So’nggi yangiliklar

20:01Аспиналл янги жанг борасида музокара кетаётганини айтди 0 19:40"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби! 0 19:25Петр Ян Дейвисон Фигейредога қарши! UFC Макао турнирининг барча натижалари битта саҳифада! 0 19:19Петр Ян ва Дейвисон Фигейредо жанги тўлиқ давом этди 0 18:32UFC Макао. Co main event жанги тўлиқ давом этди 0 17:56Муслим Салиховнинг UFC Макао турниридаги жанги биринчи раунддаёқ якунланди 0 17:25Богдан Гусковнинг собиқ рақиби Волкан Оздемир UFC Макаода жанг қилди 0 17:09Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти" 0 16:30Эдди Хирн катта жанг ваъда қилди 0 15:58Адесанья фаолиятини якунлаш ҳақида ўйлаётганини айтди 0 15:21Билол Муҳаммад: "Ян Фигерейдуни осонлик билан мағлуб этади" 0 15:00"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти 0 14:38Париж-2024 чемпиони проф боксга ўтишини эълон қилди 0 14:15Ҳумоюн Султонов Калабурагида бош соврин учун кортга чиқади 0 13:54Prezident Kubogi. Бугун 3-турда ўзбек дербисига гувоҳ бўламиз 0

20 iyu 10:10
Yangiliklar

SHaxmat

Davogarlar chempioni – Viktor Korchnoy!

2016 yilning 6 iyun kuni afsonaviy shaxmatchi, hayratlarga to'la taqdir egasi, juda mazmunli faoliyat sohibi Viktor Korchnoy 85 yoshida bu yorug' olamni tark etdi. To'g'ri, u jahon chempioni bo'la olmadi, lekin umrining oxirigacha er yuzidagi eng keksa o'ynovchi grossmeyster bo'lib qolaverdi. Keling, biralikda ajoyib shaxmat ustasi hayot kitobini varaqlashga harakat qilib ko'ramiz.

Uzun yo'lning boshlanishi va qamal

Bolaligi Korchnoynikidan ham og'ir kechgan biron-biri kishini topish juda qiyin. Peterburglik bu inson nacistlar qamaliga o'smirlik chog'idayoq bevosita guvoh bo'lgan, o'sha paytda otasidan ayrilib, o'gay ona qo'lida qolgan. Aynan shu ayol bolakayni urush yillari kashshof(o'quvchi)lar saroyi qoshidagi turli xil to'garaklarga yuborgan. Adabiyot to'garagida 13 yoshli Viktor uzoq qolmadi, sababi uning nutqida kamchiliklar bor edi, yosh musiqachilar mashg'ulotini ham davom ettira olmadi, chunki shaxsiy fortepianosi yo'q edi, shaxmat esa unga juda maqul keldi. 1944 yil, millionlab sho'ro o'spirinlari qo'llariga qurol olish ishqi bilan yonayotganlarida, Korchnoy ilk bor shaxmat taxtasi yoniga keldi.


Yangi mashg'ulot bolakayni butunlay o'ziga rom etdi. U o'qishdan bo'sh paytini butunlay shaxmatga bag'ishlardi. Viktor bu odatiga Leningrad universitetida o'qib yurgan damlarida ham sodiq qolgan. Faqat bazi-bazida u uy yumushlarida o'gay onasiga qarashish uchun qiziqarli o'yindan biroz ajralardi. Darvoqe, buning uchun yillar o'tib, juvon yigitchadan cheksiz minnatdor bo'lgan.

Korchnoy shaxmatchi sifatida juda tez o'sgan, buni o'qituvchisi, shaxmat adabiyotchisi, xizmat ko'rsatgan murabbiy Vladimir Zak birinchi kundanoq sezgandi. 1947 yil 16 yoshli Viktor Korchnoy maktab o'quvchilari o'rtasida sobiq ittifoq chempioni bo'ldi, oradan besh yil o'tib kattalar o'rtasidagi mamlakat chempionatida debyut qildi va o'zi uchun faxrli oltinchi o'rinni egaladi. Yana bir yildan so'ng ikkinchi-uchinchi o'rinlarni bo'lishdi.

Grossmeyster unvoni Korchnoyga 1956 yil, 25 yoshida berildi, vaholanki, u paytlar mazkur faxriy unvon o'ta qadrlanardi va unga sazovor bo'lish ham, hozirgi davrga nisbatan juda qiyin edi. Ajablanarlisi, aynan shu voqeadan keyin shaxmatchi faoliyatida ortga ketish kuzatildi. Bir necha yil davomida u ittifoq birinchiligida sovrinli o'rin ololmadi, faqat 1960 yilga kelib, unda ham o'zining jonajon yurti Sankt-Peterburgida o'tgan chempionatdagina g'olib chiqdi.

SHundan keyin grossmeyster Korchnoyning o'yini va musobaqalar solnomasida tez suratlardagi yuqorilash ro'y berdi. Unga sobiq ittifoqda xizmat ko'rsatgan sport ustasi faxriy unvoni berildi, Buenos-Ayres shahrida tashkil etilgan yirik xalqaro turnirni yutdi. Bir yildan keyin, mamlakat birinchiligida ikkinchi o'rinni olganiga qaramasdan, Korchnoy birinchi marta shaxmat toji uchun kurashga qo'shildi. Davogarlar turnirida qatnashish uchun Kyurasao oroliga qilingan safar unga omad keltirmadi: Viktor Lvovich bor-yo'g'i 5-o'rinni band etdi.

1960-yillarning boshi va o'rtalari sho'ro shaxmati uchun haqli ravishda Korchnoy davri hisoblanadi: 1960-1964 yillar mobaynida u uch bor mamlakat chempioni, ikki bor kumush medal sohibi bo'lgan. O'sha vaqtlarda uning asosiy raqiblari Boris Spasskiy va Leonid SHteyn edi.

Jahon toji uchun kechgan kurashdagi muvaffaqiyatsizliklar

Oldiga yuqori maqsadlar qo'ygan va o'ziga ishongan grossmeysterga ichki musobaqalardagi yutuqlar kamlik qilardi. Asosiy maqsadi dunyoda eng kuchli deb tan olinish ekanligini u hech qachon yashirmagan. Ammo shaxmat toji sari olib boruvchi yo'l, mamlakat miqyosidagi cho'qqiga ko'tarilishdan ancha qiyin edi. 1968 yil Korchnoy davogarlar final matchida Spasskiydan mag'lub bo'ldi, uch yil o'tib yarim finalda uni boshqa bir sho'ro grossmeysteri  Tigran Petrosyan to'xtatib qoldi.

1974 yil Korchnoy yana davogarlar turniri finaligacha etib bordi, biroq jahon shaxmat elitasi tarkibiga yonib, yorib kirgan vunderkind Anatoliy Karpovga yutqazib qo'ydi. SHundan keyin aynan u uzoq yillar davomida Korchnoy uchun jahon chempionligini qo'lga kiritish yo'lidagi bosh to'siq bo'lib qoldi. Bu jiddiy raqibni engish Viktor Lvovichga umrining oxirigacha nasib etmadi. 1976 yil Korchnoy ikki marotaba davogarlar musobaqasida g'alaba qozondi, lekin Karpovga kelganda oqsab qolaverdi.


1978 yil Bagio (Filippin)da Korchnoy yana toj uchun kurashda Karpovga to'qnash keldi. O'shanda 2:5 hisobida mag'lubiyatga uchrab turib, u deyarli iloji yo'q ishni amalga oshirdi: hisobni teng­lashtirishga muvaffaq bo'ldi, ammo baribir oxirgi hal qiluvchi partiyani boy berib qo'ydi. SHu safar Korchnoy o'z maqsadiga juda yaqinlashgandi. Uch yildan so'ng Merano (Italiya) shahrida esa murosasiz bahs kuzatilmadi: Karpov 6:2 hisobida ustun keldi.

SHaxmat jamoatchiligi Viktor Korchnoyni jahon chempioni unvoniga erisha olmaganlar orasida eng kuchlisi deya etirof etgan.

Muhojirlikmi yoki Vatandan qochish?

Korchnoyning tan olishicha, 1966 yildayoq, Germaniyada unga ittifoqqa qaytmaslik taklifi bilan chiqishgan, biroq u ko'nmagan. Keyinchalik shu qilmishidan afsuslangan va 11 yillik umrim zoe ketdi deb yozg'irgan. O'zining shartakiligi va kamgapligi bilan Korchnoy sho'ro sporti rahbariyati uchun o'ta noqulay shaxs hisoblanardi.

1974 yil davogarlik matchida Anatoliy Karpovdan mag'lub bo'lgach, Korchnoy Yugoslaviya OAV va TANYUG agentligiga intervyu berarkan,  g'olib shaniga nisbatan salbiy fikrlar bildiradi, eng asosiysi, o'zining mag'lubiyati yuqoridan o'tkazilgan tazyiqlar natijasi ekanligini takidlaydi. Bunga mamlakat sport qo'mitasi rahbariyati keskin javob qaytaradi. Korchnoyning stipendiyasi miqdori kamaytiriladi va uning  ittifoqdan chiqishi taqiqlab qo'yiladi. Bir yildan keyin taqiq olib tashlanadi va eng qizig'i, bunga Karpovning aralashuvi sabab bo'ladi.

Pishib etilgan voqea 1976 yil baribir sodir bo'ldi. Amsterdam shahrida uyushtirilgan IBM shaxmat turniridan so'ng Viktor Korchnoy sho'rolar mamlakatiga qaytishdan bo'yin tovlaydi va Niderlandlar hukumatidan siyosiy qochoq maqomi berishlarini so'raydi. Bu taklifga rad javobi beriladi, ammo shaxmatchining unvonlari va jahon chempionligi uchun kurashni davom ettirish huquqi saqlanib qolishi kafolatlanadi.

Bir necha yildan keyin Korchnoy SHveycariyadan qo'nim topadi, bu erda avvaliga siyosiy qochoq maqomiga erishadi, 1994 yilga kelib fuqarolikni ham oladi. SHo'ro fuqaroligidan shaxmatchi 1978 yildayoq mahrum bo'lgandi. Korchnoyning oilasini olti yil o'tibgina SHveycariyaga qo'yib yuborishadi.

Ittifoqdan ketgach, Korchnoy turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish va yuqori o'rinlarni egallashda davom etadi. Uning nomi tez-tez aksilsho'ro kayfiyatdagi muhojirlar safida tilga olinardi, biroq u o'zini dissident deb hisoblamasdi. Kitoblarida va intervyularida u Vatandan chiqib ketishining asosiy va yagona sababi professional shaxmatchi sifatida faoliyatini davom ettirish istagi bo'lganligini aytadi.

– Millionlab insonlar meni ittifoqning parchalanib ketishi uchun kurashgan dissident deb o'ylashadi. Aslida, hecham bunday emas. Men shunchaki shaxmat o'ynagim kelardi. SHo'rolar yurtidan ketishimning sababi, shundaki, faoliyatim xavf ostida qolgandi. Men birinchi bo'lib boshlaganim yo'q, aksincha ular – hukumat vakillari meni urushga tortishdi. Qisqasi, bunday desa ham bo'ladi: ittifoqqa qarshi kurasha turib, men o'zim uchun kurashdim, - deya yozgandi Korchnoy.

1990 yil Rossiyani tark etgan boshqa ko'plab taniqli kishilar qatori Viktor Korchnoy ham oqlandi va uning fuqaroligi tiklab berildi. Unga tarixiy  yurtiga qaytishi mumkinligi ham bildirildi, lekin u taklifni keskin rad qildi.

- Evropada o'rtacha umr ko'rish Rossiyaga nisbatan o'n-yigirma yosh yuqori. G'arbga ketib, men umrimni anchagina uzaytirdim. Rossiyadagi tengdoshlarim, avvallari o'zim gaplashib yurgan insonlar hozir hayotda yo'q. Bu erga kelsam, birov bilan bir og'iz so'zlasha olmayman. Nima, meni ham ular ortidan jo'natmoqchimisiz? - degandi u intervyularining birida.

Korchnoy bir necha bor o'zini buyuk iqtidor egasi deb hisoblamasligini, uning barcha muvaffaqiyatlari, xususan shaxmatdagi yutuqlari sobitqadamlik, qatiylik va zo'r berib intilishga asoslanganligini tan olgan. Korchnoyga xos sifatlardan biri taxtadagi vaziyatni uzoq, ipidan-ignasigacha tahlil qilish edi. Natijada ko'pincha, avvaldan malum vaziyatlarni yangicha ko'rinishda davom ettirish yoki qiyin holatdan chiqib ketishning bungacha shaxmat nazariyasida shubhali yoxud umuman yaroqsiz deb hisoblab kelingan yo'llarini qayta jonlantirib yuborish mumkin bo'lardi.

- Tan berish kerak, Korchnoy shaxmat olamidagi bemisl voqelikdir. Uning uslubi o'ziga xos, betakror. Bu shaxs shaxmatga butunlay boshqacha ko'z bilan qaraydi. U juda mehnatkash va alohida istedod egasi, o'ta yuqori darajadagi shaxmatchi edi. Muayyan bir davrning so'nggi vakillaridan biri bizni tashlab ketgani shaxmat uchun cheksiz qayg'uli, – dedi Anatoliy Karpov vafot etgan grossmeyster haqida.

Korchnoy 25 yil mobaynida jahon chempionligiga davogarlik qildi, ko'plab yirik turnirlar va matchlarni yutdi, jumladan Petrosyan, Spasskiy, Polugaevskiy, Geller, Tal, Portish, Xyubnerlarni dog'da qoldirdi. SHaxmatda uzoq umr ko'rish bo'yicha barcha rekordlar unga tegishli. 2001 yil qahramonimiz o'zining 70 yillik yubileyiga bag'ishlangan aylana tizimdagi ko'rgazmali turnirda ishtirok etdi (ushbu turnirda Gelfand, Svidler va Grishchuk qatnashdilar). 80 yoshida Viktor Lvovich Korchnoy SHveycariya chempionatida g'olib chiqib, o'z g'alabalari ro'yxatiga yana bir sovrinni qo'shib qo'ydi.

G'ayrat XONNAZAROV tayyorladi, “NewsArena” gazetasining 2016 yil 21-sonidan olindi

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing