15 avg 09:12
Yangiliklar
President's Cup. Fomin ham, Sultonov ham 1/2 finalda!
Quvonarlisi, musobaqada ishtirok etayotgan har ikki tennischimiz ham 1/2 final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. O'zbekistonning birinchi raketkasi Sergey Fomin 1/4 finalda yaponiyalik Masamichi Imamurani ortiqcha qiyinchiliksiz mag'lubiyatga uchratdi - 6/2, 6/1.
Taqqoslash uchun, Fomin ATP reytingida 308, Kunchiqar yurt vakili 422-o'rinni egallab turibdi. Sergey 56 daqiqalik uchrashuv davomida 2 ta eys zarbasini amalga oshirib, 1 ta qo'shxatoga yo'l qo'ydi. Masamichi esa aksincha, 1 ta eys va 2 ta qo'shxato qayd etdi. Bugun turnirda uchinchi raqam ostida tasniflangan Fomin final chiptasi uchun reytingning 629-pog'onasida borayotgan, tunislik 29 yoshli Aziz Dugazga qarshi kortga chiqadi.
Mamlakatimizning ikkinchi raketkasi Humoyun Sultonov ham muvaffaqiyatli odimlamoqda. Turnirga zaxira o'yinchisi sifatida qo'shilgan vakilimiz 1/4 finalda turnirning ikkinchi raketkasi, turkiyalik Mert Alkayani 7/6(5), 6/3 hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
ATP reytingida 513-pog'onani egallab turgan Sultonov dunyoning 298-raketkasini yarim final ostonasida musobaqadan chiqarib yubordi. Sakson to'rt daqiqa davom etgan bahsda Humoyun 1, Mert 5 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar Alkayada ko'proq bo'ldi - 2 ga 1. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Birozdan so'ng Sultonov final yo'llanmasi uchun Hayato Macuokaga qarshi kortga chiqadi. Yaponiyalik tennischi ayni paytda reytingning 314-pog'onasini band etgan.

Fikrlar