23 iyu 16:10
Yangiliklar

Reytingi yo'q 45 yoshli Vinus Uilyams 21 yillik rekordni takrorladi
Turnir tashkilotchilari tomonidan WTA reytingida o'rni bo'lmagan Uilyamslarning to'ng'ichiga asosiy to'rda to'g'ridan-to'g'ri qatnashish uchun imtiyozli vayd-kard yo'llanmasi taqdim etilgandi.
To'qson olti daqiqa davom etgan bahsda Vinus dunyoning 35-raketkasi bo'lib turgan vatandoshi Peyton Styornsni 6/3, 6/4 hisobida mag'lubiyatga uchrata oldi. Bu amerikalik tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Uilyams bahs davomida 9, Styorns 3 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Ikkala tennischi ham 4 tadan qo'shxatoga yo'l qo'ydi.
"Katta Dubulg'a" turnirlarining 7 karra g'olibi 21 yillik rekordni takrorladi. U WTA turniri doirasidagi uchrashuvda g'alaba qozongan eng yoshi katta ikkinchi tennischi bo'ldi. 47 yoshli Martina Navratilova 2004 yilgi mavsum Uimbldon turnirining birinchi davrasida Katalina Kastanoni mag'lubiyatga uchratgan edi.
Bu Vinus Uilyams ikki yillik tanaffusdan so'ng qo'lga kiritgan ilk g'alabasi bo'ldi. Amerikalik tennischi 2023 yilning avgust oyida Cincinatti turnirining birinchi bosqichida Veronika Kudermetovadan ustun kelgandi. Endi Vinus Vashington turnirining ikkinchi davrasida polshalik Magdalena Frenxga qarshi kortga chiqadi.
Fikrlar