24 iyu 13:42
Yangiliklar
Fabio Kannavaro: "Futbolchilar emas, men xato qildim" (to'liq matbuot anjumani)
– Bugungi raqib haqiqatan ham juda kuchli edi. Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi so'nggi o'yinda g'alaba qozonib, keyingi bosqichga yo'l olishga hali ham ishonasizmi? Qolaversa, Krishtianu Ronaldu sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Buni bilardik. Qura natijalari malum bo'lgach, Kolumbiya va Portugaliyani ko'rganimdanoq bu juda qiyin bo'lishini tushungandim. Biz uchun bu birinchi Jahon chempionati, shuning uchun futbolchilarimga oson emasdi. Kolumbiya bilan o'yindan so'ng ular bilan faxrlanishimni aytgandim, bugun ham faxrlanaman. Ha, ularning cho'chiganini, qiynalganini ko'rdim, lekin ular biror soniya ham taslim bo'lishmadi. To'pni egallaganlarida faqat himoyalanmasdan, hujum qilishga, xavf tug'dirishga va futbol o'ynashga harakat qilishdi. Bu men uchun juda muhim. Barcha chiziqlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega jamoaga qarshi o'ynaganda qiynalish tabiiy hol. Ular birinchi o'yinda durang o'ynashgandi, shuning uchun bugun ancha yuqori ishtiyoq bilan harakat qilishdi. Krishtianu Ronalduga qarshi o'ynaganda unga bir santimetr ham bo'sh hudud berib bo'lmasligini bilasiz, chunki shunday qilsangiz, u ikkita gol urib ketadi. Biz hali ham keyingi bosqichga chiqishga ishonishimiz kerak, chunki matematik jihatdan imkoniyatimizni yo'qotmaguncha uyga qaytmaymiz. Aytganimdek, endi bu ikki o'yinni unutishimiz kerak, chunki ular juda kuchli raqiblarga qarshi o'tdi.
– Menimcha, bu murabbiy va futbolchi sifatidagi faoliyatingizdagi eng yirik mag'lubiyat bo'ldi. Bazi statistikalarni ko'rayotgandim.
– Yo'q, futbolchi sifatida "Barselona"ga qarshi 2:6 hisobida mag'lubiyatga uchraganman. Ha, beshta gol farqi bilan emas. Lekin mag'lubiyat hisobga bog'liq emas.
– SHuni so'ramoqchi edim, bugun Portugaliya juda kuchlimidi yoki jamoangizdan yaxshiroq o'yin kutganmidingiz?
– Menimcha, har ikkisi. Dastlabki ikkita golni juda erta o'tkazib yubordik. Men ularga buni tushuntirishga, tayyorlashga, ko'proq malumot berishga harakat qilgandim, shuning uchun bu holat men uchun kutilmagan bo'ldi. Gol o'tkazib yuborganimizdan keyin yuqori pressing qo'llashga, gol urishga intildik va gol ham urdik, lekin afsuski, markazda qoida buzilgan ekan. Muammo shundaki, Portugaliyaga o'xshagan markazda va qanotlarda juda yaxshi o'ynaydigan jamoalarga qarshi harakat qilganda qiyin bo'ladi. Kecha aytganimdek, bu jamoa haqiqatan ham kuchli va bugun birinchi o'yinga qaraganda ko'proq motivaciyaga ega ekanini ko'rdim. Har qanday raqibga ularga qarshi o'ynash qiyin bo'ladi.
– Futbolda xotira qisqa bo'ladi, bu ayni haqiqat va buni hammamiz bilamiz. Siz buyuk futbolchi bo'lgansiz, shuning uchun so'ramoqchi edim: Krishtianu Ronaldu misolida aytadigan bo'lsak, so'nggi paytlarda u haqida aytilayotgan gaplarda bazan hurmatsizlik qilinmayaptimi?
– Futbolchilarga nisbatan hurmat haqida gapirsak, ko'pchilik Krishtianu singari Osiyoda faoliyat olib borish vaqtni behuda sarflash deb o'ylaydi. Lekin keyin Jahon chempionatiga kelasiz va 41 yoshda ham sizda g'alabaga bo'lgan chanqoqlik hali ham yuqori ekanini ko'rsatasiz. CHunki inson futbol o'ynashni shunchaki unutib qo'ymaydi. Messi MLSda o'ynayapti va Jahon chempionatidagi ishtiroki orqali tarixga yanada mustahkamroq kirdi. Hozir futbol faqat Evropada emas. U o'z ufqlarini, chegaralarini kengaytirdi, barcha uchun ochildi va saviya o'smoqda. Krishtianu hamisha futbol tarixidagi eng kuchli o'yinchilardan biri bo'lib qoladi.
– Bugun asosiy tarkibda Kolumbiya bilan o'yinga nisbatan o'zgarishlar qildingiz va bulardan ikkitasi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Sababi, Abduvohid Nematovni Yusupovning o'rniga tushirdingiz. Bundan tashqari, Odiljon Hamrobekov ham markazda xatolarga yo'l qo'ydi va bu gollarga olib keldi. Bu mag'lubiyatda asosiy aybdor murabbiy deb hisoblaysizmi? Yani, murabbiyning taktik xatolari mag'lubiyatga sabab bo'ldimi? Javobgarlikni o'z bo'yningizga olasizmi?
– Albatta, murabbiy javobgar. Men holati yaxshiroq deb hisoblagan futbolchilarni maydonga tushirishga harakat qilaman. Men futbolchilarimga yordam berish uchun masuliyatni o'z bo'ynimga olaman, chunki bu ularning birinchi Jahon chempionati ekanini bilaman. Men ularga paslarda xato qilishlari mumkinligini, qo'polliklarga yo'l qo'yishlari mumkinligini va hatto yaxshi o'ynamasliklari ham mumkinligini aytganman – bu men uchun muhim emas. Men ularga ishonch bildiraman va doim ishonch bildirishda davom etaman. CHunki ularga faqat ishonch bildirganimdagina, ular o'sishga va o'zlarini yaxshiroq his qilishga intilishadi, shundagina futbol o'ynashdan qo'rqishmaydi. Men faqat bugun emas, butun hayotim davomida ham futbolchi, ham murabbiy sifatida masuliyatni doim o'z zimmamga olganman. SHuning uchun bugun 5 ta gol farqi bilan yutqazdikmi, demak, bunda futbolchilar emas, men xato qilganman.
– Nega jamoangiz bekor qilingan golni urgan paytdagi o'yinini ushlab qololmadi? O'sha vaziyatda ular chinakam raqobat ko'rsatayotgan edi. Nima uchun bu tempni saqlab qolishning iloji bo'lmadi? Bu sizning jamoangiz bilan bog'liqmi yoki Portugaliyaning kuchi bilanmi? Hamda, Kolumbiya va Portugaliya bilan o'ynagan murabbiy sifatida, bu ikki terma jamoani bilgan holda ushbu guruhdagi vaziyat qanday yakunlanadi deb o'ylaysiz?
– O'ylaymanki, bekor qilingan gol bizning ishonchimizni ancha pasaytirib yubordi. Bu juda achinarli, chunki jamoa xuddi Kolumbiyaga qarshi o'yindagi kabi harakat qila boshlayotgandi. Futbolchilar ko'proq jasorat bilan o'ynab, o'yinni nazorat qilishga harakat qilayotgandi. To'liq 90 daqiqa davomida bo'lmasa ham, ular yaxshi o'ynay boshlashgandi. Keyin esa muvozanat yo'qolganda va uchinchi golni o'tkazib yuborganingizdan so'ng vaziyat yanada qiyinlashadi. Kolumbiyaga kelsak, ular juda yaxshi jamoa. Lekin Portugaliyani buyuk jamoa darajasida ko'ryapman. Ularning ko'plab o'yinlarini va jihatlarini kuzatdim. Ular markazda ham, qanotlarda ham, jamoaviy tarzda ham qanday o'ynashni juda yaxshi bilishadi. Har ikki jamoa kuchli, ammo Portugaliyada qandaydir ustunlik borligi aniq.
– Sobiq jahon darajasidagi himoyachi sifatida ayta olasizmi, nega Krishtianu Ronalduga qarshi o'ynash bunchalik qiyin? Jarima maydonchasidagi harakatlarimi yoki gol urish qobiliyatimi? Nima uchun unga qarshi harakat qilish bunchalik murakkab?
– U jarima maydonchasi ichida to'pni o'ziga ohangrabodek tortadi va u erda juda ko'p harakat qiladi. SHuningdek, sheriklari ham unga moslashib o'ynaydi, uni izlashadi, unga to'p uzatishadi va unda doim juda qulay vaziyatlar paydo bo'ladi. Himoyachi sifatida unga yaqin o'ynash uchun juda hushyor va aqlli bo'lishingiz kerak, chunki jarima maydonchasi ichida unga 1 santimetr bo'sh joy bersangiz, tamom bo'lasiz.
– Hamkasbimning savolini davom ettirib, so'ramoqchi edim: o'zining eng yaxshi sport formasidagi Fabio Kannavaro bugun Krishtianu Ronalduni to'xtata olgan bo'larmidi? Aytaylik, Jahon chempionatida g'olib chiqqan 2006 yilgi davringizda.
– Men uni ko'p marta to'xtatib qolganman, lekin u ham menga qarshi ko'p marta gol urgan. Ammo men ancha oldin faoliyatimni yakunlaganman. U esa hali ham o'ynayapti va bu bilan uni tabriklayman, chunki u ajoyib professional. Men unga yana bir necha yil o'ynay olishini, futboldan rohatlanishda davom etishi kerakligini aytdim, chunki uning holatiga qarasangiz, bunga bemalol qodir.
– Birinchi bo'limda 5 talik himoya ko'zga tashlandi, lekin bu biroz aldamchi edi, chunki ular markazga qarab siljishdi. Salohiyatdagi farqlarga qaramay, jamoa chuqur himoyaga yotib olmadi. Ikkinchi bo'limda ham ularni oldinga boshlashda davom etdingiz va ehtimol, yirik mag'lubiyat xavfini yuzaga keltirdingiz. Bu sizni tashvishga solmadimi? Ularning maydonning oldingi qismida o'ynashda davom etishini afzal ko'rdingizmi?
– Ha, chunki Portugaliyaga yutqazish oddiy hol. Agar yuz marta o'ynasak, yuz marta yutqazishimiz mumkin. Bu aniq. SHuning uchun men ulardan ko'proq jasorat ko'rsatishni, futbol o'ynashni va qo'rqmaslikni so'radim. Faqatgina mana shunday mentalitet orqali jamoa sifatida va yakka tartibda o'sish mumkin deb hisoblayman. Bugun qanotda 18 yoshli yigitni o'ynatdim, yana bir 22 yoshli futbolchimiz bor edi. Tarkibimizda 22 yoshli ikki-uchta yigitlar bor va albatta, murabbiy sifatida ularga ishonch berishim kerak. Nega? CHunki Portugaliyaga qarshi o'yinda himoyaga yotib olsangiz, 99 foiz holatda baribir mag'lubiyatga uchraysiz. SHuning uchun men: "Nega endi boshqacharoq o'ynashga harakat qilib ko'rmaymiz?" dedim. SHu sababli ulardan hech qachon orqaga qaytishni yoki yopiq o'yin ko'rsatishni so'ramaganman va bundan keyin ham so'ramayman. Jamoam yutqazsa ham barchaga qarshi ochiq o'ynashini afzal ko'raman. Bu muammo emas, chunki biz bu erga tajriba orttirish uchun kelganmiz. Mundial – O'zbekiston uchun birinchisi. O'zbekiston ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Bugun tarkibda 20 yoshdan oshgan yana ikkita yigitni maydonga tushirdim. SHunday ekan, oldimizga qo'ygan maqsadimiz men uchun juda aniq. Agar kimdir Jahon chempionatida g'alaba qozonmoqchi bo'lsa, bu umuman boshqa masala.

Fikrlar