10 mar 08:22
Yangiliklar
Kamilla Rahimova Austin 125 turnirida muvaffaqiyatli start oldi
Mukofot jamg'armasi 125 000 AQSH dollarini tashkil qiluvchi ushbu musobaqada tennischimiz Kamilla Rahimovaning ham ishtirok etishi haqida xabar bergan edik. O'zbekistonning birinchi raketkasi 1/16 finalda niderlandiyalik Lamens Syuzanga qarshi kortga chiqdi.
Ikki soatu 31 daqiqa davom etgan bahsda vakilamiz nihoyat raqibasini uch set natijasiga ko'ra mag'lubiyatga uchratdi - 5/7, 6/1, 6/4. Nega nihoyat? Boisi, bundan avvalgi ikki uchrashuvda Lamens Kamilladan ustun kelgan edi. Rahimova 1, Syuzan 2 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolarga ikkala tennischi ham keragidan ortiq yo'l qo'ydi - 11 ga 9, niderlandiyalik "foydasiga".
Taqqoslash uchun, Rahimova ayni paytda dunyoning 88-raketkasi bo'lib turibdi, 26 yoshli Lamens esa WTA reytingida 113-o'rinni band etgan. Birinchi raketkamizning 1/8 finaldagi raqibasi bugun aniqlanadi.

Fikrlar