30 dek 19:37
Yangiliklar
Mundial tarixi. Qura tashlagan 5 yoshli bolakay, irimchi darvozabon va yalangoyoq to'purar, shortigi tushib ketgan Meacca hamda poyabzal qutisida saqlangan kubok haqida hikoya qilamiz
1938 yilgi jahon chempionatini qabul qilish huquqi uchun uchta mamlakat – Argentina, Germaniya va Franciya davogarlik qildi. Turnir mezbonini aniqlash bo'yicha ovoz berish 1936 yil yozgi Olimpiya o'yinlari yakunlanishidan bir necha kun oldin Berlinda bo'lib o'tgan FIFA kongressida o'tkazildi.
Argentinaliklar mezbonlik tanlovi borasida g'olib chiqishiga ishongan edi, chunki ularning arizasi musobaqani Evropa va Janubiy Amerika o'rtasida navbatma-navbat o'tkazish tamoyiliga asoslangandi. Biroq ovoz berish huquqiga ega 23 davlatdan 19 tasi Franciyani yoqladi. Bu qaror Argentinani shunchalik ranjitdiki, ular musobaqada ishtirok etishdan butunlay voz kechdi. Urugvay ham o'tgan mundialdagi singari yana boykot elon qildi.
Hamjihatlik ramzi sifatida Argentinani Janubiy va Markaziy Amerikaning bir qator mamlakatlari, shuningdek AQSH ham qo'llab-quvvatladi. Katta natijaga umid qilgan Germaniya esa bor-yo'g'i bitta ovoz bilan cheklandi.
Argentina keyinchalik musobaqada ishtirok etish arizasini kechiktirib topshirgan bo'lsa-da, qabul qilindi. Biroq milliy federaciya bilan mahalliy klublar o'rtasidagi kelishmovchiliklar sabab jamoa oxir-oqibat musobaqadan chiqib ketdi. Ispaniya esa mamlakatda davom etayotgan Fuqarolar urushi tufayli turnirda ishtirok eta olmadi.

SARALASH BOSQICHI
Milanda neytral maydonda bo'lib o'tgan SHveycariya – Portugaliya uchrashuvini ikki fashist diktatori – Mussolini va Gitler ham tomosha qildi. Germaniya kancleri Italiyaga ilk bor rasmiy tashrif bilan kelgan edi va duche uni futbolga taklif qildi. Gitler futbolni yoqtirmasdi, ammo mehmondo'st mezbonga rad javobini berolmadi.
Uchrashuv qizg'in kechdi, ayniqsa portugaliyaliklardan omad yuz o'girdi: ular o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'yishdi, qolaversa, penaltini amalga oshira olmadi. Natijada SHveycariya 2:1 hisobida g'alaba qozonib, jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.
Avstriya terma jamoasi atigi bitta o'yin o'tkazib, Venada zaxira tarkib bilan Latviyani 2:1 hisobida mag'lub etdi va jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Biroq 1938 yil mart oyida Avstriyaning majburiy tarzda Germaniya tarkibiga qo'shib olinishi ortidan mamlakat Evropaning siyosiy xaritasidan o'chirildi.
Natijada Avstriya final bosqichida ishtirok etmadi. Ayrim futbolchilar Germaniya terma jamoasiga qo'shildi, ammo jamoaning eng yorqin yulduzi Mattias Sindelar birlashgan jamoa safida o'ynashdan qatiy bosh tortdi. Avstriyaning bo'sh qolgan o'rni tufayli uning dastlabki raqibi bo'lishi kerak bo'lgan SHveciya avtomatik ravishda ikkinchi bosqichga yo'l oldi.

Saralash bosqichining eng katta sensaciyalaridan biri Yugoslaviya terma jamoasining mag'lubiyati bo'ldi – ularni musobaqadan Polsha chiqarib yubordi. Varshavada o'tgan ilk o'yinda mezbonlar kutilmaganda mehmonlarni 4:0 hisobida mag'lub etdi.
Oradan yarim yil o'tib, 1938 yil aprelida javob uchrashuvi Belgraddagi "BSK" stadionida bo'lib o'tdi. Revanshni kutgan 25 ming nafar muxlis to'planganiga qaramay, yosh Polsha jamoasi o'yin boshidanoq hujumkor harakat qilib, tribunalarni jim qildi. Yugoslavlar 65-daqiqada jarima zarbasidan yagona golni urishdi, biroq bundan ortig'iga kuchi etmadi.
Budapeshtda Vengriya terma jamoasi greklarni unchalik ham "iliq" qarshi olmadi – uchrashuv 11:1 hisobida yirik g'alaba bilan yakunlandi. Bu jahon chempionatlari saralash bosqichi tarixida qayd etilgan ilk ikki xonali hisob edi. Qizig'i, vengrlar bunday natijani 1982 yilda ham takrorladi – Ispaniyada o'tgan final bosqichida Salvador terma jamoasini 10:1 hisobida mag'lub etdi.
Lyuksemburg kutilmaganda belgiyaliklarni ancha sarosimaga soldi. Ilgari Niderlandiyaga 0:4 hisobida mag'lub bo'lgan jamoa o'z maydonida ancha kuchli raqibga munosib qarshilik ko'rsatdi. Mezbonlar ikki bor hisobda oldinga chiqishdi, biroq ikkinchi bo'limda yana ikki gol o'tkazib yuborib, 2:3 hisobida mag'lub bo'lishdi. Ushbu o'yinni tribunalarda 11 200 nafar tomoshabin kuzatdi.
Niderlandiya SHarqiy Hindistoni (hozirgi Indoneziya) Yaponiyaga qarshi o'ynashi kerak edi, ammo oxirgi pallada "samuraylar" musobaqada qatnashishdan voz kechishdi. SHunga qaramay, FIFA Osiyodan ilk vakilning ishtiroki soya ostida qolib ketmasligi uchun Franciyada AQSHga qarshi saralash (pley-off) o'yini uyushtirishni rejalashtirdi. Biroq amerikaliklar Evropaga safar uchun qabul qilib bo'lmas shartlarni ilgari surishdi va natijada bu g'oyadan FIFAning o'zi voz kechishga majbur bo'ldi.
1938 yil 5 mart kuni Parijdagi Ichki ishlar vazirligi binosida final bosqichi qurasi o'tkazildi. Qurada besh yoshli Iv – Jyul Rimening nabirasi asosiy vazifani bajargan. Stol ustiga chiqarilgan bolakay ikki idishdan jamoalar nomi yozilgan kapsulalarni navbatma-navbat tanlagan.

Birinchi bo'lib Germaniya yozuvi tushirilgan kapsula chiqdi – shu tariqa Parijdagi mamlakatning bosh stadioni "Park de Prens"dagi ochilish o'yini nemislar ishtirokida o'tishi malum bo'ldi. Germaniya terma jamoasining raqibi esa Adolf Gitler ham tomoshabin sifatida kuzatgan SHveycariya va Portugaliya o'rtasidagi saralash bahsida aniqlanishi kerak edi.
Uchinchi mundial 4–19 iyun kunlari o'tkazildi. Bu ilk bor musobaqa mezboni – Franciya va amaldagi chempion – Italiya avtomatik ravishda jahon chempionatiga yo'llanma olgan holat edi. Amaldagi chempionlarga avtomatik ishtirok huquqi 1938 yildan 2002 yilgacha saqlanib qoldi.
Qolgan 14 ta o'rindan 11 tasi Evropa jamoalariga, 2 tasi Amerika qitasiga va 1 tasi Osiyoga ajratildi. SHu tariqa, musobaqada Evropa qitasidan tashqari bor-yo'g'i uchta jamoa ishtirok etdi – Braziliya, Kuba (ilk bor) va Gollandiya SHarqiy Hindistoni (hozirgi Indoneziya, debyutant). Oxirgisi FIFA jahon chempionatida qatnashgan ilk Osiyo davlati sifatida tarixga kirdi. Bu esa mezbon qitadan tashqari jamoalar soni eng kam bo'lgan jahon chempionati bo'lib qoldi. Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etgan boshqa jamoalar qatorida Polsha va Norvegiya ham bor edi.
1934 yilda qo'llanilgan pley-off formati saqlab qolindi. O'yinning asosiy 90 daqiqasi durang bilan yakunlansa, 30 daqiqalik qo'shimcha vaqt o'ynaldi. Agar qo'shimcha vaqtdan keyin ham hisob o'zgarmasa, uchrashuv qayta o'tkazildi. 1938 yilgi jahon chempionati to'liq to'g'ridan-to'g'ri pley-off tizimida o'tkazilgan so'nggi mundial bo'ldi.

1/8 FINAL
VENGRIYA 6:0 NIDERLANDIYA SHARQIY HINDISTONI (INDONEZIYA)
Birinchi bosqich o'yinlari katta shijoat va kurash ostida kechdi – etti uchrashuvdan beshtasi qo'shimcha taymgacha cho'zildi, ikki holatda esa hatto qo'shimcha vaqt ham g'olibni aniqlab bermadi. Faqat Vengriya terma jamoasi raqibini qiyinchiliksiz mag'lub etdi.
Bu ajablanarli emas edi: qura Evropaning eng kuchli jamoalaridan biriga Niderlandiya SHarqiy Hindistoni (hozirgi Indoneziya) terma jamoasini ro'baro' qilgandi. Vengrlar birinchi taymdayoq to'rtta gol urib, o'yin taqdirini hal qildi, ikkinchi taymda esa yana ikki bor raqib darvozasini ishg'ol qildi. Jamoa sardori, filologiya fanlari doktori Dyord SHaroshi hamda Dyula Jengeller dubl muallifiga aylandi.
Niderlandiya SHarqiy Hindistoni (Indoneziya) terma jamoasi darvozaboni Xen Mo Tan Vengriya terma jamoasiga qarshi o'yin boshlanishidan oldin uni himoya qiladigan irimlarga ishongan holda darvoza ichiga tumorli qo'g'irchoq joyladi. Biroq bu jahon chempionati debyutantlarini og'ir mag'lubiyatdan saqlab qololmadi.
FRANCIYA 3:1 BELGIYA
Asosiy vaqtda chempionat mezbonlari – franciyaliklar ham g'alabaga erishdi. Parijda Belgiyani qabul qilgan francuzlar 17-daqiqaga kelibyoq Venan va Nikolyaning gollari orqali 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. SHundan so'ng biroz xotirjamlikka berilgan mezbonlar bitta gol o'tkazib yuborishdi. Xavfni anglab etgan francuzlar o'zlarini qo'lga oldi va Nikolyaning yana bir goli evaziga uchrashuvni 3:1 hisobida yakunladi.
KUBA 3:3 RUMINIYA
Ruminiya – Kuba o'yini sensaciya bilan yakunlandi. Kubaliklar hatto o'z mintaqasida ham etakchi jamoalar qatoriga kirmas, Franciyaga esa kuchli raqiblarning ommaviy ravishda musobaqadan voz kechishi ortidan etib kelgan edi. SHunga qaramay, ular ruminiyaliklarga qarshi bahsda ikki bor hisobda oldinga chiqib, uchrashuvni 3:3 hisobida durang bilan yakunlashdi.
Jurnalistlar bu kutilmagan natijani kubaliklar darvozaboni Karvaxalesning qahramonlarcha o'yini va ruminiya darvozasini ikki marta ishg'ol etgan hujumchi Ektor Sokorroning samarali harakatlari bilan izohlashdi.
"Futbol o'ynashni Gavana maydonlarida, dengizchilar bilan birga o'rgandim", – degan edi Kubaning afsonaviy hujumchisi Xuan Tunas 2011 yilda vafotidan biroz oldin FIFAga bergan intervyusida. – "Franciyaga safarga chiqqanlarning barchasi ispanlar avlodidan edi. O'sha paytda orolda futbol ancha ommalashgandi. Biz avval hech qachon Kubadan tashqariga chiqmagan, do'stlardan iborat jamoa edik".
Murabbiy Xose Tapiya rahbarligida Kuba terma jamoasi 15 kunlik dengiz safarini amalga oshirdi, biroq yo'l oson kechmadi. Safar davomida Tunasning ko'ngli aynib, toza havo olish uchun kayuta eshigini ochdi. Ammo u joyshlagan kayuta suv sathidan pastda joylashganini bilmas edi – natijada xonasi bir zumda suvga to'ldi.
KUBA 2:1 RUMINIYA
Mutlaqo kutilmagan holda Kuba terma jamoasi qayta o'yinda Ruminiyani mag'lub etdi. Gazetalar takidlaganidek, kubaliklar "katta chaqqonlik, temperament va harakatchanlikni" namoyon etdi. Aynan shu jihatlar ularga texnika va taktikadagi etishmovchiliklarni qoplash imkonini berdi.
ITALIYA 2:1 NORVEGIYA
Amaldagi jahon chempionlari – o'sha paytda Olimpiya o'yinlari g'olibi unvonini ham saqlab turgan Italiya terma jamoasiga qo'shimcha bo'limlar kerak bo'ldi. Bu kutilgan edi, chunki italiyaliklar 1936 yilgi Olimpiya o'yinlarida sensaciya yaratgan Norvegiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishgandi. Berlinda skandinaviyaliklar Gitler shaxsan tashrif buyurgan o'yinda Germaniyani mag'lub etgan, yarim finalda esa Italiyaga faqat qo'shimcha bo'limlarda mag'lub bo'lgan edi.
O'yin oldidan burilish nuqtasi yuz berdi. Futbolchilar fashistcha salom berish uchun qo'llarini ko'tarishdi. "Men jamoa bilan birga stadionga kirdim, harbiy tartibda saf tortdik va o'ng tomonda turdim. Salom paytida bizni quloqni qomatga keltiradigan darajadagi hushtaklar, haqoratlar va turli bayonotlar qarshiladi. Go'yo Italiyada emas, balki o'z uyimizda turganday edik – chunki qichqiriqlar orasida italyancha iboralar yangrab turardi", – deb yozadi Pocco.
"Bu shov-shuv qancha davom etganini bilmayman. Qo'limni erga parallel cho'zib qotib turganim uchun vaqtni ham tekshirolmasdim. Nemis hakami va norvegiyalik futbolchilar bizga xavotir bilan qarab turishardi. Bir payt kelib g'alayon susaydi. Biz qo'llarimizni tushirishimiz bilan shovqin yana boshlandi. Darhol buyruq berildi: 'Jamoa, tayyorlan. Salom!' Va biz qo'rquv yo'qligini namoyon etish uchun qo'llarimizni yana ko'tardik. Qo'rqitish jangini yutgandan so'ng, o'yinni boshladik".
Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vittorio Pocconing Norvegiyaga qarshi o'yin haqidagi bu xotirasi fashizmning 1938 yilgi jahon chempionatida to'rt yil avval qo'lga kiritilgan unvonni himoya qilishdagi murosasiz va qatiy yondashuvini yaqqol aks ettiradi.
Marselda bo'lib o'tgan bahsda "skuadra adzurra" o'yinni juda faol boshladi – Petro Ferraris ikkinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Biroq ustunlikni mustahkamlash nasib etmadi va 83-daqiqada Arne Brustad hisobni tenglashtirdi. Ko'p o'tmay u yana bir gol urdi, ammo hakam uni shubhali ofsayd sabab bekor qildi. Qo'shimcha bo'limlarda esa italiyaliklar yana oldinga chiqishdi – Silvio Piola hal qiluvchi golni urdi va g'alabali hisob saqlab qolindi.

CHEXOSLOVAKIYA 3:0 NIDERLANDIYA
Amaldagi vice-chempion CHexoslovakiya terma jamoasi niderlandlarni asosiy vaqtda mag'lub eta olmadi. Katta ustunlikka qaramay, chexoslovakiyalik hujumchilar Van Male qo'riqlayotgan darvozani ishg'ol qila olishmadi.
Biroq qo'shimcha vaqtda "lolaranglilar" himoyasi butunlay cho'kdi. Van der Ven jarohat olib, jamoa bir kishi kamayib qoldi va bu o'yin taqdiriga bevosita tasir qildi. Qo'shimcha vaqtning uchinchi daqiqasida Koshtyalek hisobni ochdi, shundan so'ng Zeman va Needli yana ikki bor darvozani ishg'ol qilib, g'alabani mustahkamlashdi.
SHVEYCARIYA 1:1 GERMANIYA
Germaniya terma jamoasi Franciyaga musobaqaning asosiy favoritlaridan biri sifatida kelgan edi. Bosqinchilik ortidan kuchli bo'lgan tarkibga Avstriya termasining eng yaxshi futbolchilari qo'shildi. Biroq bu qo'shilish muammolarni ham keltirib chiqardi – ikki jamoaning o'yin uslubi keskin farq qilar edi. Bosh murabbiy Zepp Xerberger esa tarkib bilan erkin tajriba o'tkaza olmasdi, chunki ko'rsatmaga ko'ra maydonda olti nemis va besh avstriyalik futbolchi bo'lishi shart edi.
Germaniyaga raqib sifatida SHveycariya to'g'ri keldi. Yorqin yulduzlari bo'lmasa-da, taktik jihatdan puxta jamoa 90 daqiqa davomidagi bosimga dosh berib, 1:1 hisobida durangga erishdi. Qo'shimcha bo'limlar boshida Pesser maydondan chetlatilgandan keyin nemislarning hujumiy faolligi pasaydi.
Ilk uchrashuv Parijdagi "Park de Prens" stadionida bo'lib o'tdi. Tomoshabinlar shveycariyaliklarni faol qo'llab-quvvatladi, o'yin oldidan qilingan fashistik salom esa ommaviy hushtakbozlik bilan qarshi olindi.

SHVEYCARIYA 4:2 GERMANIYA
Qayta o'yinning ilk daqiqalarida Germaniya kutilganidek harakat qildi va 22-daqiqadayoq 2:0 hisobida oldinga chiqdi. Ammo shundan keyin vaziyat keskin o'zgardi. Tanaffusga uch daqiqa qolganda Valyashek bir gol urib hisobni qisqartirdi, 64-daqiqada esa Bikkel hisobni tenglashtirdi. SHundan so'ng Andre "Trello" Abegglen orqaga chekinib, nemis himoyachilarini o'ziga torta boshladi va bo'sh hududdan foydalanib, Raftl darvozasiga ikki bor aniq zarba yo'lladi.
Keskin muhitdagi mag'lubiyatdan so'ng Xerberger jamoaga majburan qo'shilgan avstriyalik futbolchilarning ruhiy jihatdan tayyor emasligini sabab qilib ko'rsatdi. Keyinchalik bir nemis jurnalisti shunday degan edi: "Nemislar bilan avstriyaliklar hatto bir jamoada bo'lsalar ham, bir-biriga qarshi o'ynashni maqul ko'rishadi".
Bu mag'lubiyat Germaniyaning milliy g'ururiga qattiq zarba bo'ldi. Xerbergerni jazodan faqat bitta omil saqlab qoldi – futbol rahbarlari uning og'ir sharoitda ishlayotganini tushunardi. U maydondagi natijadan tashqari, jamoada nemis va avstriyalik futbolchilar o'rtasidagi qaltis muvozanatni ham saqlashga majbur edi.
BRAZILIYA 6:5 POLSHA
Braziliya – Polsha uchrashuvi haqli ravishda afsonaviy uchrashuv hisoblanadi. Unda nafaqat g'ayrioddiy hisob, balki ko'plab ekzotik tafsilotlar qayd etilgan. Aytilishicha, braziliyalik Leonidas deyarli yarim o'yinni yalangoyoq o'tkazgan va shunday holda ham gollar urgan. Yana bir rivoyatga ko'ra, polyaklar murabbiyi Kaluja tanaffus paytida shunchalik qattiq baqirganki, uning ovozi stadion tashqarisidan ham eshitilgan.
Aniq faktlarga kelsak, birinchi bo'limda braziliyaliklar to'liq ustunlik qildi va 3:1 hisobida oldinga chiqdi. Ikkinchi bo'limda esa o'yin manzarasi keskin o'zgardi – bu yo murabbiyning qattiq "qichqirig'i", yoki texnik jihatdan kuchli janubiy amerikaliklarga xalaqit bergan yomg'ir bilan izohlanadi. Har holda, aynan ikkinchi taymda polyak Ernest Vilimovskiy xet-trikka erishdi. Uning hisobni 4:4 ga tenglashtirgan goli o'yin tugashiga bir daqiqa qolganda urildi.
Qo'shimcha vaqtda esa "Qora olmos" laqabini olgan Leonidas yana ikki bor raqib darvozasini ishg'ol qildi. Ulardan biri rostdan ham yalangoyoq holatda urilgan gol edi – oyoq kiyimi loyga botib, yiritilib ketgandi. Vilimovskiy qo'shimcha vaqtda faqat bir marta javob qaytardi. Natijada Braziliya chorak finalga yo'l oldi.
Qiziq jihati shundaki, Leonidasning terisi rangi unga jahon chempionatidagi eng muhim gollaridan birini urishga bilvosita yordam bergan. Qoidaga ko'ra yalangoyoqda uriladigan gol hisobga olinmasligi kerak edi. Ammo hakam hujumchining qora oyog'ida butsa yo'qligini payqamay qoldi va gol rasmiy tarzda etirof etildi.

25 yoshli hujumchi mazkur jahon chempionatida jami 7 ta gol muallifi bo'ldi. Italiyaga qarshi o'yinda uning tarkibdan qoldirilishi Braziliyaning musobaqani tark etishida hal qiluvchi omil bo'lgani aytiladi.
Leonidasning o'yini muxlislarni shu qadar maftun etdiki, Braziliyadagi qandolat fabrikalaridan biri futbolchi bilan shartnoma tuzib, uning obrazidan "Diamante Negro" nomli shokolad batonchiklari seriyasida foydalanish huquqini oldi. Bu mahsulot hozirgacha Braziliyada ommaviy mashhurligini saqlab kelmoqda.
Jahon chempionatlari tarixida ilk bor bir uchrashuvda to'rtta gol urgan futbolchiga aylangan Vilimovskiy esa 1941 yil Germaniya fuqaroligini oldi, uning ota-onasi etnik nemislar edi.
Uning mashhurligi onasini qutqarib qolishga ham yordam bergan. Vilimovskiy yahudiy bilan aloqada bo'lgani uchun Osvencim o'lim lageriga yuborilgan onasini qutqarishga muvaffaq bo'lgan. Urushdan keyin Polsha hukumati unga vataniga qaytishga ruxsat bermadi va u Karlsrue shahrida muqim yashab qoldi. Vilimovskiy 1959 yilgacha u erda futbolchilik faoliyatini davom ettirdi.
CHORAK FINAL
SHVECIYA 8:0 KUBA
Ruminiya bilan o'tgan o'yinlar kubaliklarni, ko'rinadiki, batamom holdan toydirgan edi va ular shvedlarga qarshi munosib qarshilik ko'rsata olmadi. Hisob 0:3 bo'lib turgan paytda Fernandes penaltini amalga oshira olmadi va bu jamoani ruhan sindirdi – o'shanda yirik mag'lubiyatdan qutulish imkoni bor edi. SHveciya safida ikki futbolchi – Keller va Vetterstryom keyinchalik xet-trik qayd etdi. Ayniqsa, Vetterstryomning natijasi etiborli bo'ldi: u uch golni atigi 22 daqiqa ichida, 22-daqiqadan 44-daqiqagacha bo'lgan oraliqda urdi.
Uchrashuv haqida francuz muxbiri shunday fikr qoldirgandi: "Beshta golgacha – bu jurnalistika. Undan keyin esa oddiy statistika".
VENGRIYA 2:0 SHVEYCARIYA
Germaniyaga qarshi qayta o'yindan so'ng shveycariyaliklar ancha charchagan edi, qolaversa, jarohat sabab jamoa sardori Minelli maydonga tusha olmadi. U maydonda bosh murabbiy Karl Rappanning go'yoki to'g'ridan-to'g'ri "o'rinbosari" sanalgan – o'yinchilar harakati va jamoaviy uyg'unlik aynan uning maslahat va ko'rsatmalariga bog'liq edi. Minellisisiz mashhur shveycariyacha "qulf" ancha samarasiz ishladi.
Vengriyaliklar 14-daqiqaga qadar olti marta burchak zarbasini amalga oshirdi, tanaffusga besh daqiqa qolganda esa ustunlikni golga aylantirishdi – SHaroshining zarbasidan keyin to'p rikoshet orqali Xuber darvozasidan o'rin oldi. So'nggi daqiqalarda esa Jengeller uchrashuvga nuqta qo'ydi.
ITALIYA 3:1 FRANCIYA
Norvegiyaga qarshi o'yindan so'ng Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vittorio Pocco tarkibni biroz yangilashga qaror qildi. Xususan, maydonga yangi qanot hujumchilari – Kolaussi va Byavati tushirildi. Ular avval birga o'ynamagan bo'lsa-da (Byavati uchun bu umuman milliy terma jamoadagi ilk o'yin edi), har ikkisi ham o'zini yaxshi tomondan ko'rsatdi. Kolaussi 9-daqiqada hisobni ochdi, francuzlar esa deyarli darhol Eyssererning goli bilan javob qaytardi. Ikkinchi taymda Byavati ikki bor Piolaga golli uzatma berdi va italiyaliklar uchrashuvni katta qiyinchiliksiz g'alaba bilan yakunlashdi.
Bu bahs hatto keyingi bosqichdan ham ko'proq muxlislarni jalb qildi. Bir xil ko'k rangdagi libosda maydonga tushgan qo'shnilar o'rtasidagi keskin derbi sabab Italiya jamoasi kiyimini qora futbolkalarga almashishga majbur bo'ldi.

BRAZILIYA 1:1 CHEXOSLOVAKIYA
Bordo shahridagi o'yin esa haqiqiy jang tusini oldi. 14-daqiqada braziliyalik Zeze Prokopio maydondan chetlatildi, ammo kamchilikda qolgan braziliyaliklar hisobni ochishdi – Leonidas o'zining "qaychi" uslubi orqali Planichkaning darvozasini ishg'ol qildi. Birinchi bo'lim oxirida Rjigaga nisbatan qo'pol harakati uchun Mashadu ham maydondan chetlatildi, biroq qizishib ketgan futbolchi darhol maydonga qaytdi.
Tanaffusdan keyin Mashadu hech narsa bo'lmagandek jamoa bilan birga maydonga chiqdi, ammo bu safar ham uning ayyorligi fosh etildi. CHexlar penaltidan hisobni tenglashtirishdi, qo'shimcha daqiqalarda esa hatto g'alabani ilib ketishlari ham mumkin edi, biroq Vlastimil Kopeckiyning zarbasi to'singa tegdi.
Braziliyaga qarshi chorak finaldan so'ng CHexoslovakiya terma jamoasining ikki asosiy futbolchisi – darvozabon Frantishek Planichka va hujumchi Oldrjix Needli "tez yordam" mashinalarida shifoxonaga olib ketildi. CHex hujumining etakchisi o'yin boshidayoq himoyachi Zeze tomonidan "ishdan chiqarildi", ammo Needli maydonni tark etmadi – zo'rg'a oqsoqlanib, yon chiziq bo'ylab harakatlandi. Keyin malum bo'lishicha, u suyakdagi yoriq bilan o'ynagan ekan.
Darvozabon Planichka esa Perasio bilan to'qnashuvdan keyin qo'shimcha bo'limni singan o'ng qo'liga ho'l sochiq bosgan holda o'tkazdi. SHifokorlar bunga ishona olmadi: qanday qilib? Planichkaning o'zi esa hali terma jamoadagi faoliyati yakunlanayotganini anglab ham etmagan edi. Qayta o'yinni har ikki futbolchi tribunalardan tomosha qildi.

BRAZILIYA 2:1 CHEXOSLOVAKIYA
Javob uchrashuvi oldidan chexlar etakchilaridan ayrilganiga qaramay, hisobni aynan ular ochishdi – Kopeckiy bu safar ham aniq zarba yo'lladi. Biroq shundan keyin o'yin to'liq braziliyaliklar ustunligida kechdi. 57-daqiqada Leonidas hisobni tenglashtirdi, olti daqiqa o'tib esa o'zi aniq pas bilan Robertoga gol urish imkonini yaratib berdi. SHundan so'ng chexlar o'ziga kela olmadi.
YARIM FINAL
ITALIYA 2:1 BRAZILIYA
Yarim finalning eng katta sirlaridan biri Braziliya tarkibida Leonidasning yo'qligi bo'ldi. YO murabbiy Pimenta g'alabaga ortiqcha ishongan, yoki CHexoslovakiyaga qarshi o'ta mashaqqatli bahslardan so'ng yulduzga dam berishni maqul ko'rgan – buni aniq aytish qiyin. Ammo Leonidassiz braziliyaliklar hujumi o'z kuchini yo'qotdi.
Mutaxassisga tegishli mashhur ibora ham bor edi: "Italiya – finalga olib boradigan yo'limizdagi so'nggi bekat". Biroq Pimentani ham, o'yinni radio orqali tinglab borgan butun mamlakatni ham achchiq umidsizlik kutardi. Braziliya mag'lub bo'ldi va hatto bronza uchun bahsdagi g'alaba ham murabbiyni istefodan qutqarib qololmadi.
Hisob ikkinchi bo'limda ochildi – Franciyaga qarshi bahsda bo'lgani kabi, bu safar ham Kolaussi o'z nomini tabloga yozdirdi. SHundan so'ng esa tarix sahifalariga kirgan penalti belgilandi va u bilan bog'liq afsonalar hanuz aytilmoqda. Domingos haqiqatan ham Piolani yiqitdimi yoki italiyalik hujumchi simulyaciya ishlatdimi – bu masala ochiq qolgan. Ammo asosiy etibor zarbaning qanday bajarilganiga qaratilgan.
Penaltini bajarish uchun Juzeppe Meacca to'p yoniga keldi va darvozani ishg'ol qildi. Ushbu zarba atrofida bir nechta versiyalar tarqalgan: go'yo u zarbadan oldin shortigini pastga tushirib, darvozabonni chalg'itgan; boshqa talqinga ko'ra, bu holat darvozabonni kuldirib yuborgan; yana bir versiyada esa Meaccaning shortigi rezinkasi uzilib, u zarba paytida uni qo'li bilan ushlab turgani aytiladi. Bu hodisa esa darvozabonni chalg'itgan bo'lishi mumkin. Qanday bo'lmasin, penalti aniq ijro etildi.
O'sha davr kinoxronikasi bu rivoyatlarga faqat qisman oydinlik kiritdi: kadrlarda zarba oldidan Meaccaning shortigi joyida ekani va uni qo'llari bilan ushlab turmagani ko'rinadi. Ammo zarbadan keyingi holat tasvirga tushmagan.
Braziliya matbuoti yarim finaldagi mag'lubiyat uchun asosiy aybni bosh murabbiy Ademar Pimentuga yukladi. U Italiyaga qarshi o'yinda na Leonidasni, na Timni maydonga tushirdi. Braziliyaliklar esa faqat o'yin tugashiga uch daqiqa qolganda Romeuning goli bilan javob qaytara oldi.
Italiyaga qarshi yarim final oldidan g'alabasiga ishongan braziliyaliklar Marsel – Parij reysiga aviachiptalarni oldindan sotib olishdi. Bu holat italiyaliklarni xavotirga soldi, chunki mazkur reys yagona bo'lib, ularga chiptalar qolmagandi. Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vittorio Pocco braziliyaliklar mehmonxonasiga kelib, taklif bildirdi – qaysi jamoa g'alaba qozonsa, o'sha Parijga uchadi. Biroq braziliyaliklar qatiy rad javobini berdi.
Yarim finalda g'alaba qozongan italiyaliklar Marseldan Parijga poezdda yo'l olishga majbur bo'ldi – butun jamoa uchun atigi beshtagina yotoq joyi topildi.
VENGRIYA 5:1 SHVECIYA
SHveciyaliklarga Franciyada ikki bor omad kuldi: avvalo ular o'ynamasdan chorak finalga yo'l oldi, keyin esa qura ularga nisbatan kuchsiz Kuba jamoasini ravo ko'rdi. Ammo yarim finalda omad tugadi – vengrlar SHveciya qiroli Gustav Vning tug'ilgan kunida u hukmronlik qilayotgan mamlakat jamoasini "yorib tashladi".
3-O'RIN UCHUN
BRAZILIYA 4:2 SHVECIYA
Uch kundan so'ng shvedlar, kechikib bo'lsa-da, o'z qirolini yana bir bor quvontirishga urindi. Ular o'yinga juda shiddat bilan kirishib, Yunasson va Nyubergning say-harakatlari bilan 44-daqiqaga kelib 2:0 hisobida oldinga chiqib olishdi. Ammo shu paytdan boshlab skandinavlar uchun barcha yaxshi yangiliklar tugadi – uchrashuv oxirigacha maydonda faqat braziliyaliklar gol urdi.
Birinchi taymda Romeu hisobni qisqartirdi, ikkinchi bo'limda esa sahnaga turnirning haqiqiy qahramoni – Leonidas chiqdi. Musobaqaning eng yaxshi to'purari ikki bor darvozani ishg'ol qildi, yana bir golni Perasio o'z hisobiga yozdirdi. Hisob yanada yirik bo'lishi ham mumkin edi, ammo Patesko 11 metrlik jarima zarbasini beparvolik bilan ijro etdi.

FINAL
ITALIYA 4:2 VENGRIYA
Uchrashuv oldidan qaysidr jamoani favorit deb atash qiyin edi. Bir tomondan, italiyaliklar amaldagi jahon va Olimpiya chempionlari edi. Statistika ham ular foydasiga edi: vengrlar ketma-ket 13 ta o'yin davomida "skuadra adzurra"ni mag'lub eta olmagan, italiyaliklarning finalgacha bo'lgan mag'lubiyatsiz seriyasi esa 21 ta o'yinni tashkil etardi.
Biroq chempionat davomida vengrlar ham italiyaliklardan qolishmadi. Aksincha, ular yarim finalda SHveciyani 5:1 hisobida mag'lub etib, umumiy to'plar nisbatida 13:1 ko'rsatkichni qayd etdi. Italiya esa bir to'pdan ortiq farq bilan faqat mezbon Franciyanigina enggan edi. SHuningdek, Karoy Ditc va Alfred SHaffer shogirdlari dam olish uchun ko'proq vaqtga ega bo'lishgan: vengrlar yarim finalni Parijda o'tkazgan, jahon chempionlari esa Marseldan poytaxtga og'ir sharoitda poezdda etib kelishga majbur bo'lgandi.
Rivoyatlarga ko'ra, final oldidan Benito Mussolini terma jamoaga telegramma yuborib, unda "Vincere o morire!" – yani "G'alaba yoki o'lim!" degan iborani yozgan. Biroq bu so'zlar to'g'ridan-to'g'ri tahdid emas, balki ruhlantirish sifatida aytilgani taxmin qilinadi. SHu bilan birga, bunday telegrammaning mavjudligini tasdiqlovchi hech qanday rasmiy dalil saqlanib qolmagan.
Jahon chempionati ishtirokchisi Petro Rava 2001 yildagi intervyusida bu gaplarni inkor etgan: "Yo'q, bu gaplar rost emas. U bizga faqat omad tilab telegramma yuborgan, xolos. ‘G'alaba yoki o'lim’ degan so'z bo'lmagan".

Biroq "skuadra adzurra" o'yinni hech qanday charchoq alomatlarisiz boshladi va oltinchi daqiqada Kolaussi hisobni ochdi. Oradan bir necha daqiqa o'tib, darvozabon Oliveri o'z darvozasidan to'p olib chiqdi – Titkosh javob qaytardi. Ammo durang uzoqqa cho'zilmadi: 16-daqiqada Piola Meaccaning pasidan so'ng italiyaliklarni yana oldinga olib chiqdi.
Oradan 20 daqiqa o'tib esa Piola Kolaussiga ajoyib pas uzatdi, Kolaussi esa Polgardan qochib, to'pni ishonch bilan raqib darvozasiga joyladi. Birinchi taym 3:1 hisobida Italiya foydasiga yakunlandi.
Ikkinchi bo'limda vengrlar malum vaqt davomida chempionlarga tengma-teng qarshilik ko'rsatishdi, biroq keyin Italiyaning ustunligi yaqqol sezila boshladi. Antal Sabo to'rt marta xavfli zarbalarni qaytarib, jamoasini qutqardi, yana ikki holatda esa unga darvoza ustunlari "yordam" berdi. SHaroshi javob to'pini kiritishga muvaffaq bo'ldi, ammo o'yin tugashiga sakkiz daqiqa qolganda Piola uchrashuvga batamom nuqta qo'ydi.
Bu safar Italiyaning g'alabasi mutlaqo adolatli bo'ldi. Garchi Braziliya darvozasiga belgilangan penalti ancha bahsli bo'lganiga qaramay, finalda hakamlar yordami haqida gap-so'z bo'lmadi. Italiya finalda munosib tarzda g'alaba qozondi.
CHempionlik uchun jamoaning har bir azosi 8 000 lira miqdorida mukofot puliga (taxminan uch oylik maoshga teng) hamda fashistik Oltin medalga sazovor bo'ldi. Ushbu medallarni futbolchilarga Benito Mussolini shaxsan o'zi Rimdagi Palacco Veneciya saroyida jamoa bilan o'tkazilgan 15 daqiqalik qabul marosimi chog'ida topshirdi.
Qizig'i shundaki, dunyoga hukmronlik qilishga bo'lgan ishtiyoqiga qaramay, Italiyaning "1-raqamli sportchisi" hisoblangan Mussolini jahon chempionligi kubogini hech qachon shaxsan o'zi ko'tarmagan.
Italiya terma jamoasi murabbiyi Vittorio Pocco jahon chempionatlarida ikki bor chempionlikni qo'lga kiritgan yagona murabbiy hisoblanadi. O'sha davrda u taktik sxemalarning eng zabardast bilimdoni sifatida etirof etilardi.
Italiyalik murabbiy ishida kam ahamiyatli bo'lmagan jihat – qatiylikni shogirdlariga nisbatan hurmat bilan uyg'unlashtira olish mahorati edi. Futbolchilar o'z murabbiyi uchun har narsaga tayyor bo'lishardi. 1938 yilgi g'alaba yo'lida Pocco atigi 14 nafar futbolchidan foydalanib, ilk jahon chempionligini 15 o'yinchi bilan qo'lga kiritgan Urugvay rekordini yangiladi.
Franciyada o'tgan chempionatda Italiya tarkibida avval jahon kubogini qo'lga kiritgan to'rt nafar futbolchi bor edi. Juzeppe Meacca 1934 va 1938 yilgi chempionatlardagi barcha o'yinlarda ishtirok etgan. Jovanni Ferrari 1934 yilgi musobaqada faqat bir o'yinni o'tkazib yuborgan, Eraldo Mondzelo esa 1938 yilda maydonga atigi bir marta tushgan. Darvozabon Gvido Mazetti esa har ikki jahon chempionatida ham zaxirada qolgan.

RAMZIY TERMA JAMOA: Frantishek Planichka (CHexoslovakiya) – Petro Rava (Italiya), Alfredo Foni (Italiya) – Domingos da Giya (Braziliya), Mikele Andreolo (Italiya), Ugo Lokatelli (Italiya) – Silvio Piola (Italiya), Jino Kolaussi (Italiya), Dyord SHaroshi (Vengriya), Dyula Jengeller (Vengriya), Leonidas (Braziliya).
Italiya terma jamoasi jahon chempioni unvonini 16 yil davomida – 1934 yildan 1950 yilgacha saqlab keldi. Buning asosiy sababi Ikkinchi jahon urushi edi. 1942 yilda o'tkazilishi kerak bo'lgan navbatdagi jahon chempionatiga Braziliya, Argentina va Germaniya davogar sifatida chiqqan edi. Musobaqa mezbon mamlakatining nomi 1940 yilda bo'lib o'tadigan FIFA yig'ilishida elon qilinishi rejalashtirilgan, ammo Evropada boshlangan harbiy harakatlar bu rejalarni barbod qildi.
FIFAning Italiyadan bo'lgan vice-prezidenti Ottorino Barassi esa Ikkinchi jahon urushi yillarida jahon chempionati kubogini krovati ostidagi poyabzal qutisida yashirib saqlagan va shu yo'l bilan uni bosqinchilar qo'liga tushishidan asrab qolgan.
Mundial tarixi. Pora evaziga ishtirokchi bo'lgan chempion, Falastin nomidan qatnashgan Isroil hamda fashizm targ'ibotiga aylangan turnir haqida hikoya qilamiz
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar