20 jan 08:35
Yangiliklar
Australian Open. Amaldagi chempionning yurishi boshlandi
Ayollar o'rtasidagi bahslarda amaldagi chempioni Medison Kiz titul himoyasiga kirishdi. Dunyoning to'qqizinchi raketkasi bo'lib turgan amerikalik tennis malikasi ilk davrada WTA reytingida 92-pog'onadan joy olgan ukrainalik Aleksandra Oleynikovani 7/6(6), 6/1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Bir yuz ikki daqiqa davom etgan bahsda Kiz 2, Oleynikova 1 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar Medisonda bir necha barobar ko'p bo'ldi - 8 ga 1. Breyklar bo'yicha ham tabiiyki, u ustunlik qildi - 6 ga 3.
Endi amaldagi chempion ikkinchi bosqich uchrashuvida vatandoshi Eshlin Kryugerga qarshi kortga chiqadi. Amerikalik tennischi o'z o'rnida birinchi davra bahsida chexiyalik Sara Beylekdan ikki setda ham bir xil hisobda ustun keldi - 6/3, 6/3.

Fikrlar