09 avg 10:52
Yangiliklar

Asosiy to'rga imtiyozli yo'llanma bilan qo'yilgan 18 yoshli Mboko chempion bo'ldi
Musobaqa bosh sovrini kanadalik 18 yoshli Viktoriya Mbokoga nasib etdi. Finalga qadar WTA reytingida 85-pog'onadan joy olgan kanadalik bosh sovrin uchun bahsda dunyoning sobiq birinchi raketkasi, final kuni reytingda 49-o'rinda borgan yaponiyalik Naomi Osakani irodali tarzda mag'lubiyatga uchratdi - 2/6, 6/4, 6/1.
Bu tennis malikalarining o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Ikki soatu besh daqiqa davom etgan bahsda Mboko 4, Osaka 1 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar chempionda sezilarli darajada ko'p bo'ldi - 13 ga 5. Breyklar bo'yicha ustunlik ham tabiiyki, Viktoriya tomonida - 8 ga 6.
Asosiy to'rga imtiyozli wild card yo'llanmasi sabab qo'yilgan Viktoriya uchun bu birinchi WTA chempionlik sovrini bo'ldi. U ushbu turnirning Belinda Benchichdan keyingi ikkinchi yosh chempioni bo'ldi. Belinda 10 yil oldin ushbu turnirda bosh sovringa ega chiqqandi. Mboko - WTA 1000 turnirlari tarixidagi reyingi past ikkinchi chempionga ham aylandi. Bundan roppa-rosa 20 yil oldin Kim Kliysters Indian-Uells 2005 turnirida chempion bo'lganida WTA reytingida 133-o'rinni egallab turgandi.
Fikrlar