20 jan 16:40
Yangiliklar

Bobousmon Baturov SHahram ustidan g'alaba, Tokio Olimpiadasi va tayyorgarlik haqida gapirdi
Kimlardir sparring jangda Bobousmon Baturovning g'alaba qozonganini yozsa, boshqa tomonda SHahram G'iyosov ushbu bahsda "g'olib bo'ldim" degan fikrlarni bildirmoqda.
Yakunda Xitoydagi o'quv-mashg'ulot yig'iniga -69 kg vazn toifasida Bobousmon Baturov jo'nab ketdi. SHahram esa O'zbekistonda qoldi. Voqealar rivoji shuni ko'rsatmoqdaki, 2 fevral kuni boshlanadigan licenzion musobaqada Bobousmon Baturov ishtirok etadi.
Biz bokschimiz bilan bog'lanib, uning rejalari va fikrlari bilan qiziqdik.
Tayyorgarlik haqida
Musobaqaga tayyorgarlik alo darajada davom etmoqda. Barchasi reja asosida amalga oshyapti. Terma jamoa murabbiylari tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida bokschilarimiz o'zlarining eng yaxshi sport formasiga kirib borishmoqda. Tayyorgarlikning birinchi va ikkinchi bosqichlarini "Yangiobod" o'quv bazasida olib bordik. Unda jismoniy va taktik usullar ustida ishlandi. Hozirda tayyorgarlikning so'nggi bosqichini Xitoyda olib bormoqdamiz Licenzion musobaqadan ikki hafta oldin bu erga etib keldik. Sababi bu erdagi muhit va ob-havoga moslashish lozim. Xudo xohlasa barchasi yaxshi bo'ladi deb o'ylayman.
SHahram bilan sparring va g'alaba haqida
O'zbekistonda har bir vazn toifasida raqobat kuchli. -69 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etish uchun SHahram G'iyosov bilan sparring jangda g'alaba qozonishim lozim edi va men buni uddaladim. Bu masalada ko'p gapirmoqchi emasman. CHunki, SHahramni hurmat qilaman. Ajoyib texnika sohibi, bugungi kunda dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri. Jang to'g'risida turli fikr bildirayotgan muxlislarga esa shoshilmaslikni, vaqti kelganida jangning to'liq videosini ko'rganlaridan so'ng hulosa chiqarishlarini iltimos qilardim. Eng muhimi barchamizning maqsadimiz bir ekanligini unutmasligimiz lozim. Meni qo'llab-quvvatlab kelayotgan muxlislarga katta rahmat aytaman. Xudo xohlasa o'zimga bildirilgan ishonchlarini oqlayman.
Tokio Olimpiadasi medali haqida
Sportchining eng katta orzusi va maqsadi - bu, Olimpiada oltin medalini qo'lga kiritishdir. Menda ham shunday maqsad bor va buni xech ham yodimdan chiqarib qo'ymayman. Oltin medalni qo'lga kiritish uchun albatta juda katta mehnat, sabr va iroda kerak bo'ladi. Men bunga tayyorman va shu yo'lda ish olib bormoqdaman. Xudo xohlasa maqsadimga etaman va O'zbekistonga Olimpiadaning oltin medalini olib kelaman.
Fikrlar