14 sen 07:32
Yangiliklar
US Open 2026. 5 500 000 $ uchun kechgan erkaklar o'rtasidagi bahslarda chempion aniqlandi
Musobaqaning erkaklar o'rtasidagi hal qiluvchi final uchrashuvida dunyoning ikkinchi raketkasi germaniyalik Aleksandr Zverev ATP reytingida to'qqizinchi o'rinni egallab turgan amerikalik Ben SHeltonga qarshi kortga chiqdi. To'rt set davom etgan bahsda Zverev 6/3, 7/6(2), 5/7, 6/2 hisobida g'alaba qozonib, US Open 2026 chempioniga aylandi.
Bu ikki tennischi o'rtasidagi o'zaro oltinchi uchrashuvda ham olmon raketka ustasi zafar quchdi - 6:0. Uch soatu 33 daqiqa davom etgan final bahsida Zverev 9, SHelton 10 ta eys zarbasini amalga oshirdi. Qo'shxatolar bo'yicha "ustunlik" Aleksandr tomonida bo'ldi - 6 ga 4. Breyklar bo'yicha ham tabiiyki, g'olib tennischi 4 ga 1 ko'rinishida ustunlikka erishdi.
Germaniyalik tennischi faoliyatidagi ikkinchi "Katta Dubulg'a" turniri chempionligini qo'lga kiritdi. U ikkala tituliga ham joriy mavsumda ega chiqdi. Zverev "Rolan Garros" 2026 turnirida ham chempion bo'lgan edi.
Aleksandrga qadar Ochiq erada faqat uch nafar tennischi bir mavsumda ikkita "Katta Dubulg'a" turniri chempioniga aylangandi: Jimmi Konnors 1974 yil 21 yoshida, Gilermo Vilas 1977 yil 25 yoshida, Yannik Sinner 2024 yil 23 yoshida.
Aleksandr Zverev Nyu-York turniridagi ikki haftalik mehnatidan 2000 reyting ochkosi hamda 5 500 000 AQSH dollari miqdorida mukofot pulini qo'lga kiritdi. Ben SHelton esa 2,8 mln dollar hamda 1300 reyting ochkosiga ega chiqdi.

Fikrlar