04 noy 08:18
Yangiliklar
Sog'lom turmush sari… 7 yoshdan harakat qilib, 70 yoshda ham bardam bo'lishga rag'bat beruvchi farmon haqida
Ayni pandemiya paytida inson uchun sog'liqdan muhim nemat yo'q ekanini qalbdan his etyapmiz. Buning uchun immun tizimi mustahkam bo'lishi, tana doimiy harakatda bo'lishi talab etilyapti va bu takidlar yangilik emas.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 30 oktyabr kuni «Sog'lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni ana shu zaruriyatlarga qaratilgan eng muhim masalalarni o'z ichiga olgani bilan etiborlidir. Hujjat matnini diqqat bilan o'qib chiqib, unga qatiy amal qilsangiz, sizga nafaqat dard yaqin yo'lamasligi, balki uzoq umr ko'rish uchun qadam tashlash imkonini ham beradi.
Quyida farmonda keltirilgan eng muhim bandlarga etiboringizni qaratmoqchimiz.
«Sog'lom turmush tarzi» platformasi
Farmon asosida 2021 yil 1 martga qadar ishlab chiqiladigan «Sog'lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasiga asosan:
- O'zbekiston hududida bir sutka davomida o'n ming va undan ortiq qadamyurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O'zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so'mdan;
- har oyda har bir tuman (shahar) bo'yicha eng ko'p yurgan shaxsga 300 ming so'mdan, har bir hudud bo'yicha eng ko'p yurgan shaxsga 500 ming so'm, respublika bo'yicha eng ko'p yurgan shaxsga 1 mln so'mqo'shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o'tkaziladi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida:
- mehnat jamoalarida sog'lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish bo'yicha xodimga «Sport targ'ibotchisi»qo'shimcha vazifasi yuklanib, uning ish haqiga 20 foiz ustama belgilanadi;
- haftada kamida bir marta, ish vaqtidan so'ng rahbar va barcha xodimlarijismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlari (yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqalar) bilan shug'ullanishi yo'lga qo'yiladi;
- har shanbakuni soat 14:00 dan keyin xodimlar va ularning oila azolari o'rtasida yugurish, stritbol, futbol, badminton, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bo'yicha ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi. Bunda, musobaqalar bayramona ruhda, «shou» ko'rinishida o'tkazilishiga, g'olib va sovrindorlar munosib rag'batlantirilishiga alohida etibor qaratiladi;
- trenajyor zali, «Workout» maydonchasi, sport maydonchalari va xonalari, sport mashg'ulotlari va musobaqalarini moliyalashtirishdavlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag'lari hamda boshqa qonuniy manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
- birinchi rahbarlarga«shaxsiy namuna» tamoyili asosida o'zlarining antropometrik ko'rsatkichlarini (semizlik darajasi, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash) yaxshilash orqali xodimlarning antropometrik ko'rsatkichlari yaxshilanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.
Ommaviy sportni rivojlantirish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va ko'cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi:
- Ushbu sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dasturlar to'liq bajarilgunga qadar har yili 104 mlrd so'mdan ajratiladi.
- Jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dasturlar to'liq bajarilgunga qadar har yili 10 mlrd so'mdanmablag'lar ajratiladi.
Piyodalar va veloyo'laklar quriladi
Hujjatga ko'ra, hokimliklar Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 15 noyabrga qadar yo'laklar loyihalarini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradi.
Yo'laklarni qurish ishlari 2021 yil 1 yanvardan boshlanib, 2021 yil 1 mayga qadar tugatilishi belgilandi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
- piyodalar va velosiped yo'laklarining umumiy uzunligi
3-5 kilometrni tashkil etadiva o'zaro uzviy bog'liq bo'ladi; - zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug'lik qaytaruvchi, yo'laklarni boshlanishi, oralig'i va yakunini ko'rsatuvchi yo'l belgilari bilan to'liq taminlanadi;
- piyodalar va velosiped yo'laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlari yaratiladi hamda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun «to'siqsiz muhit»tashkil etiladi.
2021 yil uchun investiciya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo'yilmalar hisobidan markaziy ko'chalarni modernizaciya qilish uchun jami 1,4 trln so'm mablag' ajratiladigan bo'ldi.
«Salomatlik yo'laklari»
SHuningdek, Toshkent shahar hokimligi 2021 yil davomida bosqichma-bosqich barcha tumanlarda aholi uchun qulay ko'chalarda umumiy uzunligi 50 km bo'lgan piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo'laklari»ni tashkil etadi. Buning uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi poytaxt hokimligiga 2023-2024 yillarda qaytarish sharti bilan 20 mln dollar miqdorida foizsiz ssuda beradi.
Ushbu tajribadan kelib chiqib, 2022 yildan boshlab Nukus, Buxoro, Nurafshon, Samarqand, Termiz, Xiva, SHahrisabz va Qo'qon shaharlarida hamda 2023 yildan boshlab respublikaning barcha yirik shaharlarida piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo'laklari» tashkil etiladi.
Jismoniy tarbiya darslari ko'paytiriladi
2021/2022 o'quv yilidan boshlab, O'zbekistondagi umumtalim maktablarida umumiy o'quv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fani barcha sinflarda haftada 2 soatdan o'qitish yo'lga qo'yiladi.
2021 yilda umumtalim maktablariga 50 ta sport zali qurilishi uchun 100 mlrd so'm, sport talim muassasalariga 48 ta sport inshooti qurilishi uchun 400 mlrd so'm ajratiladi.
2021 yil 10 aprelga qadar 2022-2023 yillarga mo'ljallangan dastur ishlab chiqilib, shu asosda umumtalim maktablari sport zallari bilan to'liq taminlanadi, har bir tuman(shahar)da moddiy-texnika bazasiga ega bolalar va o'smirlar sport maktablari hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlari quriladi va jihozlanadi.
Farmonga asosan:
- ikki oy muddatda umumtalim, professional va oliy talim muassasalarida darslar oralig'ida (katta tanaffus vaqtida) «Sport daqiqasi» jismoniy mashqlari amaliyotga joriy etiladi;
- darslar boshlanishidan oldin esa 2 daqiqa nafas olish mashqlari o'tkaziladi.
Bog'chalarning tibbiyot xodimlari va maktablarga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tarbiyalanuvchilar va o'quvchilar sog'lig'i va jismoniy kamolotini doimiy ravishda nazoratga oladi.
Dietologiya bo'yicha kadrlar tayyorlanadi
Sog'liqni saqlash vazirligi:
- bir oy muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining vrach va o'rta tibbiy xodimlarini dietologiyabo'yicha tayyorlash, shu jumladan amaliy ko'nikmalarini shakllantirish bo'yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qiladi;
- 2021 yil 1 martga qadar, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ortiqcha vaznga ega shaxslar uchuno'rtacha kunlik ovqatlanish meyori va racioni hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqib, uni aholi orasida doimiy targ'ib etib boradi;
- tarkibida tuz, qand va yog' miqdori meyoridan ortiq bo'lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini kam istemol qilish bo'yicha oilalar o'rtasida targ'ibot ishlarini olib boradi.
2021 yil 1 iyuldan boshlab, vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbar va xodimlarining antropometrik ko'rsatkichlarini baholash yo'lga qo'yiladi. Ko'rsatkichlar reyting asosida tahlil qilinib, natijalarni onlayn kuzatish tizimi ishlab chiqiladi.
Reyting ko'rsatkichlarini bosh vazir o'rinbosari A.Abduhakimov Oliy Majlis palatalariga taqdim etadi. SHu asosda eng past reytingga ega davlat organlari rahbarlarining faoliyati har yarim yillikda tanqidiy muhokama qilinadi. Aksincha, eng yuqori reyting to'plagan rahbarlar rag'batlantiriladi.
2021 yildan boshlab, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi «Sog'lom turmush tarzi» platformasida ro'yxatdan o'tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni bo'yicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi baho beradi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman, shahar hokimliklari, davlat organlari va tashkilotlari:
- har yili 1 dekabrga qadar keyingi yil uchun yil davomida o'tkaziladigan haftalik musobaqalarni o'tkazish kalendar rejasini tasdiqlaydi;
- yillik xarajatlar smetasini shakllantirishda mazkur maqsadlar uchun mablag'lar ajratilishini nazarda tutadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o'rtasidagi jamoa shartnomalarida:
- ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;
- texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlarga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.
Reklamalarga cheklov o'rnatiladi
SHuningdek, hujjat asosida uch oy muddatda tuz, qand va yog' miqdori meyoridan ortiq bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga quyidagi cheklovlarni o'rnatish bo'yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi:
- talim, sog'liqni saqlash va sport muassasalari hududida hamda jamoat transportida reklama qilish;
- bolalar, animacion personajlar va bolalar ko'rsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama qilish;
- ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun mo'ljallangan ko'rsatuvlardan 30 daqiqa oldin va keyin namoyish qilish.
Parlament o'yinlari o'tkaziladi
Prezident imzolagan, sog'lom turmush tarzi va ommaviy sportni hayotga keng tatbiq etishga oid farmonga ko'ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati barcha qo'mitalar, deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar frakciyalari o'rtasida Parlament o'yinlari sport musobaqalarini joriy etish to'g'risida taklif kiritgan va u qo'llab-quvvatlangan.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyunga qadar quyidagilarga oid hukumat qarorlari qabul qilinadi:
- yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va «Workout» sport turlarini rivojlantirish;
- paralimpiya harakatini rivojlantirish;
- jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishga jalb qilish;
- «Sog'lom ayol – buyuk kelajak» g'oyasini o'zida mujassam etgan xotin-qizlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug'ullanishga jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi.
Mahallalar o'rtasida tanlovlar
Har chorakda har bir tuman (shahar)da «Sog'lom turmush tarzi rivojlangan mahalla» tanlovi tashkil etiladi.
- Tanlovda 1-o'rinni egallagan mahallaga 10 mln so'm, 2-o'rin uchun 5 mln so'mva 3-o'ringa 3 mln so'm miqdorida pul mukofoti beriladi; mablag'lar «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ajratiladi.
- Pul mukofoti MFYning bank hisob raqamiga o'tkaziladi va mahallada sport maydonchalarini tashkil etish, ularni jihozlash, sport tadbirlarini o'tkazish maqsadlariga istisno tariqasida tender savdolarisizyo'naltiriladi.
- Bir oy muddatda ushbu tanlovni o'tkazish tartibi va baholash mezonlari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Bunda mahalla aholisining doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashg'ulotlariga jalb etilishi, sog'lom ovqatlanish va sog'lom turmush tarziga rioya etishi, mahallada zarur sport infratuzilmasi mavjudligi, o'tkazilgan musobaqalar soni, mahalla aholisining kasallanish darajasi pasayib borishi ko'rsatkichlari nazarda tutiladi.
Xulosa o'rnida aytish lozimki, kasallikka duchor bo'lib, aziyat chekkandan ko'ra, uning oldini olish choralarini ko'rish kerak. Buning uchun o'zingizda kuch topib, muntazam yurish, yugurish odatini kasb qilib olish, to'g'ri va sog'lom ovqatlanish, gigienaga rioya qilish kifoya. Hammasi o'z qo'lingizda!
Fikrlar