17 noy 11:01
Yangiliklar
Yannik Sinner vs Karlos Alkaras: 5 mln. dollar uchun kechgan ATP Yakuniy turnirida kim chempion bo'ldi?
Ikki soatu 4 daqiqa davom etgan final bahsida Yannik Sinner o'z vatandoshlari olqishi ko'magida reyting peshqadamini Karlos Alkarasni mag'lubiyatga uchratdi - 7/6(4), 7/5. Tennischilarning o'zaro uchrashuvlarida hamon Karlos katta farq bilan oldinda bormoqda - 10:6.
Final statistikasi:
Yannik Sinner — 8 ta eys, 5 ta qo'shxato, 2 ta breyk
Karlos Alkaras — 5 ta eys, qo'shxato yo'q, 1 ta breyk
Turindagi sovrin Yannik uchun mavsumdagi oltinchi, faoliyatidagi 24-titul bo'ldi. U bu yilgi mavsumda Parij, Pekin, Vena, shuningdek, "Katta Dubulg'a" turkumiga kiruvchi Uimbldon va Australian Open turnirlarida ham bosh sovringa ega chiqqandi.
Yannik Sinner Yakuniy ATP turniridagi chempionlik unvonini himoya qilish barobarida 1500 reyting ochkosi hamda 5 million 71 ming AQSH dollari miqdorida mukofot pulini qo'lga kiritdi. Bu ATP tarixidagi rekord mukofot puli hisoblanadi. Professional tennisdagi rekord ayollar tennisiga tegishli. Bir hafta avval qozog'istonlik Elena Ribakina Yakuniy WTA turniridagi chempionligi ortidan 5 mln 235 ming dollar ishlab olgandi.
Finalchi Karlos Alkaras esa 1000 reyting ochkosi hamda 2 mln 704 ming dollar mukofot puliga ega chiqdi.

Fikrlar