01 fev 16:59
Yangiliklar
Australian Open. Jokovich - Alkaras final bahsi g'olibi to'rt setda aniqlandi
Hozirgina musobaqaning erkaklar o'rtasidagi bahslarida g'olib aniqlandi. Hal qiluvchi final uchrashuvida dunyoning birinchi raketkasi, ispaniyalik Karlos Alkaras to'rtinchi raketka, serbiyalik tajribali Novak Jokovichga qarshi kortga chiqdi.
Uch soatu to'rt daqiqa davom etgan bahsda yoshlik shijoati ustun keldi. May oyida 39 yoshga to'ladigan Novakning finalga qadar etib kelganining o'zi katta jasorat. Birinchi setni 2/6 hisobida boy bergan Karlos kambekka erisha oldi - 6/2, 6/3, 7/5. Alkaras may oyida 23 yoshga to'ladi.
Karlos Alkaras uchrashuv davomida 9, Novak Jokovich 4 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Ikkala tennischi ham 2 tadan qo'shxatoga yo'l qo'ydi. Breyklar bo'yicha tabiiyki, g'olib tennischi ustunlikka erishdi - 5 ga 2. Tennischilarning o'zaro uchrashuvlaridagi hisob ko'rinishini tenglashdi - 5:5.
Ispaniyalik tennischi ikki haftalik mehnatidan 2000 reyting ochkosi hamda 2 million 889 ming 230 AQSH dollari miqdorida mukofot puli ishlab oldi. Serbiyalik afsona esa 1300 ochko hamda 1 million 496 ming 830 dollarga ega chiqdi.

Fikrlar