27 iyu 15:17
Yangiliklar
Sobiq hamyurtimizni mag'lub etgan Kudermetova Mubadala DC Open asosiy to'riga yo'l oldi
Nufuzli musobaqaning saralash bahslarida mamlakatimizning ikki vakilasi ham o'z omadini sinab ko'rmoqda. O'zbekistonning birinchi raketkasi Kamilla Rahimova 1/2 finalda kutilmaganda britaniyalik Xizer Uotsonga tay-breklarda imkoniyatni boy berib qo'ydi - 6/7(2), 6/7(4). Saralashda uchinchi raqam ostida tasniflangan Rahimova hozirda WTA reytingida 82, Uotson esa 475-o'rinni egallab turibdi.
Quvonarlisi, mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova ikki g'alabasi evaziga musobaqaning asosiy to'riga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Saralashda to'rtinchi raqam ostida saralangan Polina 1/2 finalda yaponiyalik Mei Yamaguchini 7/6(6), 6/4 hisobida engdi. Finalda esa sobiq hamyurtimiz Varvara Lepchenko uch set natijasiga ko'ra mag'lub etildi - 4/6, 7/6(7), 6/4.
Taqqoslash uchun, Kudermetova ayni paytda WTA reytingida 108, Yamaguchi 259, Lepchenko esa 175-pog'onadan joy olgan. Ertaga Polina asosiy to'rning ilk davra uchrashuvida dunyoning 40-raketkasi, ispaniyalik 28 yoshli Kristina Bukshaga qarshi kortga chiqadi. Ushbu 1/16 final uchrashuvi bizning vaqt bilan soat 19:00da boshlanadi.

Fikrlar