlandlar finishga bir tur qolgandayoq dastlabki ikki o'rinni band etib bo'lishgandi. Glazgoda bo'lib o'tgan o'zaro bahsda inglizlar 4:2 hisobida g'alaba qozongan bo'lsalar-da, bu safar shotlandlar SHveycariya safaridan voz kechishmadi.
Probstning beshta goli
Avstriyalik hujumchi Erix Probst "Prater" stadionida bo'lib o'tgan uy uchrashuvida Portugaliya terma jamoasi darvozasini besh bor ishg'ol qildi. Mehmonlar 9:1 hisobida tor-mor etildi. Lissabonda esa avstriyaliklarning eng yaxshi to'purari gol ura olmadi — 0:0.
Milandagi sovuq uchrashuv
Misr – Italiya saralash juftligida barchasi oldindan malum edi, ammo Afrika vakili ikki karra jahon chempionlariga jiddiy qarshilik ko'rsatishga urinib ko'rdi. Qohiradagi o'yin 2:1 hisobida italiyaliklarning g'alabasi bilan yakunlandi, 1954 yil 24 yanvarda bo'lib o'tgan ikkinchi bahsda esa durang natija salkam bir soat davomida saqlanib turdi. SHimoliy Italiya aholisi uchun odatiy hol bo'lgan sovuq va qor issiqsevar misrliklarga salbiy tasir ko'rsatdi va ular uchrashuv so'ngida kechirib bo'lmas xatolarga yo'l qo'ya boshladilar. Italiyaliklar bundan unumli foydalanib, 5:1 hisobida g'alaba qozonishdi.
Turklar ko'r-ko'rona qura tashlash yo'li bilan tanlandi
Ispaniya va Turkiya terma jamoalariga g'olibni aniqlash uchun ikkita o'yin kamlik qildi. Dastlab ispanlar 4:1 hisobida ustun kelishdi, o'z uylarida esa turklar kuchliroq chiqishdi – 1:0. U yillarda qo'shimcha ko'rsatkichlar inobatga olinmagani sababli, jamoalar uchinchi marta o'zaro to'qnash kelishlariga to'g'ri keldi. Ammo Rimdagi qo'shimcha o'yin ham g'olibni aniqlab bermadi, chunki bahs 2:2 hisobida yakunlandi. Natijaga nafaqat Bosfor jamoasining jangovar ruhi, balki ispanlarning ikkita golini bekor qilgan italiyalik hakam Bernardi ham tasir ko'rsatdi. Qura tashlashga to'g'ri keldi. Tashkilotchilar tasodifan tanlagan, Rim stadioni xodimlaridan birining 14 yoshli o'g'li Luiji Franko Jemma ko'zlari bog'langan holda vazadan Turkiya terma jamoasi nomi yozilgan qog'ozchani tortib oldi. SHu tariqa, Turkiya jahon chempionatining final bosqichiga yo'l oldi, Ispaniya esa turnirdan chetda qoldi.
Eng qizig'i shundaki, ikki jamoa qarama-qarshiligi natijasiga oldindan ishongan FIFA hali masala hal bo'lmasdanoq ispanlarni (avvalgi mundialda to'rtinchi o'rinni olgan) saralangan terma jamoalar qatorida tasdiqlab bo'lgandi – keyin esa ularni JCH debyutanti bo'lgan turklarga almashtirishga majbur bo'ldi.
Saarland terma jamoasining yagona ishtiroki
Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan va Franciya boshqaruvi ostida bo'lgan mamlakat jamoasi faqat jahon chempionati saralashi doirasida birinchi va oxirgi marta ishtirok etdi. Jahon chempionlarining bo'lajak murabbiyi Xelmut SHyon boshqaruvidagi Saarland terma jamoasiga qura Norvegiya va... GFRni raqib qildi. Qo'shnilar bilan o'yinlar to'lib-toshgan tribunalar ostida o'tdi va kutilganidek yakunlandi — nemislar foydasiga 3:0 va 3:1. 1957 yil o'tkazilgan referendum yakunlariga ko'ra Saarland GFR tarkibiga qo'shildi.

Polyaklar kuchini sinab ko'rishni istamadi
Saralash o'yinlarida Polsha terma jamoasiga raqib sifatida Vengriya jamoasi to'g'ri keldi. Ammo ular Varshavada musobaqadan chiqib ketishni afzal ko'rishdi – kuchlar teng emasdi.
Polyaklar Pushkash va Kochish boshchilik qilgan buyuk vengr jamoasining o'yinlarini hayrat bilan kuzatishardi, ammo ularga qarshi maydonga chiqib, kurashishga jurat etmadi. Vengriya yulduzlari – Ferenc Pushkash va SHandor Kochish o'sha davrda dunyoning eng kuchli hujumchilari sanalgan.
Janubiy Amerikada ilk saralash o'yini
Janubiy Amerikada ilk saralash bahsini o'tkazish huquqi Paragvay va CHili terma jamoalariga nasib etdi, ular 1954 yil 14 fevralda Asunsonda o'zaro to'qnash keldilar. O'yin mehmonlarning yirik mag'lubiyati bilan yakunlandi, chililiklar o'z darvozasidan javobsiz to'rtta to'p o'tkazib yubordi.
Xaloskor Baltazar
O'z maydonidagi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng saralashdan o'tishga majbur bo'lgan braziliyaliklarning eng yaxshi to'purari hujumchi Baltazar bo'ldi. Jamoaning to'rtta saralash o'yinida urilgan sakkizta golidan beshtasi uning hisobiga yozildi. "Oltin bosh" laqabli "Korintians" klubi o'yinchisining aniq zarbalari braziliyaliklarga CHiliga qarshi ikki o'yinda, shuningdek, Paragvay bilan safar bahsida g'alaba keltirdi.
Bosqinchilardan olingan qasos
Janubiy Koreya terma jamoasi futbol maydonida Yaponiyaga qarshi o'yinlarda o'z mamlakatining uzoq yillik okkupaciyasi uchun ramziy qasos oldi. Bu, albatta, mamlakat prezidenti Li Sin Manning diqqat markazida edi – u futbolchilarning ishtirokini yaqindan kuzatib borgan.
Saralash turniri uy va safar tizimidagi ikki o'yindan iborat bo'lishi kerak edi. Yaponiya terma jamoasi Koreyaga safarga tayyorlana boshlaganda, Li Sin Man futbolchilarga mamlakatga kirishni taqiqlab, "birorta ham yapon bu erga qadam bosmaydi", degan fikrni ilgari surdi. SHundan so'ng har ikki o'yinni Yaponiyada o'tkazishga qaror qilindi. Ammo Li Sin Man bitta shart qo'ydi – agar koreyalik futbolchilar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, okeanga cho'kib o'lishni afzal ko'rishlari kerak bo'ladi.
Birinchi o'yinda mehmonlar sensaciyali tarzda 5:1 hisobida g'alaba qozondi. Ikkinchi bahs oldidan yaponlar bosh murabbiyi Kavamoto tarkibni kuchaytirish maqsadida o'zini ham o'yin qaydnomasiga kiritdi. Yaponlar birinchi bo'lib gol urishdi, ammo tanaffusga jamoalar Koreya terma jamoasi foydasiga 2:1 hisobi bilan chiqib ketishdi. Ikkinchi bo'lim o'rtasida mezbonlar hisobni tenglashtirdi va bosimni davom ettirdi. O'yin tugashiga besh daqiqa qolganda qatiyatli Kavamoto mehmonlar darvozabonini aldab o'tishga muvaffaq bo'ldi, biroq xuddi yong'inga shoshilgandek etib kelgan himoyachi Li Yon Kap to'pni darvoza chizig'idan qaytarib yubordi. Uchrashuv durang bilan yakunlandi – 2:2.
MUSOBAQA TIZIMI
CHempionat boshqa hech qachon qo'llanilmagan g'ayrioddiy sxema bo'yicha o'tkazildi. 16 ta terma jamoa to'rt guruhga taqsimlandi, ulardan ikkitadan jamoa keyingi bosqichga chiqardi. Biroq guruh ichida ishtirokchilar uchta raqibdan faqat ikkitasi bilan o'ynashdi. Gap shundaki, barcha terma jamoalar dastlab 8 ta "kuchli" va shuncha "kuchsiz"larga ajratilgan edi. Quraga ko'ra, guruhdan har bir toifadan ikkitadan jamoa joy oldi. Favoritlar autsayderlarga qarshi o'yinlarda keyingi bosqich yo'llanmasini oldindan naqd qilishlari, shundan so'ng o'zaro uchrashuv hech qanday manoga ega bo'lmasligi taxmin qilingandi. G'oya, ehtimol, yomon bo'lmagandir, ammo favoritlarni tanlashda FIFA mavhum mezonlarga tayangan edi, shu sababli qo'shimcha bahslarning oldini olib bo'lmadi. Durang natijalarga qarshi ham g'alati kurash olib borildi: agar guruhdagi o'yinda g'olibni aniqlash uchun asosiy vaqt etarli bo'lmasa, qo'shimcha 30 daqiqa belgilanardi. Agar bu ham yordam bermasa, durang natija o'z kuchida qolardi.
1-guruh
Qura taqdiriga ko'ra, birinchi guruh tarkibi deyarli avvalgi jahon chempionatidagidek bo'lib chiqdi, faqat SHveycariya o'rnini Franciya terma jamoasi egalladi. Braziliyaga birinchi turda yana Meksika ro'baru keldi. Mazkur o'yin natijasi to'rt yil oldingi yirik g'alabadan bir golga ko'proq bo'ldi. Qizig'i shundaki, gollardan birini 1950 yildagi kabi "selesao" tarkibida "Marakana" fojiasidan keyin saqlanib qolgan ikki futbolchidan biri Baltazar urdi. Ikkinchisi otasi shveycariyalik, onasi braziliyalik bo'lgan yarim himoyachi Bauer edi.
Franciya va Yugoslaviya o'rtasidagi parallel kechgan o'yin keskin, bazida esa qo'pol kurashlar ostida o'tdi va unda Bolqonlik nominal autsayderlar Milosh Milutinovichning goli evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. Yugoslaviya terma jamoasi dastlabki 45 daqiqada qarshi hujumga o'tishga urinib ko'rdi, ammo ikkinchi bo'limda asosiy etiborni himoyaga qaratdi. O'z darvozasini saqlab qolish uchun har qanday usullar ishga solindi. Masalan, francuzlar sardori Jonkening burnini sindirishdi, biroq kerakli hisobni ushlab qolishdi.
SHu tariqa, ikkinchi turdagi Braziliya – Yugoslaviya o'yinida har ikki jamoaga ikkinchi bosqichga chiqish uchun durang etarli edi va yakunda uchrashuv aynan shunday natija bilan tugadi.
Braziliyaliklar "kanarino"ga aylanishdi
Braziliya terma jamoasi o'yinchilari jahon chempionatlarida ilk bor keyinchalik mashhur bo'lib ketgan libosda – sariq futbolkalarda maydonga tushdilar. Jamoa ilgari o'ynab kelgan oq rang 1950 yilgi o'z maydonidagi jahon chempionatidagi mag'lubiyatdan so'ng omadsiz deb topilgan edi.
2-guruh
FIFA 2-guruhda ikkinchi "kuchli" jamoa sifatida Turkiya terma jamoasini tanladi. Bunda malum mantiq bor edi, chunki turklar saralash bosqichida ispanlarni musobaqadan chiqarib yuborishgandi. Nemis jamoasi avvalgidek yuqori baholanmayotgandi – ular jahon urushi va xaritada ikki Germaniya paydo bo'lganidan keyin ilk bor musobaqada qatnashishga ruxsat olgandi. O'zaro uchrashuvning ikkinchi daqiqasidayoq Turkiya nemislar darvozasini ishg'ol qildi, bu esa FIFAning haq ekanligidan dalolat berayotgandek edi. Ammo "Bundestim" o'tkazib yuborilgan goldan so'ng tezda o'ziga keldi va 14-daqiqada SHefer hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo'lim boshida nemislar sakkiz daqiqa ichida yana ikkita to'p kiritishdi, final hushtagi chalinishiga olti daqiqa qolganda esa Morlokning zarbasi uchrashuvga yakun yasadi. Parallel kechgan uchrashuvda birinchilikning yaqqol favoritlari – vengriyaliklar Koreya terma jamoasini qiyinchiliksiz mag'lub etishdi: Kochish xet-trik qayd etdi, Pushkash va Palotash o'z hisoblariga dubl yozdirib qo'yishdi. Vengriyaga qarshi ikkinchi tur o'yini oldidan nemislarning tajribali murabbiyi Zepp Xerberger tarkibning yarmini almashtirdi.
"Tulki" laqabli Xerberger shogirdlari dunyoning eng kuchli jamoasi bosimiga dosh berishi qiyinligini juda yaxshi tushunardi, shu sababli asosiy o'yinchilarni asrashga va buning ustiga o'z terma jamoasining haqiqiy kuchini vengriyaliklardan yashirishga qaror qildi. Turnir reglamenti har qanday hisobdagi mag'lubiyatga yo'l qo'yardi. SHu sababli 3:8 hisobidagi yirik mag'lubiyat nemislarni unchalik xafa qilmadi. Kochish bu safar to'rtta to'p kiritib, polyak Vilimovskiy va braziliyalik Ademirning natijasini takrorladi. Biroq favoritlar jiddiy yo'qotishga uchradi – Librix qasddan bo'lmasa-da, Ferenc Pushkashni jarohatladi: Vengriya hujumchisi to'p uchun kurashda noqulay yiqilib, to'pig'ini chiqarib oldi.
Qo'shimcha o'yin
GFR 7:2 TURKIYA
Koreyani tor-mor etgan turklar ochkolar bo'yicha GFR bilan tenglashdilar va reglamentga ko'ra qo'shimcha o'yin o'tkazishga to'g'ri keldi. Bu safar nemislar tashabbusni boshidanoq o'z qo'llariga olishdi: 12-daqiqada hisob allaqachon 2:0, 30-daqiqada esa 3:1 ko'rinishiga kelgandi. Ikkinchi bo'limda Morlok, SHefer va Valter aka-ukalarining kattasi Fric turklar darvozasini yana to'rt bor ishg'ol qildi. Ikkinchi guruhdagi sermahsullik futbol ishqibozlarini hayratda qoldirdi – beshta uchrashuvda 41 ta to'p kiritildi, bu har bir o'yinga o'rtacha 8 tadan ortiq gol deganidir.
Koreyslarning mashaqqatli yo'li
Janubiy Koreya jamoasi SHveycariyaga ikki guruh bo'lib etib bordi: biri "Air France" aviakompaniyasining muntazam reysi bilan, boshqasi – Amerika bombardimonchi samolyotining yuk bo'limida uchdi. Ikkinchi guruhning parvozi 64 soat davom etdi. Safardan holdan toygan tajribasiz koreyslar SHveycariyada ikki o'yinda umumiy 0:16 hisobida mag'lub bo'ldi.
3-guruh
Uchinchi guruhda tashkilotchilar autsayderlarni to'g'ri topdilar – ikkita "saralanmagan" jamoa umumiy 0:15 hisobi bilan musobaqadan chiqib ketdi. Kvartet favoritlari amaldagi jahon chempionlari – urugvayliklar bo'lib, ular tarkibda Braziliya ustidan qozonilgan g'alabaning aksariyat qahramonlarini saqlab qolgandilar. Gijaning yo'qligi jiddiy yo'qotish bo'ldi, ammo safda "qora dohiy" Varela bor edi. CHexoslovakiyaga qarshi birinchi o'yinda "seleste" bor kuchini sarflamadi, shunga qaramay, Miges va Skyaffinoning gollari evaziga 2:0 hisobida ishonchli g'alabaga erishdi. Avstriyaliklar kuchga asoslangan futbolga tayangan SHotlandiyadan texnik jihatdan sezilarli darajada ustun edilar, ammo 1:0 hisobidagi g'alabani belgiyalik hakam Frankenning yordamisiz qo'lga kirita olmadilar.
Birinchi turdagi kamtarona g'alabalardan so'ng "kuchlilar" ikkinchi turda haqiqiy gollar shousini uyushtirishadi deb kim o'ylabdi deysiz? Aslida bunga asoslar bor edi. Masalan, shotlandlar murabbiysiz qolishdi – futbol federaciyasi rahbarlarining "qimmatli" maslahlaridan bezor bo'lgan Endryu Bitti Avstriyadan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng istefo berdi. Urugvay bilan o'yinda bosh murabbiysiz qolgan jamoa faqat birinchi bo'limda ozmi-ko'pmi qarshilik ko'rsatdi va 0:2 hisobida yutqazdi. O'yinning ikkinchi yarmida esa urugvayliklar shotland himoyasini shunchaki yakson qildilar.
Tezkor qanot hujumchilari Borxes va Abbadi to'xtatib bo'lmas darajada harakat qilishdi: ular o'zlari ham gol urishdi va avvalgi urugvayliklarning eng yaxshi snayperi bo'lgan Migesni ham to'plar bilan "siylashdi". Barchasi 7:0 hisobidagi yirik mag'lubiyat bilan tugadi. Borxes darvozani uch marta ishg'ol qildi, Miges va Abbadi esa – ikki martadan. O'z navbatida avstriyaliklar chexlarni shafqatsizlarcha mag'lub etishdi. 24-daqiqaga kelib hisob allaqachon 4:0 ko'rinishini olgandi, buning ustiga shotlandlarga g'alaba golini urgan Erix Probst 20 daqiqa ichida xet-trik qayd etdi. Ikkinchi bo'limda Stoyaspal uchrashuvga nuqta qo'ydi.
Barcha narsadan tejashdi
SHotlandiya terma jamoasi mablag'ni tejash maqsadida jahon chempionatiga juda qisqartirilgan tarkibda keldi: SHveycariyaga 22 nafar o'yinchi o'rniga bor-yo'g'i 13 kishi yo'l oldi, ulardan biri darvozabon edi. Birinchi o'yin oldidan avstriyaliklar sardori shotlandlarga esdalik bayroqchasini topshirdi, ammo evaziga hech narsa olmadi – britanlarda bayroqcha topilmadi.

4-guruh
To'rtinchi guruhda FIFA eng kuchli jamoalar sifatida Angliya va ikki karra jahon chempionlari – Italiyani tan oldi. Braziliyadagi sharmandagarchilikdan keyin o'zini oqlash istagida bo'lgan angliyaliklar belgiyaliklarga qarshi o'yinning 9-soniyasidayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo Loftxausning juda kuchli zarbasi ustunga yaqin joydan o'tib ketdi. Biroq birinchi bo'lib aynan belgiyaliklar gol urdi – Pol Anul ikki himoyachi bilan kurashda to'pni darvozaga joyladi.
Haddan tashqari "akademik" uslubda o'ynagan angliyaliklar tashabbusni qo'lga olish uchun katta kuch sarfladi va oxir-oqibat buning uddasidan chiqdi: 40 yoshli Stenli Metyuzning ajoyib uzatmasidan so'ng Brodis hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo'lim o'rtasiga kelib, britaniyaliklar 3:1 hisobida oldinga chiqdi va o'yin masalasini hal qildik, deb o'ylashdi. Bu o'y xato bo'lib chiqdi, chunki belgiyaliklarga hisobni tenglashtirish uchun atigi to'rt daqiqa kifoya qildi.
Qo'shimcha vaqtda Loftxausning aniq zarbasi angliyaliklarga g'alaba keltirgandek tuyuldi, ammo himoyachi Dikinson boshi bilan to'p yo'nalishini o'zgartirib, uning mehnatini yo'qqa chiqardi.
Italiyaliklar ham turnirni omadsiz boshladi – ular mezbonlar tomonidan kutilmagan qarshilikka duch keldi. Bu o'yinda hakamning "yordami" ham bo'ldi, u bahsni juda yomon boshqardi. 70-daqiqada braziliyalik hakam Viana Lorencining toza golini soxta ofsayd sabab bekor qildi. Italiyaliklar uzoq etiroz bildirishdi, ammo foydasi bo'lmadi. Keyin esa Xyugining zarbasi SHveycariyaga g'alaba keltirdi.
O'yin oxirida "skuadra adzurra" futbolchilari hakam bilan tortishuvga berilib ketgani sabab uchrashuvning yakuni butunlay izdan chiqdi. Hakam uni tepgan ikki italiyalik futbolchini faqat og'zaki ogohlantirish bilan cheklandi, ammo maydondan chetlatishga jurat qilmadi. Keyinchalik FIFA intizom qo'mitasi Viananing nohaqligini tan olib, uni hakamlikdan chetlatdi.
Ikkinchi turda italiyaliklar belgiyaliklardan "qasos" oldi – 4:1 hisobida yirik g'alaba qozondi, mezbonlar esa ancha zerikarli o'yinda angliyaliklarga 0:2 hisobida yutqazdi. Natijada qo'shimcha o'yin – Italiya va SHveycariya uchrashuvini o'tkazishga to'g'ri keldi.
Rappan "qulfi"
SHveycariya terma jamoasi murabbiyi Karl Rappan ishlab chiqqan o'yin tizimi shunday nom olgan. Ko'p sonli iqtidorli ijrochilarga ega bo'lmagani sababli, u o'z jamoasining himoya chizig'ini mustahkamlashga harakat qildi. Qanot yarim himoyachilari amalda himoyachilarga aylanishdi, himoya markazida esa "tozalovchi" paydo bo'ldi. Tizimning bitta, ammo jiddiy kamchiligi bor edi – hujum va himoya chiziqlari o'rtasida juda katta uzilish yuzaga kelardi.
Qo'shimcha o'yin
SHVEYCARIYA 4:1 ITALIYA
"Skuadra adzurra" o'yinchilari uchrashuvga noodatiy tarkibda tushdi. SHveycariyaliklar bilan bo'lgan birinchi o'yindagi muvaffaqiyatsizlikdan so'ng jamoa ichida kelishmovchiliklar boshlanib, tarkibning keskin o'zgartirilishiga olib keldi. Bu holat o'yinchilarning harakatlarida o'z aksini topmay qolmadi. 14-daqiqada shveycariyalik Xyugi hisobni ochdi, ikkinchi bo'lim boshida esa Ballaman farqni ikkitaga oshirdi. 67-daqiqada musobaqa mezbonlarining "xizmati" evaziga hisobdagi farq qisqardi – himoyalanayotgan paytda Nestining boshini nishonga olishdi, oqibatda to'p hujumchiga tegib, darvoza to'ridan o'rin oldi. Italiyaliklar bor kuchini oldinga tashladi va ikki bor mezbonlarning qarshi hujumiga duch keldilar. 85-daqiqada Xyugi yana gol urdi, final hushtagi chalinishi oldidan esa Fatton hisobni yirik ko'rinishga keltirdi – 4:1.
CHORAK FINAL
GFR 2:0 YUGOSLAVIYA
Jenevadagi o'yinni bir jumla bilan tariflash mumkin: yugoslavlar hujum qilishdi, nemislar esa gol urishdi. So'nggi Olimpiadaning kumush medali sohiblari butun uchrashuv davomida yaqqol ustunlikka ega bo'ldi. CHaqqon yugoslaviyalik hujumchilar 90 daqiqani faol o'tkazdi, ammo nemislar darvozaboni Turekga bas kelib bo'lmadi. Uning hamkasbi Beara esa birinchi bo'limda, aksincha, to'pga atigi bir marta — o'z jamoasi himoyachisi Xorvatning muvaffaqiyatsiz harakatidan so'ng to'pni to'rdan olib chiqayotganida tegindi. Uchrashuv so'ngiga kelib samarasiz hujumlardan toliqqan yugoslavlar holdan toydi va yana bir gol o'tkazib yubordi. Jahon chempioniga aylangan hujumchi Xans SHefer ushbu bahsni terma jamoaning eng qiyin o'yini deb atadi.
ISHQIBOZLAR MOVIY EKRAN QARSHISIDA
Jahon chempionati o'yinlari ilk bor televidenie orqali namoyish etildi. Ko'rsatuvlar G'arbiy Germaniyada katta mashhurlikka erishdi, u erda odamlar do'kon vitrinalari oldida yoki televizori bor "baxtli" insonlarning uylarida to'planishardi. GFR va Vengriya terma jamoalari o'rtasidagi final uchrashuvi Evropaning sakkiz mamlakatiga jonli efirda uzatildi.

AVSTRIYA 7:5 SHVEYCARIYA
Saviya jihatidan avstriyaliklardan ortda qolayotgan mezbonlar ilk daqiqalardan raqibni hujumkor o'yin bilan esankiratib qo'yishga urindi. Rappanning rejasi ish berdi – 19-daqiqaga kelib uning shogirdlari 3:0 hisobida oldinda borishayotgandi. Voqealar rivojining bunday tus olishi avstriyaliklarni sarosimaga solmadi va ular taslim bo'lishmadi. Bor-yo'g'i 15 daqiqa o'tib hisob allaqachon ularning foydasiga 5:3 ko'rinishini olgandi. SHveycariyaliklarning o'tib bo'lmas himoyasi qoq markazdan darz ketdi, ushbu nuqtada jamoa sardori Boke ishonchsiz harakat qilayotgandi. Faxriy futbolchi ancha oldin neyroxirurg tig'i ostiga yotishi kerak edi, ammo u shifoxonaga jahon birinchiligidan keyin borishga qaror qilgandi. Jazirama ob-havo va o'ta keskin kurash ostida miya o'simtasi o'z so'zini aytdi: Boke xuddi tuman ichida yurgandek harakat qilardi. Ikkinchi bo'limda jamoalar yana ikkitadan gol urishdi, bunda avstriyalik Vagner va mezbonlar hujumchisi Xyugi xet-trik qayd etishdi, natijada turnirdagi xet-triklar soni ettitaga etdi.
URUGVAY 4:2 ANGLIYA
Inglizlarga ob-havo borasida omad kulib boqmadi – Urugvay bilan ular janubiy amerikaliklar uchun odatiyroq bo'lgan 30 darajali issiqda o'ynashga majbur bo'lishdi. "Moviyranglilar" klassik sxemalarga o'rganib qolgan inglizlarni qayta-qayta qiyin ahvolga solib qo'yishdi va poziciyalarni almashtirgan holda chiroyli kombinaciyalar uyushtirdi. Garchi futbol mamlakati vakillari jahon chempionlarining qanot hujumchilari faolligini jilovlashga muvaffaq bo'lishgan va Billi Rayt dahshatli Migesni o'yindan butunlay chiqarib tashlagan bo'lsa-da, urugvayliklar improvizaciya va ijodkorlikda evropaliklardan yaqqol ustun kelishdi. Hisobni beshinchi daqiqadayoq Borxes ochdi, biroq ko'p o'tmay Loftxaus yiqilib zarba bergan holda hisoni tenglashtirdi. Varelaning golidan so'ng urugvayliklar yana oldinga chiqib olishdi, ikkinchi bo'lim boshida esa hisobni 3:1 ga etkazishdi. Inglizlar Tom Finnining goli bilan javob qaytarishdi, ammo Xaver Ambroys ikki to'p farqini tikladi. G'alaba urugvayliklarga qimmatga tushdi, chunki birdaniga uchta etakchi o'yinchi – Varela, Abbadi va Miges jiddiy jarohat oldi.
VENGRIYA 4:2 BRAZILIYA
Turnirda texnik jihatdan eng kuchlilari bo'lgan ikki jamoa o'rtasidagi o'yin ajoyib futbol tomoshasi bo'lishi mumkin edi, ammo shafqatsiz jangga aylanib ketdi. Bu qanday sodir bo'ldi? Braziliya terma jamoasi azolaridan biri keyinroq izoh berganidek, "selesao" o'yinchilari qura ularga raqib sifatida jahonning eng kuchli va avval hech qachon duch kelmagan jamoasini tanlaganini bilgach, qattiq tushkunlikka tushishgan edi. Ular "Marakanaso" voqeasi uchun revansh olishga umid qilishgandi, ammo taqdir yana ularning ustidan kuldi. Braziliyaliklarning harakatlaridagi asabiylik o'yinning boshidanoq sezilib turdi. To'rtinchi daqiqada Pineyro o'z jarima maydonchasi ichida keraksiz aldash harakatini boshlab, to'pni yo'qotdi. Darvozabon Kastilo ketma-ket ikkita zarbani qaytardi, ammo Xidegkutining kuchli takroriy zarbasi oldida ojiz qoldi. Oradan bor-yo'g'i uch daqiqa o'tib hisob 2:0 ko'rinishini oldi – Kochish o'ng qanotdan uzatilgan to'pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo'ydi. Jalma Santos penaltidan hisobdagi farqni qisqartirdi, ikkinchi bo'limning dastlabki qismida esa jamoalar gollar almashishdi.
Braziliyaliklarda vaziyatni o'nglash uchun imkoniyat bor edi, ammo to'p vengrlar darvozasiga kirmadi – goh darvozabon Groshich, goh darvoza ustuni qutqarib qoldi. Braziliyaliklarning asablari dosh bermadi va hakam Ellis qo'pollik uchun uch o'yinchini: vengriyalik Bojik, braziliyalik Nilton Santos va Umbertoni maydondan chetlatishga majbur bo'ldi. O'yin tugashiga ikki daqiqa qolganda Kochish tomonidan urilgan gol ommaviy mushtlashuv boshlanishi uchun signal bo'ldi.
JIRKANCH BERN JANGI
Braziliya va Vengriya terma jamoalari o'yin tugashi arafasida maydonda nafratli jang uyushtirdi. Urushayotgan o'yinchilarni ajratishda hakamlarga ko'maklashish uchun policiya aralashdi. Ammo tribuna ostida mushtlashuv yangi kuch bilan avj oldi. Bu safar jarohat olgan va o'yinda qatnashmagan Pushkash janjal tashabbuskoriga aylandi – u braziliyaliklardan birining boshiga shisha bilan tushirdi. Mushtlashuvda jamoalar, suratkashlar, policiyachilar, massajchilar – yaqin atrofda kim bo'lsa, barcha ishtirok etdi.
YARIM FINAL
VENGRIYA 4:2 URUGVAY
Urugvay va Vengriya terma jamoalari o'rtasidagi yarim finalda raqiblar shu qadar texnik, ijodkor va tartibli harakat qilishdiki, buni jurnalistlar "asr o'yini" deb nomlashdi. Yomg'ir va loy maydon jamoalarga eng chiroyli futbol namoyish etishga xalaqit bermadi. Dastlab vengrlar ustunlik qilishdi va ikkinchi bo'lim boshiga kelib Cibor va Xidegkutining gollaridan so'ng 2:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. Oxirgi chorak soatda urugvayliklar Skyaffino va Xoxbergning say-harakatlari evaziga hisobni tenglashtirdilar. Birinchisi pas berdi, ikkinchisi 75 va 86-daqiqalarda gol urdi. Qo'shimcha vaqtda "moviyranglilar" oldinga chiqib olishi mumkin edi, ammo Skyaffino darvoza ustunini nishonga oldi. Zarba berish paytida himoyachilar Urugvay terma jamoasi etakchisini jarohatlashdi, shu sababli u to'liq kuch bilan o'ynay olmadi. Ehtimol, bu o'yin natijasiga tasir qilgandir. Urugvayliklarda boshqa gol urish imkoniyati bo'lmadi, vengrlar esa Kochishning zarbalaridan so'ng yana ikkita to'p kiritdi.
GFR 6:1 AVSTRIYA
Nemislarning raqiblari boshida yaxshiroq ko'ringandi, ammo, odatdagidek, hisobni nemislar ochdi – 31-daqiqada SHefer Fric Valterning qoyilmaqom uzatmasidan unumli foydalandi. Ikkinchi bo'lim boshida Morlok hisobni ikkitaga oshirdi, biroq bir necha daqiqa o'tib avstriyaliklar bitta gol bilan javob qaytarishdi – Turek to'pni qo'lidan chiqarib yubordi va Probst darvozaga joyladi. Go'yoki kurash qayta qiziydigandek edi, ammo 10 daqiqa ichida GFR jamoasi uchta gol urib, g'olib kim bo'lishi haqidagi barcha savollarga to'liq chek qo'ydi. Oltinchi to'pni Ottmar Valter final hushtagi chalinishiga bir necha daqiqa qolganda kiritdi. Biroq uchrashuvning bosh qahramoni u emas, balki uning akasi Fric bo'ldi. U barcha oltita golda ishtirok etdi – ikki marta penaltini aniq amalga oshirdi va to'rt marta sheriklariga uzatma berdi.
GFR terma jamoasi sardori SHveycariyada favqulodda o'yin namoyish etdi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida asirga tushgan va Vengriya hududidagi lagerda saqlangan futbolchining qachonlardir jahon chempioni bo'lishiga kamdan-kam odam ishonardi. Murabbiy Zepp Gerberger bunday mahorat egasini boshqa topib bo'lmaydi deb hisoblardi: "Fric to'pni qabul qilib olishidan oldinroq, uni qaerga uzatishni bilardi".
3-o'rin uchun bahs
AVSTRIYA 3:1 URUGVAY
Urugvayliklarda jahon chempionatlarining 100-o'yini bo'lgan "bronza" uchun bahs katta qiziqish uyg'otmadi, shu sababli ular hafsalasizlik bilan tayyorgarlik ko'rishdi. Ko'p titulga ega bo'lmagan avstriyaliklar uchun esa o'yin muhim edi va ishtiyoq bilan o'tkazishdi. 16-daqiqada Dinst jarima maydonchasida yiqitildi va Stoyaspal penaltini aniq amalga oshirdi. Biroq urugvayliklar tez orada hisobni tenglashtirishdi va durang natija 59-daqiqagacha saqlanib turdi, o'shanda "moviyranglilar" himoyachisi Luis Krus to'pni o'z darvozasiga burib yubordi. o'yin yakuniga 11 daqiqa qolganda Ocvirk avstriyaliklarning g'alabasini uzil-kesil rasmiylashtirdi.
FINAL: GFR — VENGRIYA — 3:2 (2:2)
Ehtimol, jahon birinchiliklari finallari ishtirokchilaridan birortasi vengrlar kabi yaqqol favorit bo'lmagandir. Bunga statistika ham ishontirardi. Vengriya terma jamoasi so'nggi to'rt yil ichida birorta ham o'yinda mag'lub bo'lmagan, 29 ta g'alabaga erishib, to'plar nisbatini 144:33 ko'rinishiga keltirgandi! 6:3 hisobida yakunlangan mashhur o'yinda jamoa tarixda ilk bor Angliyani o'z maydonida mag'lubiyatga uchratgandi. Budapeshtdagi javob uchrashuvida esa futbol asoschilarini naq 7:1 hisobida tor-mor etdi! "SHu orada" vengrlar 1952 yilda beshta uchrashuvda 20 ta gol urib, Olimpiada "oltin"ini qo'lga kiritishdi. Xullas, vengrlarning g'alabalari va xizmatlari ro'yxati ularning obro'-etibori kabi ulkan edi.
Boshqa tomondan, SHveycariyada nemislarning ochiqchasiga omadi kelayotgandi. Ular mantiqan yirik hisobda yutqazishlari kerak bo'lgan o'yinda yugoslavlarni mag'lub etishdi. Qura yarim finalda ularga eng kuchsiz raqibni tanlab berdi. Hal qiluvchi bahsda ularga ob-havo borasida ham omad kulib boqdi. Kuchli yomg'ir yog'ayotgan edi, bunday ob-havo sharoitini esa nemislar "Fric Valter ob-havosi" deb atashardi – urushda bezgak bilan kasallangan futbolchi yomg'irda xavfli jangchiga aylanardi.
Nemislar o'yinga juda jiddiy tayyorgarlik ko'rishdi va eng mayda detallargacha etibor berishga harakat qilishdi. Xususan, noqulay ob-havoni hisobga olgan holda butsalar uchun turli xil tishlar to'plami tayyorlangan edi, jamoa chigilyozdi mashqlarini vengrlar kabi yomg'irdan ivib ketgan maydonda emas, balki stadiondagi mashg'ulot zalida o'tkazdi. Adidas kompaniyasidan Adi Dassler G'arbiy Germaniya terma jamoasini yangi turdagi – tishlari almashtiriladigan butsalar bilan taminladi. Ushbu tishlar tanaffus vaqtida almashtirilgan.

SHunga qaramay, uchrashuv boshi Xerberger shogirdlariga hech qanday yaxshi alomat vada qilmayotgandi. Aksincha, u guruh bosqichidagi yirik mag'lubiyatni eslatib yuborardi – startdan sakkiz daqiqa o'tib vengrlar 2:0 hisobida oldinda borishayotgandi. Oltinchi daqiqada Kochishning zarbasidan so'ng himoyachiga tegib qaytgan to'pni Pushkash darvozaga joylab qo'ydi. Keyin esa nemislarning o'zlari o'z darvozalariga gol "olib kelishdi". Vengrlar hujumi davomida Kolmayer orqaga, darvozabon Turekka pas berdi. Darvozabon ho'l to'pni qo'llari bilan egallab olgandek tuyulgandi, ammo u kutilmaganda sirpanib chiqib ketdi. Cibor shu erda hoziru nozir edi – 2:0.
Bunday shiddatli startdan so'ng vengrlar, aftidan, oson g'alabaga erishamiz deb o'ylashdi, ammo buning uchun tez orada tovon to'lashdi. Nemislar taslim bo'lishni xayollariga ham keltirishmayotgandi. 10-daqiqada ular hisobni qisqartirishga muvaffaq bo'lishdi. Xelmut Ran chapdan jarima maydonchasiga pastlatib ajoyib uzatmani amalga oshirdi, Lorant to'p yo'lini to'sa olmadi va to'p o'z manzilini – Maks Morlokni topib bordi. 18-daqiqaga kelib esa hisob 2:2 ko'rinishini oldi. Burchak zarbasi amalga oshirilayotganda Groshich to'pga chiqishda muvaffaqiyatsiz o'ynadi va Ran bir urinishda to'pni darvozaga yo'lladi.

Vengrlar hujum qilishda davom etishdi va GFR terma jamoasi darvozasi oldida ko'plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. To'p ikki bor darvoza ustuniga tegdi, Turek bir nechta ajoyib seyvlarni amalga oshirdi, u ham ojiz qolgan vaziyatda esa Kolmayer to'pni darvoza chizig'idan qaytarib yubordi. 84-daqiqada eski futbol qoidasi ish berdi: "Sen urmasang – senga urishadi". Xelmut Ran jarima maydonchasi chizig'ida aldamchi harakat bilan himoyachini ortda qoldirdi va o'ng pastki burchak tomon kuchli zarba yo'lladi – 3:2.
Vengrlar bu vaziyatda ham taslim bo'lishmadi va uchrashuv yakuniga ikki daqiqa qolganda Pushkash javob to'pini kiritdi, ammo qanot hakami ofsaydga ishora qildi. SHu tariqa, G'arbiy Germaniya jahonning eng kuchli jamoasi ustidan g'alaba qozondi. Urushdan keyin ko'plab shaharlari hamon xarobazor bo'lib yotgan butun mamlakat aql bovar qilmas ruhiy yuksalishni boshdan kechirdi. Futboldagi g'alaba nemislarga o'z qadr-qimmatini qaytardi.

Vengriyadagi reakciya dahshatli edi. Yuz minglab odamlar ko'chalarni to'ldirib yuborishdi. Ammo futbol sabablardan biri edi xolos – odamlar mamlakatdagi tuzumdan yig'ilib qolgan noroziliklarini ifoda etishardi.
Budapesht ko'chalariga destalinizaciyani, lavozimidan chetlatilgan Imre Nadning qaytarilishini, sovet qo'shinlarining olib chiqib ketilishini hamda byudjetning katta qismi shoshilinch tarzda qayta qurilayotgan sanoatga sarflanayotgani tufayli iqtisodiy kursning o'zgartirilishini talab qilib, 200 mingdan ortiq odam chiqdi. Sovet Ittifoqi namoyishchilarga qarshi tanklarni yubordi.
15 kun davom etgan to'qnashuvning aniq oqibatlari – uch ming nafar halok bo'lgan va yigirma ming nafar yaralangan vengrlar, kichik siyosiy yumshatishlar hamda Vengriya hududida "birodar" sovet qo'shinlarining salmoqli kontingenti joylashuvi bo'ldi. Ko'zga tashlanmaydigan oqibati esa – mamlakat buyuk terma jamoasining parchalanib ketishi edi.
Vengriyalik futbolchilar Budapesht ko'chalaridagi g'azabli norozilik namoyishlari bosilmaguncha, uch kun davomida Tata shaharchasida yashirinib o'tirishdi.
GFR terma jamoasining yovvoyi odatlari
Bellashuvlardan oldin jamoada g'alati bir marosim amal qilardi. Tarkibga kiritilmagan o'yinchilar kiyinish xonasida maydonga tushayotgan sheriklarini "Bo'yin va oyoqlarni sindiring!" iborasi bilan kuzatib qo'yishardi.
Fantastik sermahsullik
Vengriya terma jamoasi beshta o'yinda 27 ta to'p kiritgan holda, jahon chempionatining mutlaq rekordini o'rnatdi, bu har bir o'yinga o'rtacha 5,4 ta golni tashkil etdi.
Gol! Gol! Gol! Gol!
Xerbert Cimmermanning Xelmut Ran tomonidan Vengriya darvozasiga kiritilgan g'alaba to'pi haqidagi tavsifi Germaniya sport tarixidagi eng mashhur sharh hisoblanadi. "SHefer ichkariga oshirdi... Bosh bilan zarba... Qaytarildi. Orqaroqdan Ran zarba berishi kerak... Ran tepdi! Gol! Gol! Gol! Gol! (Cimmerman sakkiz soniya jim bo'lib qoladi) Germaniya gol urdi! Germaniya 3:2 hisobida oldinda. Meni jinni deng, meni aqldan ozgan deb ayting!"
CHempion aka-ukalar
Finalda g'olib jamoa tarkibida ilk bor aka-ukalar — Ottmar va Fric Valterlar maydonga tushishdi. Oradan 12 yil o'tib, ularning natijasini angliyalik CHarltonlar takrorlashdi.

Film
Germaniyalik rejissyor Zyonke Vortmanning "Bern mo'jizasi" ("Das Wunder von Bern") badiiy filmi 2003 yilda ekran yuzini ko'rdi. Film yosh bola va uning ishsiz otasi haqida hikoya qiladi; ularni G'arbiy Germaniyaning 1954 yilgi jahon chempionati finalida Vengriya ustidan qozongan g'alabasi o'zaro yaqinlashtiradi.
Almashish
1954 yilda maydonga tushgan ikki futbolchi keyingi turnirlarda boshqa mamlakatlar sharafini himoya qildi. Vengriyalik Ferenc Pushkash va urugvaylik Xose Santamariya 1962 yili CHilida bo'lib o'tgan jahon chempionatida Ispaniya terma jamoasi safida to'p tepdi.
Dopingli chempionlik?
Vengrlar final oldidan nemis o'yinchilariga rag'batlantiruvchi moddalar ukoli qilinganini takidlashgan. Buni g'alabadan so'ng butun jamoani qamrab olgan va inekciya orqali yuqishi mumkin bo'lgan sariq kasalligi epidemiyasi ham bilvosita tasdiqlardi. Keng ko'lamli tergov davomida 2004 yil Ottmar Valter va Xorst Ekkel o'yindan oldin ularga qandaydir ukol qilinganini tan olishdi (bungacha barcha o'yinchilar bu faktni qatiyan rad etib kelishardi), jamoa shifokori Franc Lugen esa Xerbergerning iltimosiga ko'ra futbolchilarga S vitamini inekciyasini qilganini aytdi. Jurnalistlar Leypcig universitetiga murojaat qilishdi va sport tarixchisi Erik Eggers tomonidan elon qilingan xulosada takidlanishicha, o'yinchilarga (ehtimol, ularning xabarisiz) pervitin (metamfetamin) yuborilgan – bu moddani Ikkinchi jahon urushi paytida askarlar istemol qilgan.
Ramziy jamoa: Dyula Groshich (Vengriya) – Ernst Ocvirk (Avstriya), Yojef Bojik (Vengriya), Xose Santamariya (Urugvay) – Fric Valter (Germaniya), Joze Bauer (Braziliya) – Xelmut Ran (Germaniya), Nandor Xidegkuti (Vengriya), Ferenc Pushkash (Vengriya), SHandor Kochish (Vengriya), Zoltan Cibor (Vengriya).
Mundial tarixi. Pora evaziga ishtirokchi bo'lgan chempion, Falastin nomidan qatnashgan Isroil hamda fashizm targ'ibotiga aylangan turnir haqida hikoya qilamiz
Mundial tarixi. Qura tashlagan 5 yoshli bolakay, irimchi darvozabon va yalangoyoq to'purar, shortigi tushib ketgan Meacca hamda poyabzal qutisida saqlangan kubok haqida hikoya qilamiz
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar