So’nggi yangiliklar

19:10Ўзбекистонлик ҳакамлар ОЧЛ-2 доирасидаги баҳсни бошқаради 0 18:47Доғистон - Ирландия! Хабиб ва Конор PFL'да ўзаро тўқнаш келишадими? 0 18:24Усик Фьюри билан жанг ҳақида: "Бир ой қолди" 0 18:01Йўғе?! Жейк Пол акаси Логан билан жанг қилишга тайёрлигини айтди 0 17:39"Кимгадир ёқар лола, ким атиргул шайдоси". Дунё юлдузлари қайси жамоаларга мухлислик қилади? 0 17:17UFC 309 турнирида жанг қилган юлдузлар қанча муддатга тиббий дисквалификация олгани маълум 0 16:54Пол Тайсон билан жангда 90 миллион ишлаб олгани ҳақидаги миш-мишларга жавоб берди 0 16:25Катталар ўртасидаги Ўзбекистон чемпионатининг илк кунги саралаш баҳсларидан ФОТОРЕПОРТАЖ 0 16:04Сан-Марино терма жамоаси ЖЧ-2026га йўл олиши мумкин. Қандай қилиб?! 0 15:43IBF'нинг янгиланган рейтингида бир нафар боксчимиз қолди 0 15:22"Мераб Умар билан жангдан қочмоқда" - Петр Ян 0 15:01Ҳумоюн Султонов Калабурагида 1/4 финалга чиқди 0 14:40Клопп фаолиятини умуман кутилмаган жамоада давом эттириши мумкин 0 14:19Тайсон - Пол жангида рекорд ўрнатилди - Netflix 0 13:58"Нурмагомедов чемпионлик жангига лойиқ эмас" - Петр Ян 0

30 okt 14:48
Yangiliklar

Regbi

O'zbekistonda yana bir sport turini rivojlantirish bo'yicha Prezident qarori elon qilindi

Teglar :  Regbi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarori

O'zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

So'nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish, sportning har xil turlarini, shu jumladan, regbini yanada ommalashtirish, sport bilan shug'ullanish uchun qulay shart-sharoitlar va infratuzilma yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda regbi respublikamizda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan biridir. O'zbekiston regbi federaciyasi va uning hududiy bo'linmalari tashkil etildi hamda faoliyat ko'rsatmoqda, regbi bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda (“Asian Olympic Pre-Qualifier”, “Asian 7’s”) faol ishtirok etib, sharafli o'rinlarni egallab kelmoqda, ushbu jamoa Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida kuchli sakkizlikka kiradi.

SHu bilan birga, moddiy-texnik baza va infratuzilmaning etarli emasligi, regbi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uyg'un tizimi yaratilmaganligi sohaning yanada rivojlanishiga hamda O'zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taminlashga to'sqinlik qilmoqda.

Regbini yanada rivojlantirish, uni respublika aholisining keng qatlamlari o'rtasida faol targ'ib qilish va ommalashtirish, yuqori sifatli o'quv-mashq jarayonini taminlash, regbichilar, trenerlar va hakamlarning mahorat darajasi va malakasini doimiy oshirib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, regbichi-sportchilarni tayyorlash uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida:

1. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi va O'zbekiston regbi federaciyasining quyidagi takliflari maqullansin:

a) har bir ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo'limlarini ochish;

b) bolalar-o'smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinayotgan regbi bo'yicha murabbiylar nomzodlarini O'zbekiston regbi federaciyasi bilan majburiy kelishish tartibini joriy qilish;

v) quyidagilarni nazarda tutuvchi regbi bo'yicha sport musobaqalarini o'tkazishning to'rt bosqichli tizimini joriy etish:

birinchi bosqichda – sport klublari, sekciyalari jamoalari o'rtasidagi sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

ikkinchi bosqichda – sport klublari, sekciyalari o'rtasidagi musobaqalarda g'olib chiqqan jamoalar o'rtasida tuman (shahar) sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

uchinchi bosqichda – tuman (shahar) sport musobaqalarida g'olib chiqqan jamoalar o'rtasida hududiy sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);

to'rtinchi bosqichda – hududiy sport musobaqalarida g'olib chiqqan jamoalar o'rtasida respublika sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok).

2. 2019-2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda – CHora-tadbirlar dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

CHora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida quyidagi ustuvor yo'nalishlar va vazifalar belgilansin:

iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (selekciya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi bo'yicha o'quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;

regbini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, sekciyalar va to'garaklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini taminlash;

trenerlar, hakamlar va regbi bo'yicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

regbi bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini taminlash;

xalqaro musobaqalarning g'oliblari va sovrindorlarini rag'batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi bo'yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish;

regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish.

3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklatilsin:

hududiy regbi federaciyalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko'maklashish;

tegishli hududlarning rahbar kadrlari orasidan nomzodlarni hududiy regbi federaciyalari raisi lavozimiga tavsiya etish;

tegishli hududda professional regbining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taminlash, kamida bitta professional regbi klubini tashkil etish, regbi mashg'ulotlarini o'tkazish uchun stadionlar, shuningdek, tegishli hududiy regbi federaciyalarini joylashtirish uchun binolar ajratish.

4. O'zbekiston regbi federaciyasi faoliyatini va uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari quyidagilar ekanligi malumot uchun qabul qilinsin:

O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutiladigan O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari;

O'zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag'lar;

O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi mablag'lari;

homiylar mablag'lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy va o'rta maxsus talim vazirligi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federaciyasi Kengashi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federaciyasi Kengashi, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining sport klublari stadionlarida muntazam ravishda regbi bo'yicha o'quv-mashg'ulotlar va musobaqalar o'tkazish uchun shart-sharoitlar yaratib berilishini beg'araz asosda taminlasin.

6. Malumot uchun qabul qilinsinki:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son Farmoni bilan tasdiqlangan Olimpiya sport turlarini 2018-2021 yillarda keyinchalik rivojlantirish va ommalashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturining 21-bandiga muvofiq Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi CHorvoq qishlog'ida O'zbekiston terma jamoasi azolari tomonidan o'quv-mashq jarayonini o'tkazish uchun O'zbekiston regbi federaciyasining sport bazasini qurish ko'zda tutilgan;

sport bazasini saqlash va zarur jihozlar bilan taminlash O'zbekiston regbi federaciyasi mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi CHorvoq qishlog'ida O'zbekiston regbi federaciyasining sport bazasi qurilishini 2020 yilga mo'ljallangan jismoniy tarbiya va sport obektlarini qurish, rekonstrukciya qilish va kapital tamirlash manzilli dasturiga kiritilishini taminlasin.

7. O'zbekiston regbi federaciyasi, uning hududiy bo'linmalari, professional regbi klublari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlarga muvofiq olib kiriladigan, regbi bo'yicha sport obektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur bo'lgan, O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport uskunalari, inventar va maxsus professional sport anjomlari uchun 2023 yil 1 yanvarga qadar bojxona to'lovlaridan (qo'shilgan qiymat solig'i hamda bojxona yig'imlari bundan mustasno) ozod etilsin.

8. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o'rta maxsus talim vazirligining 2020/2021 o'quv yilidan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida regbi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlovchi yo'nalishlar ochish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o'rta maxsus talim vazirligi ushbu bandni amalga oshirish bo'yicha choralar ko'rsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O'zbekiston regbi federaciyasi bilan birgalikda:

mamlakatimizda regbini rivojlantirish, qo'llab-quvvatlash

va ommalashtirish, fuqarolarning ushbu sport turiga qiziqishini shakllantirish choralari ko'rilishi;

bolalar-o'smirlar sport maktablarining zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sport jihozlari va inventar, regbi uchun sport kiyimlari va poyabzal bilan taminlanishi;

regbi infratuzilmasi rivojlangan mamlakatlarda o'quv-mashg'ulot yig'inlarining tashkil etilishi;

ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo'limlarini ochish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taminlasin.

10. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O'zbekiston regbi federaciyasining buyurtmanomasiga binoan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yig'imlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taminlasin.

11. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O'zbekiston regbi federaciyasining buyurtmanomasiga binoan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga davlat bojini undirmasdan ko'p martalik vizalarni berish va ularni uzaytirish hamda vaqtincha yashash joyida vaqtincha ro'yxatga olishni rasmiylashtirish va uni uzaytirishni belgilangan tartibda taminlasin.

12. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O'zbekiston regbi federaciyasining buyurtmanomalariga binoan xorijiy mutaxassislarni O'zbekiston Respublikasiga jalb etish uchun ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, mazkur xorijiy fuqarolarga O'zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning o'rnatilgan to'lovlar undirilmasdan berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taminlasin.

13. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida regbining rivojlanishini, regbi jamoalari, trenerlar va regbi bo'yicha boshqa mutaxassislar faoliyatini muntazam ravishda va keng yoritib borish hamda regbi bo'yicha rasmiy musobaqalar o'tkazilishini targ'ib qilish tavsiya etilsin.

14. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 29 oktyabr

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing