17 dek 13:59
Yangiliklar
SHiddatinga havasim bor, surxonlik ukam!
Sport bilasiz, hamma sohada bo'lgani kabi istedod, fidoyilikni, mashaqqatli mehnatni, o'z ustida tinmay ishlashni, murabbiy ko'rsatmasiga so'zsiz itoat etishni va kurashish maydonida vatanparvarlikni, or-nomus va yuksak g'ururni talab etadi. Xususan dzyudo sport turida ham!
Bugun sizga maqola sifatida malum qiladigan sahifamiz qaxramonlari Surxondaryo dzyudo maktabi tarbiyalanuvchilari bo'ladi. CHunki, dzyudo bo'yicha o'tkazilayotgan milliy yoki jahon chempionatlarida surxondaryolik sprotchilarning mamlakat terma jamoasi safida ishtirok etib, albatta sovrindorlar qatoridan joy olib, vatanimiz sharafani munosib himoya qilishmoqda. Bir so'z bilan aytganda, ular zo'r maqsadlar bilan olimpiya cho'qqisi sari odimlashmoqda. Bunday deyishimizning boisi, biz yaqinda Surxondaryo viloyatida bo'lib, dzyudo sporti bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib qaytdik.
Ayni paytdaviloyat dzyudo federaciyasi bo'limida iqtidorli sanalagan 1500 nafarga yaqin o'g'il- qizlar muntazam mashg'ulotlarda ishtirok etishadi. Termiz shahri, Termiz, Denov, Jarqo'rg'on singari tuman yoshlari bu borada ko'pchilikni tashkil etadi. Tuman va shaharlardan saralangan iqtidorli sportchilar esa viloyat terma jamoasiga taklif etilib, keng va yorug', shinam, barcha qulayliklarga ega bo'lgan dzyudo zalida xalqaro toifadagi sport ustasi, dzyudo bo'yicha viloyat bosh murabbiyi, O'zbekiston dzyudo federaciyasi Surxondaryo viloyat bo'limi raisi Bekzod To'raboev va uning yordamchilari qo'l ostida mashg'ulotlarga zo'r berishadi.
Bekzod To'raboevning takidlashicha mashg'ulotlar belgilangan qatiy reja asosida olib boriladi. Kerak paytida Termiz tumanining qumli adirliklari bo'ylab 15-20 kilometr masofaga yugurish yoki umumjismoniy mashqlar... SHuningdek, viloyat dzyudo federaciyasi selekciya ishlariga ham alohida etibor qaratayotganiga guvoh bo'ldik. Tumanlardagi mavjud dzyudo sekciyalarida ishtirok etib, mahoratlarini oshirayotgan o'g'il-qizlar orasidan ishtiyoqi baland, istedodlilar viloyat terma jamoalari zaxirasiga olinib, Termizdagi o'sha shinam va qulayliklarga ega bo'lgan dzyudo zaliga taklif etiladi, mashg'ulotlarga zo'r berishadi.
Ular ham bir kun kelib, SHarofiddin, Yahyo yoki Hikmatilloh To'raev kabi etakchi dzyudochi bo'lishini jonkuyar va talabchan murabbiylar yaxshi bilishadi. Vaqti-vaqti bilan xalqaro miqyosda taniqli bo'lgan dzyudochilarning Termiz shahriga taklif etilishi va ular ishtirokida o'tkaziladigan master-klasslar, ibrat olishga arziydigan davra suhbatlari yosh sportchilarning mahoratlari oshishida, dzyudoga bo'lgan oshnolik kuchayishiga sabab bo'lishi bor gap.
Biz ikki kun kechki payt bo'ladigan mashg'ulotlarni kuzatdik. Rosti, dzyudochilarning murabbiy Bekzod To'raboevni diqqat bilan tinglashlari, ko'rsatilgan usullarini ellik, yuz martalab qayta-qayta meyoriga etguniga qadarbajarishlari, har bir shogird bilan alohida, alohida odob-axloq yoki sport mavzularda suhbat o'tkazishi, viloyat terma jamoasi azolariga alohida, respublika terma jamoalari azolariga alohida dzyudoning oddiy usullaridan tortib, murakkab bo'lgan usullarigacha erinmay o'rgatishlari, xalqaro dzyudo olamida reyting natijalariga ko'ra yuqori turuvchi sportchilarning qay usullarda kurash tushushiyu, unga qarshi qanday qaytarma usul qo'llash kerakligi, kurash maydonida raqibni “ippon” yoki “vazari” xolatiga ko'z ilg'amas tezlikda solib qo'yish xolatlarini amalda ko'rsatishi va shu asnoda o'zi ham shogirdlari bilan birga mashg'ulotlarga berilib ketganidan belgilangan mashg'ulot vaqti o'tib ketganini sezmay ham qolishlari, xullas yuqori kayfiyatda o'tadigan mashg'ulot jarayonini ko'rib, kuzatib havasimiz ortdi. Va bejizga Surxon dzyudochilari musobaqalarda etakchilar qatorida turishmas ekanda, degan fikrga bordik.
SHu o'rinda ayrim sportchilarni qisqacha suhbatga chorlashga ham ulgurdik.
Hikmatilloh TO'RAEV, 1995 yil Qumqo'rg'on tumanida tug'ilgan, dzyudo bo'yicha respublika terma jamoa azosi:
- Dastlab, sportning kurash turi bilan shug'ullanganman. 2012 yildanbuyon esa, ustozimiz Bekzod aka To'raboev qo'l ostida dzyudo sirlarini o'rganib kelyapman. Ustozimizdan minnatdormiz, boisi bizni shunchalik tayyorlab, o'rgatdiki, xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatlarga erishib kelyapmiz. Misol uchun, 2015 yil iyun oyida CHirchiq shahrida o'tkazilgan Osiyo kubogida birinchi, 2017 yil oktyabr oyida Toshkentda o'tgan Gran Pri musobaqasida uchinchi o'rinni, 2018 yil avgust oyida Belorus davlatining Minsk shahrida o'tkazilgan Evropa ochiq chempionatida 73 kg. vaznda birinchi, o'tgan oyda poytaxtimiz mezbonlik qilgan Toshkent Gran Pri turnirida ham 73 kg.da faxrli birinchi o'rinni band etib, terma jamoamizga oltin medallarni qo'shishga erishdik. Bundan tashqari 2017 yil may oyida kurash bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun al – Hakim at-Termiziy xotirasi uchun xalqaro turnirida 73 kg. vaznda oltin medalga egalik qilganim barchasi tinimsiz qilingan mehnatning natijasi, deb bilaman.
SHarofiddin LUTFULLEV, 1990 yil Angor tumanida tug'ilgan, dzyudo bo'yicha terma jamoa azosi, 60 kg vazn toifasida reyting jadvalida 8-o'rin sohibi:
- Ustozimiz Bekzod aka To'raboev murabbiyligida mashg'ulot jarayonlarida ishtirok etyapmiz. Har bir vazn toifasida kuchli o'n oltilikda bo'lgan sportchilar qatnashish xuquqiga ega bo'lgan mazkur nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishni niyat qilganmiz. Surxondaryo dzyudo maktabi respublikada o'z o'rniga ega bo'lgan maktablardan deb bilaman. Hozirda 60 kg, 73, 90 va 100, +100 kg.da ko'plab yosh iqtidor egalari sekin asta bo'y ko'rsatmoqda. Ular ertaga munosib izdoshlarimiz bo'lib, terma jamoalar tarkibida nafaqat Surxondaryo balki mamlakatimiz obrusini oshirishda o'z hissalarini qo'shadi, deb o'ylayman. Maqsadimiz faqat kerakli ochkolarni to'plab, Yaponiyada bo'ladigan navbatdagi Olimpiada o'yinlarida ishtirok etish va oltin medallarni qo'lga kiritish bo'ladi.
Rinata ILMATOVA, 1999 yil Denov tumanida tug'ilgan, dzyudo bo'yicha respublika terma jamoasi azosi:
- Uch yarim yildan buyon dzyudo bilan shug'ullanaman. Aslida bu sport turigaqiziqishimda dadam sababchi bo'lgan. Yoshligimda biroz to'laroq bo'lganman va bu to'lalikni yo'qotishning eng yaxshi usuli jismoniy tarbiya va sport ekanligini yaxshi anglagan dadam meni sportga, dzyudo zaliga etaklagan. Natijada terma jamoa azosiga aylandim, O'zbekiston chempioni, degan nomga ega bo'ldim. Uch marta Osiyo kubogida +78 kg. vazn toifasida faxrli o'rinlarni qo'lga kiritib, ustozimiz ishonchini oqlashga erishdik. Ko'rib, kuzatib turganingizdek mashg'ulotlar kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. Sababi, oldimizda yana bir sinovli bellashuv turibdi. Aniqrog'i. 21-23 dekabr kunlari Toshkent shahrida dzyudo bo'yicha kattalar o'rtasida O'zbekiston chempionati bo'lib o'tadi. Mazkur chempionatda viloyatimiz sharafini munosib himoya qilib, ustozimiz Bekzod aka To'raboev ishonchini oqlashga, qolaversa, keyingi yil bo'ladigan xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini ham qo'lga kiritishni niyat qilganmiz.
SHohista NAZAROVA, 1999 yil Jarqo'rg'on tumanida tug'ilgan, dzyudo bo'yicha respublika terma jamoasi azosi:
- Dastlab kurash sport turi bilan shug'ullanib, musobaqalarda ishtirok etganman. Keyinchalik viloyat dzyudo maktabiga taklif etildim va uch bor 70 kg. vaznda mamlakat chempionligiga erishdim. Dugonam Rinata takidlab o'tganidek, yaqinda poytaxtimizda kattalar o'rtasida O'zbekiston chempionati bo'lib o'tadi. Niyatimiz nafaqat men balki barcha jamoamizning niyati ushbu chempionatda medallar shodasini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida ham faxrli birinchi o'rinlarni zabt etishni ko'zlaganmiz.
Albatta, irodasi mustahkam, mashg'ulotlarda xo'p va ko'p toblanayotgan shogirdlardan SHarofiddin Lutfullev, Yahyo Imomov, Hikmatilloh To'raev, Bekmurod Oltiboev, Dilshodbek Baratov, Aqlmurodbek Xudoyberdiev, SHahboz Nurmatov, Usmonbek Xudoyberdiev, Bahodir Panjiev, Bekzod Ashurov, Suxrob Egamberdiev, SHohista Nazarova, Marjona Salohiddinova, Munisa Toshboeva, Zarnigor Odilova, Rinata Ilmatova Doston To'raev kabi o'ttiz nafarga yaqin dzyudochilarning respublika terma jamoalari safida o'zlariga berilgan ishonchni munosib ravishda oqlashga ham ulgurayotgani bor haqiqat. Bu polvonlarni bilmagan, tanimagan dzyudo mutaxasissi topilmasa kerak. Erishayotgan natijalariga ko'ra, hatto xalqaro dzyudo olamida ham ushbu sportchilar alohida etirofga sazovor.
2011 yildan angorlik SHarofiddin Lutfullaev, 2009 yildan denovlik Yahyo Imomov, 2015 yildan qumqo'rg'onlik Hikmatilloh To'raev va sho'rchilik Bekmurod Oltiboev, 2017 yildan dugonalar - Rinata Ilmatova (Denov tumani) hamda SHohista Nazarova (Jarqo'rg'on tumani)lar o'tkazilgan Osiyo va jahon chempionatlari, turli darajadagi xalqaro turnirlarda ishtirok etib, kuchlilar qatoridan joy egallashga muvaffaq bo'lishgan. Ko'p bor oltin medallarga ega chiqishganlarida qo'llarini ko'ksiga, yuraklarining ustiga qo'yib, madhiyamiz sadolarini baralla yangrashini, bayrog'imiz sarbaland hilpirab turishiga sababchi bo'lganidan quvonch ko'z yoshlarini yashirishga yo'l topolmay, o'pkasi to'lib, tilida va dilida “O'zbekiston uchun! Vatanimiz shani uchun, Surxon adirlari, Sanggardak sharsharasiyu, enam yopgan tandir nonlar uchun”, deya pichirlab qo'yganlari ham rost.
Zero, bir gap keldi aytaman, kelmasa malol. Nomus nima, bilar yalong'och xabash, nomus qizg'on, nomus libos, qizing ayoling, ayol chap qovurg'a, yurakka yaqin, qovurg'a panjara yurak devori, rashking u tufayli, ishqing bo'lmasa, sidqi yo'q kesakdan nima farqing bor? Rashkni eski dema, u mudom vijdon quchog'ida yashaydi. Rashku nomus, uyat va vijdon oriyat shakliga do'stu qadrdon. Gapning naqdini aytganda Yaratganning o'zi qaysi elga o'ng ko'zi, o'ng qo'li bilan qarab, har insonga etadigan nomus va or, tuganmas g'urur beraman desa, peshonasiga sig'adigan odamning zo'rini – hinqillatib yiqitadigan polvonini ato etgay. Taqdirning shul hukmi qarori – polvon elining ori. Polvon millat origa qalqon!
Ha, bugun nafaqat Surxondaryo dzyudochilari balki mamlakatimizning har bir hududida dzyudo yoki boshqa sport turi bilan oshno o'g'il-qizlar kamolga etmoqda. Ular millat origa qalqon bo'layotganini kunda, kun ora eshitib, ko'rib turibmiz. Ana, yana qaysidir ug'il-qizimiz xalqaro sport maydoni shoxsupasidan turib, boksda, dzyudoda, shaxmat, kurash, belbog'li kurash yoki boshqa sport turidan g'oliblikni tantana qilyapti, Yaratganga shukur!
Ilhom RAHMONOV tayyorladi, o'z muxbirimiz
Fikrlar