07 dek 07:31
Yangiliklar
Birinchi raketkamiz Kamilla Rahimova kambek evaziga Anje turniri finalida!
Musobaqada 24 yoshli asli rossiyalik raketka ustasi, shu oy boshidan O'zbekiston sharafini himoya qilayogan Kamilla Rahimova ham muvaffaqiyatli odimlayapti. U 1/2 finalda turnirning ikkinchi raketkasi, ayni paytda dunyoning 78-raketkasi bo'lib turgan xorvatiyalik Antonio Rujichga qarshi kortga chiqdi.
Uch soatu 11 daqiqa davom etgan dramatik matchda WTA reytingida 112-o'rinni egallab turgan Rahimova kambek evaziga g'alaba qozonib finalga yo'l oldi. Birinchi setni boy bergan Kamilla o'yinga qaytish uchun o'zida kuch va iroda topa oldi - 4/6, 6/3, 7/5.
Uchrashuv davomida Ruzich 11, Rahimova 4 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar bo'yicha mutlaq "ustunlik" xorvatiyalik tennischi tomonida bo'ldi - 6 ga 0. Bu tennis malikalarining o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi. Besh yil oldin o'tgan ilk bahsda ham Rahimova zafar quchgandi.
Bugun Kamilla Rahimova Anje turniri bosh sovrini uchun germaniyalik Tamara Karpachga qarshi kortga chiqadi. 30 yoshli Tamara WTA reytingida 138-o'rinni band etgan. Final uchrashuvi bizning vaqt bilan soat 19:00da boshlanadi.

Fikrlar