12 mar 11:28
Yangiliklar
Rahimova dunyoning 69-raketkasiga qarshi uch setlik uchrashuv o'tkazdi
Mukofot jamg'armasi 125 000 AQSH dollarini tashkil qiluvchi ushbu musobaqada tennischimiz Kamilla Rahimovaning ham ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. O'zbekistonning birinchi raketkasi 1/16 finalda niderlandiyalik Lamens Syuzanni 2 soatu 31 daqiqa davom etgan bahsda uch set natijasiga ko'ra mag'lubiyatga uchratgandi - 5/7, 6/1, 6/4.
Afsuski, vakilamiz uch set davom etgan 1/8 final bahsida dunyoning 69-raketkasi, Ostin turnirida 6-raqam ostida tasniflangan avstraliyalik Kimberli Birrellga 2/6, 6/1, 2/6 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bir soatu 57 daqiqalik uchrashuvda Rahimova 3, Birell 2 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Kamillada ikki barobar ko'proq bo'ldi - 9 ga 4.
Malumot uchun, bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan to'rtinchi uchrashuvi bo'ldi. Bugungi g'alabasi evaziga Kimberli muvozanatni tiklab qo'ydi - 2:2. 24 yoshli Kamilla Rahimova hozirda dunyo reytingida 88-o'rinni egallab turibdi.

Fikrlar