22 apr 18:22
Yangiliklar
Shymkent Challenger. Fomin uch soatlik bahsda beshinchi raketkani mag'lub etdi
Mukofot jamg'armasi 63 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi turnirda mamlakatimizning birinchi raketkasi Sergey Fomin ham muvaffaqiyatli odimlamoqda. Hamyurtimiz bugun 1/8 final bahsida turnirning beshinchi raketkasi, avstriyalik Sandro Koppni uch set natijasiga ko'ra mag'lubiyatga uchratdi - 6/7(5), 7/6(3), 6/4.
Taqqoslash uchun, Fomin ayni paytda ATP reytingida 359, Kopp esa 317-o'rinni egallab turibdi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Roppa-rosa uch soat davom etgan bahsda Fomin 2, Kopp 5 ta eys zarbani amalga oshirdi. Qo'shxatolar Fominda ko'proq bo'ldi - 4 ga 3.
Ertaga hamyurtimiz 1/4 finalda germaniyalik Maks Viskandtga qarshi kortga chiqadi. Bu olmon tennischisi bugun 1/8 finalda turnirning ikkinchi raketkasi, belgiyalik Armaud Bayllini 7/5, 6/3 hisobida engib, musobaqadan chiqarib yuborishga muvaffaq bo'ldi.

Fikrlar