29 noy 15:43
Yangiliklar
SHahrullo Mahmudov: “Jahon chempionatida atletlarimiz o'zlarini ko'rsatishlari uchun bor kuchimizni ishga solamiz”
Bungacha yirik turnirlar faqat yoshlar va o'smirlar o'rtasida o'tkazilar edi. Endi poytaxtimiz kattalar o'rtasidagi dunyo birinchiligi ishtirokchilarini qabul qiladi. Bu borada O'zbekiston og'ir atletika federaciyasi raisining birinchi o'rinbosari SHahrillo Mahmudov bilan suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum, SHahrillo SHaripovich. Ish jadvalingiz tig'izligiga qaramay, intervyuga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Bu muhim musobaqani Toshkentda o'tkazish to'g'risida qaror qachon qabul qilingan?
– Haqiqatan ham, yurtimiz uzoq yillardan buyon og'ir atletika bo'yicha eng nufuzli xalqaro turnirlarga mezbonlik qilib kelmoqda. Bu erda yoshlar o'rtasida jahon va kattalar o'rtasida Osiyo chempionatlari tashkil etildi. Ammo kattalar o'rtasidagi jahon chempionati O'zbekistonda ilk bor o'tkaziladi. Avvalroq 2021 yilgi jahon chempionati Limada o'tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo shu yilning avgust oyi oxiri, sentyabr oyi boshida turnir Toshkentda ko'chirilishi malum bo'ldi. Bunga Perudagi pandemiya va karantin choralari sabab bo'ldi. Musobaqa bahonasida 20-21 dekabr kunlari Xalqaro og'ir atletika federaciyasi (IWF)ning Kongressi ham poytaxtimizda bo'lib o'tadi. Ushbu nufuzli tadbirni o'tkazish Hukumatimiz bilan kelishilgan va uni eng yuqori saviyada o'tkazishimizga ishonaman.
– Tashkiliy jihatlarga kelsak, nimalarga etibor qaratilmoqda?
– Jahon chempionati Turizm va sport vazirligi va O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi bilan hamkorlikda o'tkaziladi. Bugungi kunda ushbu tadbirga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha ulkan ishlar olib borilmoqda, chunki biz uni eng yuqori tashkiliy darajada o'tkazishimiz kerak. Biz har bir mamlakat ishtirokchisi, har bir mehmonning musobaqadan yaxshi taassurot bilan ortga qaytishi uchun harakat qilamiz.
Milliy terma jamoamizning tayyorgarligiga ham alohida etibor qaratyapmizki, sportchilarimiz hamyurtlarimiz ko'z o'ngida jahon rekordlarini o'rnatishsin. Ushbu musobaqalarda dunyoning 90 dan ortiq davlatidan 600 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Albatta, bunday katta sport bayramining barcha ishtirokchilarini bir joyga to'plash oson emas. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ulkan etibor yordam bermoqda. Xavfsizlik va geografik joylashuv nuqtai nazaridan bemalol ayta olamanki, Toshkent eng nufuzli xalqaro musobaqalar o'tkaziladigan markazga aylandi. Poytaxtda sportning boshqa turlari bo'yicha yirik startlar doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Bugun esa, jahon hamjamiyati Toshkentni sport poytaxti sifatida tan oladi. Bu juda dalda beruvchi holat.
– Musobaqada ishtirok etadigan jamoamiz tarkibi haqida to'xtalsangiz . . .
– Bugun jamoa tarkibi shakllanib ulgurdi. CHempionatda erkaklar va ayollar o'rtasida to'liq tarkib bilan ishtirok etamiz. Jahon chempionatida mezbon sifatida ishtirok etishimiz bois ko'proq sportchilarni qaydnomaga kiritish imkoniga egamiz. Bu esa, yoshlarimizga o'zlarini har tomonlama ko'rsatishlari uchun yaxshi imkoniyatdir.
– Muxlis va mutaxassislar qaysi sportchilarimizdan yuqori natija kutishmoqda?
– Albatta, turnir favoritlari Olimpiya chempionlari – Ruslan Nurudinov va Akbar Jo'raevdan ko'proq natija kutyapmiz. Qolaversa, Doston Yoqubov va Adham Ergashevning ham munosib ishtirok etishiga umid bor. SHuningdek, o'zimizdagi musobaqalarda o'z salohiyatini namoyon etayotgan umidli yoshlar – Muhammadqodir Toshtemirov, Sarvar Zafarjonovni ham unutmaslik kerak. Ular mana shunday nufuzli musobaqalarda o'zini ko'rsatish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'lgan yangi yulduzlardir.
– Jahon chempionatiga tayyorgarlikning so'nggi bosqichi qachongacha davom etadi?
– O'quv-mashg'ulot yig'inlari 5 dekabrga qadar o'tkaziladi. Tayyorgarlikning so'nggi bosqichini xorijda o'tkazishga qaror qildik. Hozir sportchilarimiz Ukrainada. Tokio-2020 Olimpiya o'yinlaridan so'ng atletlarimiz CHirchiqdagi sport bazasida bo'lib, avgustdan oktyabrgacha tayyorgarlik ko'rishdi. Mahalliy yig'inda sportchilarning psixologik charchoqlari sezilarli edi, shuning uchun biz ularni xalqaro yig'inga yuborishga qaror qildik. SHuni unutmangki, sportchi uchun qanchalik dabdabali sharoitlar yaratilmasin, chet elga chiqib, xorijlik atletlar bilan tajriba almashmasa, yaxshi natija ko'rsata olmaydi, o'sish bo'lmaydi.
– Yig'inlarda aynan nimaga ko'proq etibor berilmoqda?
– Dastavval, jismoniy jihatdan tiklanish jarayoniga, boshlang'ich tayyorgarlikka etibor qaratdik. Birinchi bosqichda biz odatiy klassik tayyorgarlik uslubidan voz kechdik, yani sportchilarga katta yuklamalar bermadik. Boisi Olimpiya o'yinlaridan so'ng sportchilar eng avvalo jismoniy va funkcional jihatdan tiklanib olishlari zarur edi. CHunki inson tanasi mashina emas, u ham dam olishi kerak. Va bu bosqichda sportchilarning shaxsiy xususiyatlarini, ruhiy holatini, mashg'ulot faoliyatini muvaffaqiyatli bajarish, musobaqalarga hozirlik ko'rish uchun zarur bo'lgan fazilatlarni shakllantirish va psixologik tayyorgarlikka katta etibor berishga qaror qildik.
SHuningdek, biz mashg'ulotlar jadvaliga tananing alohida qismlari uchun qo'shimcha mashqlarni qo'shdik. Masalan, suzish yordamida o'pkani kengaytirish, turli jamoaviy o'yinlar orqali kollektiv fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirishga intildik. Bu sentyabr va oktyabr oylarida edi. Noyabrda esa, klassik mashg'ulotlarga o'tdik. Umid qilamizki, ilk jahon chempionatimizda sportchilarimiz munosib ishtirok etib, ularning g'alabalari sharafiga madhiyamiz bir necha bor yangraydi.
– Ushbu musobaqaning mahalliy murabbiylar va yosh polvonlarimiz uchun ahamiyati katta bo'lsa kerak?
– Bunday muhim musobaqaning Toshkentda o'tkazilishi ikki karra yoqimli. SHu bilan birga, zimmamizga ulkan masuliyat yuklaydi. «O'z uyingda devorlar ham yordam beradi» degan gap bor. Men buning aksini aytgan bo'lardim. CHunki o'z vatanida ishtirok etayotgan sportchilar katta masuliyatni his qilishadi va shuning uchun ham ko'proq tashvishga tushishadi. Bu holat esa, aksincha, masuliyatli chempionatda o'zini ko'rsatishiga to'sqinlik qilishi mumkin. Lekin biz mutaxassislar buni hisobga olib, ularni manaviy va ruhiy qo'llab-quvvatlashimiz kerak. Sportchilarimiz avvalgi xalqaro musobaqalardagidek mardonavor va shijoat bilan o'zlarini ko'rsatishlari uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
ROZK tarbiyalanuvchilari, og'ir atletika bilan doimiy shug'ullanuvchilar va boshqa talim muassasalaridagilar bizga tashkiliy jihatdan katta yordam berishadi. SHuningdek, ular o'z uyimizda o'tadigan shunday musobaqada jahon yulduzlarini ko'rib, motivaciya olishadi.
– Bu yilgi mavsumni qanday tariflagan bo'lar edingiz?
– Bu mavsum og'ir atletikamiz uchun muvaffaqiyatli bo'ldi, desam xato qilmayman. Bu yil voqealarga boy bo'ldi. Tokiodagi Olimpiya o'yinlari oldidan mamlakatimizda yoshlar o'rtasidagi jahon chempionati o'tkazildi. Unda terma jamoamiz umumiy tasnifda sayyoramizning kuchli uch mamlakati qatoriga kirdi. To'rt yillikning asosiy startida Akbar Jo'raev Olimpiya chempioni bo'lishdan tashqari Olimpiya rekordini ham o'rnatdi. Muattar Nabieva ham rekord o'rnatib, 4-o'rinni, Adham Ergashev hamda Kumushxon Fayzullaeva 6-pog'onani band etdi. Bu sportchilarning barchasi medallar uchun kurashdi, bu juda katta yutuq. Ular shunday munosib raqobat ko'rsatganini inobatga olsak, Parij-2024 Olimpiadasiga o'zlarining eng yuqori sport formasida borishlariga ishonamiz. Biz shunday bo'lishiga harakat qilamiz.
Oktyabr oyida Saudiya Arabistonida o'smirlar o'rtasida Jahon chempionati o'tkazildi. Unda sportchilarimiz kuchli uchlikdan joy olganini ham alohida takidlash joiz. Erishilgan bu natijalar avlodlar almashinuviga qanchalik etibor qaratayotganimizni yana bir karra ko'rsatib turibdi. CHunki 17 yoshgacha bo'lgan sportchilar o'rtasida jahonda uchinchi o'rinda borayotgan sportchilarimizning bunday natijasi bizni quvontiradi. Bu, o'z navbatida, asosiy jamoamiz uchun munosib zaxira o'sib borayotganidan dalolat beradi.
– Yangi 2022 yilda terma jamoamizni nimalar kutmoqda?
– 2022 yilda bizni eng nufuzli turnirlardan biri – sentyabr oyida Xanchjou shahrida bo'lib o'tadigan Osiyo o'yinlari kutmoqda. Aytishimiz mumkinki, bu ikkinchi Olimpiada. Ushbu musobaqalarda og'ir atletikachilarga oson bo'lmaydi. CHunki ushbu sportda bizning qitamiz jahonda etakchi. Buni Osiyo davlatlarining Tokio-2020dagi yutuqlari ham ko'rsatadi. 14 ta oltindan 12 tasini qitamiz vakillari olib ketishdi. Albatta, sportchilarimiz yangi yilning ushbu nufuzli startlariga puxta hozirlik ko'rmoqda. Bizga ishongan va qo'llab-quvvatlaganlarning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun katta rahmat. Kelgusi Olimpiya ciklida ham omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!
– Rahmat. Biz ham o'z navbatida, sizga eng yaxshi tilaklarimizni bildiramiz.
Fikrlar