14 noy 21:28
Yangiliklar
Osiyo chempionati yakunlari: G'oliblar muhokama qilinmaydilar. Ammo...
Iordaniyaning Amman shahrida boks bo'yicha kattalar o'rtasidagi Osiyo chempionati o'z nihoyasiga etdi. Qita chempionatida yigitlarimiz 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egallaganligidan xabaringiz bor. Biroq, umumiy hisobda (erkaklar va ayollar qo'shib hisoblanganda) medallar soni bo'yicha Qozog'iston bokschilari bizdan o'tib ketishdi. Asosan ayollar boksi evaziga.
Yarim final va final bosqichlarida ishtirokchilar soni bo'yicha ustunlik bizda bo'lmasada, yakunda bokschilarimiz ajoyib kambekni amalga oshira olishdi.
Ayniqsa, Hasanboy Do'smatov va Lazizbek Mullojonovning g'alabalari barchamizga quvonch ulashdi. Hasanboy JCH-2021dagi mag'lubiyat uchun revansh olgan bo'lsa, Lazizbek og'ir vaznda hali hamon qitada O'zbekiston favorit ekanligini isbotladi. Bahodir Jalolovning terma jamoamiz tarkibida yo'qligi sabab oltin medalni musobaqa boshlanmasdanoq Kamshibek Konkabaevga "berib yuborishgani" ham bor gap.
Yigitlarimiz qitada tengsiz bo'lishdi, biz medallar sifati bo'yicha birinchimiz. Barchasi ajoyib. Ammo ortda qolgan Osiyo chempionati bazi vaznlarda muammolar mavjud ekanligini ko'rsatib qo'ydi.
Osiyo chempionati yakunlariga bag'ishlangan ushbu materialda terma jamoamiz bokschilarining ishtiroki va vaznlarda O'zbekiston terma jamoasidagi ichki raqobat haqida haqida gaplashamiz.
-48 kg vazn toifasida yosh Asilbek Jalilov Ammanga olib ketildi. Tajribali Nodirjon Mirzahmedov o'rniga tarkibga jalb etilgan Asilbek qozog'istonlik Sanjar Tashkenbayga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Tan olish lozim, Asilbek har jabhada raqibga yutqazdi. Jalilovning iqtidoriga shubha qilmagan holda ushbu vazn toifasi uchun birinchi raqamli bokschi nomzodini qayta ko'rib chiqilishi tarafdorimiz.
-51 kg. Xech qanday shubha yo'q - Hasanboy yana qaytdi. Uning ajoyib formada ekanligini Andijonda o'tkazilgan xalqaro turnirda ham ko'rgandik. Umid qilamizki, Do'smatov shu tempda davom etadi va biz Toshkent hamda Parijda o'zimiz o'rgangan Hasanboyni ko'ramiz.
-54 kg. Ushbu vaznda ham avlodlar almashinuvi boshlanib ketgan. Yoshlar o'rtasidagi jahon chempioni SHahzod Muzaffarov ilk bor kattalar o'rtasidagi qita birinchiligida qatnashdi. Bronza medali yomon natija emas SHahzod uchun. Biroq "qozog'istonlik Lomachenko" deya tarif berilayotgan Mahmud Sabirxanni mag'lub etish uchun hali yana mehnat qilish talab etiladi. Bu borada SHahzodga ishonamiz. Tarjimai holiga Olimpiada va Jahon chempioni unvonlarini yozdirib qo'ygan SHahobiddin Zoirovni bemalol prof boksga kuzatib qo'ysak bo'laveradi.
-57 kg. Abdumalik Xalakov. O'tgan yilgi jahon chempionatida -60 kg vazn toifasida finalgacha etib borgan Abdumalik bir vazn pastga tushdi va ushbu vazn o'zi uchun ideal ekanligini takidlab ham o'tdi. CHiroyli jang va chiroyli g'alabalar va albatta salto. Kutganimizdek oltin medal. O'zbekiston terma jamoasida so'nggi yillarda -57 kg vazn toifasida raqobat kuchliligicha qolmoqda. Miraziz Mirzaxalilovdan so'ng aynan Abdumalik JCH va Olimpiadada ushbu vazn egasiga aylanmoqda. "Yulduz ushlamaymiz" va shu tempda davom etamiz.
-60 kg. Ushbu vaznda yosh va iqtidorli Adhamjon Muhiddinov yurtimiz sharafini himoya qildi. Ilk Osiyo chempionatida bronza ham yomon natija emas. U yarim finalda mo'g'ulistonlik raqibga qarshi ham ajoyib jang o'tkazgandi. Umuman olganda yaxshi tanlov. Ammo bu vaznda SHunqor Abdurasulov, Dilshod Abdumurodov kabi bokschilar ham borligini esdan chiqarmaslik lozim. Raqobat bo'lgani faqat va faqat foyda.
-63,5 kg. Ruslan Abdullaev ajoyib janglari bilan barchada yorqin taassurot qoldirdi. Ilk bosqichda qozog'istonlik bokschi musobaqadan chiqarib yuborilgani ham Ruslanning muxlislarini xursand qildi. Umuman olganda ushbu vaznda ikki ajoyib bokschiga egamiz: Ruslan Abdullaev va Mujibillo Tursunov. Murabbiylar shtabining yakuniy tanlovida Andijondagi Zolotaryov xotira turniri finali katta rol o'ynagan ehtimol. O'shanda Ruslan Mujibillodan ustun kelgandi. Va ushbu tanlov o'zini oqladi - Ruslan oltin medal bilan yurtimizga qaytdi.
-67 kg. Raqobat bor yana bir vazn. Terma jamoamiz sharafini ushbu vaznda Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev himoya qildi. Ajoyib harakatlari bilan muxlislar etiboriga tushayotgan Asadxo'ja bronza bilan O'zbekistonga qaytdi. U yarim finalda ham yomon jang o'tkazgani yo'q. Bugungi kunda ushbu vaznda terma jamoamiz uchun ikki munosib nomzod bor - Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev va Javlonbek Yo'ldoshev. Asadxo'ja hali ushbu vaznni to'lig'icha o'ziniki qilib olishga ulgurgani yo'q. Dekabr oyida Toshkentda o'tkaziladigan O'zbekiston chempionatida yuqoridagi ikki bokschi yana to'qnash kelishi mumkin va to'qnashuv g'olibida JCH-2023 uchun tarkibdan o'rin olish imkoniyati oshadi.
-71 kg. Uzoq muhokamalardan so'ng murabbiylar shtabi ushbu vaznda Havasbek Asadullaevni olib bordi. Ikki yil oldin kuchli raqobatga ega bo'lgan ushbu vaznda bugungi kunga kelib Asadullaev murabbiylar nazdida birinchi raqamli bokschi hisoblanadi. Havasbek tanlanishida ham katta ehtimol Zolotaryov xotira turniridagi oltin medal muhim rol o'ynagan. Afsuski Havasbek ilk jangda imkoniyatni boy berib, musobaqani medalsiz yakunladi. Agar Iqboljon Xoldorov avvalgi formasini tiklaydigan bo'lsa, yosh Suhrob Qayumov o'zini ko'rsata olsa ushbu vaznda raqobat ortishi mumkin. SHuningdek, yaqinlashib kelayotgan O'zbekiston chempionatida ham ushbu vaznda yangi nomlar porlashini kutib qolamiz.
-75 kg. Saidjamshid Jafarov. Bu erda ko'p izohga hojat yo'q. Ikkinchi Osiyo chempionati va ikkinchi oltin medal. Jafarov o'ziga berilgan imkoniyatdan maksimum tarzda foydalanmoqda. SHunday bo'lsada unga bo'shashmaslikni tavsiya qilamiz. Ushbu vaznda yosh Aloxon Abdullaev, Abdulaziz Abdupattaev, Login Petrov kabi iqtidorlar etishib chiqmoqda.
-80 kg. Odiljon Aslonov ilk bora Osiyo chempionatida qatnashdi. U finalga qadar etib bordi va hal qiluvchi bahsda mezbonlar vakiliga imkoniyatni boy berib qo'ydi. So'nggi yillarda ushbu vaznda asosan Odiljon va JCH sovrindori Dilshod Ro'zmetov raqobat olib bormoqda. Osiyo chempionati oldidan o'tkazilgan xalqaro turnir finalida ham ushbu ikki bokschi o'zaro to'qnash kelgan va yakunda Aslonov g'alabaga erishib, terma jamoa safida Ammanga yo'l oldi. Kumush medal yomon natija emas. Keyingilarida oltin kutib qolamiz.
-86 kg. So'nggi ikki nufuzli musobaqada murabbiylar yosh SHohjahon Abdullaevga ishonch bildirishmoqda. Afsuski musobaqalarda SHohjahonga nimadir etishmayapti. Bu safar ham musobaqani medalsiz yakunladi. Biz uning salohiyatini yoshlar terma jamoasidagi faoliyati orqali yaxshi bilamiz. Hozirda ichki musobaqalarda unga raqobat tug'dira oladigan bokschi sifatida Buenos-Ayres Olimpiadasi sovrindori Temur Merjanovni ko'rsatishimiz mumkin.
-92 kg. Madiyar shubhasiz eng to'g'ri tanlov edi. Finalgacha etib borgan bokschimiz oltin medal uchun bahsda qozog'istonlik Aybek Oralbayga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bokschilar o'tgan yili JCH chorak finalida o'zaro to'qnash kelishgan va o'shanda Madiyar ajoyib xarakter evaziga g'alaba qozonib, medalga ega chiqqandi. Bu safar esa Oralbayning qo'li baland keldi. Toshkentdagi JCHda ular o'rtasidagi uchinchi jangni ko'rsak kerak. Boshqa nomzodlar haqida hozircha gap-so'z bo'lishi mumkin emas. To'g'ri, raqobat bor. Ammo Madiyar ulardan hozircha ustun ekanligini isbotlashda davom etmoqda.
+92 kg. Qiziq joyiga keldik. Bahodir Jalolov Osiyo chempionatiga bormasligini eshitgan qozog'istonlik muxlislar Kamshibek Konkabaev uchun oltin medalni "naqd qilib qo'yishgandi". Ushbu fikrga sir boy bermasada, qisman o'zbekistonlik muxlislar ham qo'shilishga majbur bo'lib qolayotgandi. Lekin hayriyat, Mullojonov o'ziga bildirilgan ishonchni munosib ravishda oqlay oldi. Finalda Kamshibek Konkabaevga qarshi to'g'ri uslub tanlandi va oltin medal qo'lga kiritildi. Umuman olganda Bahodirdan so'ng mazkur vaznni Lazizbek Mullojonovga ishonsak bo'ladi. SHuningdek, yana bir iqtidor - Jahongir Zokirov ham bor. Ammo bu superog'ir vazn toifasi ekanligini inobatga olsak, bu erda barcha narsa bo'lishi mumkin. Bahodir Jalolovga esa prof boksda faqat va faqat omadlar tilaymiz.
Ketma-ket to'rtinchi peshqadamlik
Ammandagi g'oliblik orqali O'zbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyo chempionatidagi ketma-ket to'rtinchi marotaba umumjamoa hisobida birinchi ekanliklarini isbotlashdi. Toshkent-2017, Bangkok-2019, Dubay-2021, Amman-2022. Ajoyib. SHu tempda davom etamiz.
Ayollar boksi
O'zbek boksining yaqin o'tmishdagi yulduzi Elshod Rasulov bugungi kunda ayollar terma jamoamizda bosh murabbiy sifatida ishlayotganidan xabaringiz bor. Yoshargan tarkibga ega qizlarimiz Rasulov boshchiligida 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo'lishdi. Navbahor Hamidova oltinga ega chiqqan bo'lsa, Sohiba Ro'zmetova kumushga sazovor bo'ldi. Yosh Farzona Fozilova ham kattalar o'rtasida o'zi uchun dastlabki musobaqada sovrindor bo'lishga ulgurdi.
To'lqin Qilichev va kubalik murabbiylar
Bu o'z tarkibida kubalik murabbiylarga ega To'lqin Qilichev uchun bosh murabbiy sifatidagi ilk yirik musobaqa bo'ldi. Natija jihatdan ilk imtihon yaxshi bahoga topshirildi deya olamiz. Ammo ushbu murabbiylar shtabining asosiy missiyasi Osiyo chempionati emas, Toshkentdagi jahon chempionati va Parij Olimpiadasi hisoblanadi. Demak, bo'shashishga hojat yo'q.
Kambodja tarkibidagi o'zbekistonlik. Bu korrupciya emas
Ushbu Osiyo chempionatida -92 kg vazn toifasida hamyurtimiz Abdulla Rajabov Kambodja terma jamoasi sharafini himoya qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holatga "korrupciya", "vatanni sotish" qabilida fikrlar bildirildi. Ammo hulosa qilishga shoshmaslik zarur. Ushbu vazn toifasida Madiyar Saidrahimov o'zini har tomonlama asosiy tarkibga munosib ekanligini isbotlab kelmoqda. Demak bu erda tanish-bilish va yuqoridagi kabi so'zlarga hojat yo'q. Umuman olganda, ushbu qarorni faqat va faqat olqishlagan bo'lardik. Bunday amaliyot orqali asosiy tarkibga kira olmagan 2-3 raqamli iqtidorli bokschilarimizda ham o'zlarini ko'rsatish imkoniyati paydo bo'ladi. Qolaversa, ular malum miqdorda mablag' ham ishlab olishlari mumkin. Umuman olganda, bu vaziyatda yomon holatni ko'rmayapmiz. Futbolda ham o'z vatani terma jamoasiga kira olmagan braziliyalik iqtidorlar boshqa yurt sharafini himoya qilib kelishayotganini yodga olib qo'yamiz.
Qozog'istonda hakamlikdan norozi bo'lishdi
Qozog'iston terma jamoasi bosh murabbiyi Qayrat Satjanov Saken Bibosinovning Hasanboy Do'smatovga, Serik Temirjanovning Abdumalik Xalakovga, shuningdek, Kamshibek Konkabaevning Lazizbek Mullojonovga uchragan mag'lubiyatida hakamlikdan norozi ekanligini yashirib o'tirmadi. Bosh murabbiy tomonidan mana shunday bayonot berilgan paytda, ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislarning fikrlarini esa aytmay qo'yaqolaylik...
Hulosa shuki, medallar soni bo'yicha imkoniyat boy berilganini va boshqa jihatlarni inobatga olgan holda terma jamoamizga mazkur Osiyo chempionatidagi ishtirok uchun 10 ballik tizimda 8 ball qo'ysak bo'ladi. Natija qoniqarli. G'oliblar esa ko'p ham muhokama qilinmaydilar.
Fikrlar