28 iyu 11:56
Yangiliklar
Fabio Kannavaro: "Jahon chempionati – shafqatsiz musobaqa" (to'liq matbuot anjumani)
– Nima uchun biz gol urganimizdan keyin himoyaga yotib oldik? Eron va Kabo-Verdega qarshi o'yinlardagi kabi kurashmadik. Eronda yaqin orada futbol bo'lgani yo'q, ammo bizda anchadan beri yig'inlar tashkil etildi. Nega jismoniy holatimiz yaxshi emas? Jahon chempionatidagi faoliyatingizga 10 ballik tizimda necha baho qo'ygan bo'lardingiz?
– Bilasizmi, birinchi bo'limda biz juda ko'p kuch sarfladik. Zamonaviy futbolda 90 daqiqa davomida yuqori intensivlikni saqlab qolish, albatta, qiyin. Bu erga kelganimizdan beri futbolchilarimizni rivojlantirishga harakat qildik va to'g'risini aytsam, bugungi kungacha jismoniy holatimiz yaxshi edi. Bugun ham o'yinni juda yaxshi boshladik, tayyorgarligimiz joyida edi, yigitlar kurashdi, birinchi va ikkinchi golni urishga harakat qildi. Ammo muammo shundaki, biz o'ynashdan to'xtab qoldik. Men ularga tushuntirdim, agar to'pni nazorat qilmasak... Ularga birinchi marta aytganimda ham, 3 ga 1 vaziyatda uzun uzatmalarni amalga oshirmoqchi bo'ldik... 5 ga 3 vaziyatda ham uzun uzatma qildik... Bunday o'ynash qiyin. CHunki bu orqali siz energiya va ishonchni yo'qotasiz, raqib esa jismoniy jihatdan juda kuchli jamoa. Ikkinchi bo'limda, birinchi xatomizdan so'ng darvozamizga penalti belgilandi. Lekin men xursandman, chunki ular qo'limizdan nimalar kelishini ko'rsatib berishdi. Bugungi o'yinda shunday harakat qilish men uchun juda muhim edi. Albatta, uchta gol o'tkazib yuborish juda ko'p, o'zimni yaxshi his qilmayapman – uchta mag'lubiyatni tasavvur qiling. Yigitlar uchun afsusdaman, chunki ular bugun boshqacha natijaga munosib edi.
– Nafaqat bugungi o'yin, balki musobaqadagi barcha uchta o'yin bo'yicha jamoaning ishtirokini sarhisob qila olasizmi? Bu jamoa bundan ko'prog'iga qodirmidi yoki bu uning chegarasimidi? Yoki bu debyut bo'lgani uchun biz undan ortig'ini kutmasligimiz kerakmidi?
– O'ylaymanki, o'yin davomida muvozanatni saqlashni o'rganishimiz kerak. Bazida o'yinlarni to'g'ri boshlaymiz, ammo ikkinchi bo'limda xuddi Kolumbiyaga qarshi o'yindagidek harakat qilishga tushamiz. Portugaliyaga qarshi bahs juda qiyin bo'ldi, chunki saviyadagi farq juda katta edi. Bugun esa o'yinni juda yaxshi boshladik, birinchi bo'limni ajoyib suratda o'tkazdik va Kongoga hech qanday imkoniyat bermadik. Ammo tanaffusdan keyin, ikkinchi bo'limda juda ko'p qiynaldik. Birgalikda ishlashdan to'xtadik. Men uchun eng katta xato – futbol o'ynamaslikka harakat qilish. Men ularga buni tushuntirishga urindim. Bilaman, bu qiyin, lekin biz o'ynashga harakat qilishimiz kerak, aks holda to'pni ushlab turish uchun faqat ularning orqasidan yugurishimizga to'g'ri keladi. To'pni qo'lga kiritganingizda esa juda charchagan bo'lasiz, o'ynash uchun yangi kuch qolmaydi va xatolarga yo'l qo'yasiz. Bu – tajriba. Umid qilamanki, ushbu musobaqa ham menga, ham futbolchilarimga katta tajriba beradi. CHunki boshida maqsadimiz aynan shu erda tajriba to'plash edi. Bu tajriba kelajakda bizga yanada ko'proq motivaciya berishiga umid qilaman.
– Ushbu musobaqadan keyingi asosiy hissiyotlaringiz qanday? Futbolchilarga, xususan, jamoa etakchilariga qanday so'zlarni aytgan bo'lardingiz?
– Albatta, bu erga kelgunimcha qilgan barcha ishlarim futbolchilarimga yuqori darajada harakat qilishlari uchun yordam berishga qaratilgan edi. CHunki men bizning darajamiz, o'zimiz o'ynayotgan liga va Jahon chempionati o'rtasidagi farqni bilardim. Jahon chempionati – shafqatsiz musobaqa. Bu erda dunyoning eng yaxshi futbolchilariga qarshi o'ynaysiz. SHuning uchun birinchi kundan boshlab jamoamga yordam berishga harakat qildim. Yakunda, albatta, uchta mag'lubiyat omadsizlikdek tuyulishi tabiiy, lekin men ko'plab ijobiy jihatlarni ham ko'rdim. Sababi, ikkita eng kuchli jamoaga qarshi o'ynash oson emasdi. Hamma Kongo haqida gapiryapti, Kongo sizga qarshilik ko'rsata oladigan jamoa... Men birinchi kuniyoq aytgan edim: "Yigitlar, Kongo safida Premer-ligada, Franciya 1-Ligasida va Evropaning kuchli beshlik chempionatlarida o'ynaydigan futbolchilar bor". Bizda esa bunday o'yinchi faqat bitta.

– Jamoamizning yoki shaxsan o'zingizning eng katta xatoingiz nima bo'ldi deb o'ylaysiz? CHunki umidlar juda yuqori edi. Hozir qanday hissiyotdasiz? Portugaliyaga qarshi o'yinda kulib turgan edingiz, bugun esa kayfiyatingiz yo'q. Asabiylashyapsizmi yoki jahlingiz chiqqanmi?
– O'zimni yaxshi his qilmayapman, chunki mag'lub bo'lishni yomon ko'raman. Albatta, biz qo'limizdan kelgan barchasini qildik. To'g'ri, bazi xatolarga yo'l qo'ydik. Lekin men futbolchilarimdan noliy olmayman. Ulardan hech qachon shikoyat qilmayman. Qura tashlanganidan keyin birinchi kuniyoq nima deganimni yaxshi bilasiz. Jahon chempionati – shafqatsiz. Agar odamlar mening futbolchilarim Kolumbiya yoki Kongoni osonlikcha yutishi shart deb o'ylashsa, adashishadi. CHunki Jahon chempionatining saviyasi umuman boshqacha. Hatto uch marta Jahon kubogini yutgan murabbiyingiz bo'lsa ham... Biz futbolchilarga yordam berishga harakat qildik. Ular bor kuchlarini berishdi. Hozir kiyinish xonasida ular juda xafa – ishoning, ular O'zbekistondagi har qanday odamdan ko'proq azob chekishmoqda. Lekin ular maydonda borini berishdi. Men bundan juda faxrlanaman, chunki bu erga kelganimizda Jahon chempionati biz uchun juda qiyin bo'lishini bilardik. SHu bilan birga, bizga tajriba kerak edi. Ishoning, futbolchilarimdan hech kim noliy olmaydi. Ular ko'p xato qilishlari mumkin, lekin hozir ularning ichida nimalar bo'layotganini dunyodagi hammadan ko'ra yaxshiroq bilaman. CHunki men ham qachonlardir ularning o'rnida bo'lganman.
– Ikkinchi bo'limdagi eng katta muammolarimizdan biri – raqibdan to'pni qiynalib oldik, lekin juda oson berib qo'ydik. Hatto bir daqiqa ham to'pni o'zimizda ushlab tura olmadik. Har 10-15 soniyada raqib to'pni olib qo'ydi. Futbolchilar to'p o'zlariga kelganda nima qilishni bilmadi. Bu erda futbolchilarning mahorati etishmadimi yoki murabbiyning taktikasi ko'rinmadimi? Bunday vaziyatda to'pni qanday ushlab turish bo'yicha aniq bir ko'rsatma yo'q edi.
– Birinchi bo'limdagi taktikamiz ko'proq futbol o'ynash, tajovuzkorroq harakat qilish va bazi o'yinchilarimizni bo'sh hududlarga chiqarish edi. Ular buni ajoyib tarzda uddalashdi. Ammo, albatta, goldan so'ng va ikkinchi bo'limda biz faqat uzun paslar berishga harakat qildik. Aslida taktikamiz uzun paslar berish emas, aksincha, to'pni ko'proq nazorat qilish edi. Lekin, afsuski, agar siz bunday yuqori saviyada hech qachon o'ynamagan bo'lsangiz, sizda qo'rquv paydo bo'lishi tabiiy. Bu tajribaga bog'liq. Umid qilamanki, bunday o'yinlar futbolchilarimizga kelajakda xotirjamroq bo'lishga va o'ynashdan qo'rqmaslikka yordam beradi. CHunki nimadir qilishga intilsangizgina o'yinni yutishingiz mumkin. Birinchi bo'limdagi kabi. Biz har qanday raqibga qarshi vaziyatlar yarata olishimizni ko'rsatdik. Ammo 10 daqiqa o'ynab, keyin taslim bo'lish yaramaydi. O'yin davomida barqarorroq bo'lishingiz kerak.
– Ikkita qisqa savolim bor edi. Birinchisi – taktika haqida. Birinchi va ikkinchi bo'limlar o'rtasidagi yondashuv va natijadagi farq, asosan, bunday suratdagi o'yinlarga psixologik va jismoniy jihatdan ko'nikmaganlikdan kelib chiqqan bo'lishi mumkinmi? Ikkinchi bo'limda Kongo o'z suratini oshirdi va siz bunga dosh berolmadingiz. Ikkinchi savolim – butun musobaqadagi sarguzashtning umumiy xulosasi haqida. Maydonda va hayotiy tajriba sifatida nimalarni ijobiy baholaysiz?
– O'ylaymanki, bugungi o'yinda g'alaba qozonishdan qo'rqish hissi paydo bo'ldi. Tanaffusda kiyinish xonasida men ularga suratni oshirishda davom etishimizni, jamoaning bosim chizig'ini yuqoriroq ushlab turishimizni tayinlagandim. Qanday o'ynash kerakligini tushuntirdim. Kongo o'z qanot yarim himoyachilarini bizning qanot himoyachilarimizga qarshi oldinga chiqarayotgan edi, shu bois himoyachilarimiz ortida bo'sh hududlar paydo bo'layotgandi. Biz esa muntazam ravishda to'pni darvozamizga orqa o'girgan holda qabul qilishga tushdik. Bunday darajadagi o'yinlarda to'pni orqa o'girib qabul qilsangiz, 99 foiz holatda uni yo'qotasiz. Keyin faqat Eldorga uzun uzatmalar berishga harakat qildik, chunki uni o'zimizning superqahramonimiz deb o'ylaymiz. Lekin u doim ikki himoyachiga qarshi yolg'iz qolayotgandi. SHunday qo'rquv paydo bo'lganidan va birinchi bo'limdagi intensivlik hamda sportchiga xos janggovarlikni saqlab qola olmaganimizdan afsusdaman.
Sarhisobga kelsak, bu erga kelganimdan beri orttirgan tajribam ajoyib bo'ldi. Ko'plab shaharlarni aylandim, ko'p futbolchilarni kuzatdim. Eronda o'ynaydigan to'rtta futbolchimiz bor edi, ular to'rt oydan beri maydonga tushmagan edi. Muhim o'yinchilarimiz jarohat oldi. Masalan, 18 yoshli Behruz oyoq kafti suyagini sindirib oldi. Biz uni operaciyadan so'ng tikladik va maydonga tushirdik. Uni 17 yoshgacha bo'lganlar terma jamoasida kashf qilgandim. G'anievni ham safga qaytardik. Biz o'yin suratini oshirishga harakat qildik, chunki agar tayyor bo'lmasangiz, bunday o'yinlarda dosh berolmaysiz. Ko'plab yoshlarni maydonga tushirdik. To'g'ri, uyga uchta mag'lubiyat bilan qaytish hammasini salbiydek ko'rsatadi, lekin men futbolchilarimni rivojlantirishga yordam berishda davom etishim kerak. Men ham xatolar qildim, albatta, ammo ular doimo futbolchilarimni himoya qilishga qaratilgan edi. Masalan, bugun Portugaliya bilan o'yindagi darvozabonni yana maydonga tushirdim. CHunki beshta gol o'tkazgandan keyin uni shunchaki uyga jo'natib yuborsangiz, bu uning butun umrlik yomon xotirasiga aylanadi. Bugun esa u birinchi bo'limda o'zining eng yaxshi holatida ekanini ko'rsatdi. Futbolchilar va Federaciya tomonidan ulkan qo'llab-quvvatlashni his qildim. Uyga yaxshi natija bilan qaytmayotganimizdan afsusdaman, chunki jamoamiz bundan-da ko'prog'iga munosib edi, lekin guruhimiz haqiqatan ham juda qiyin edi.
– Butun O'zbekiston, 40 millionlik xalqimiz umid bilan yashadi va bugun hech bo'lmasa bir ochkoga umid qilgan edik. SHu manoda, barcha muvaffaqiyatsizliklar va mag'lubiyatlar uchun javobgarlikni zimmangizga olgan holda, xalqimizga aytar so'zingiz bormi?
– Albatta, o'zbek xalqi bizni Portugaliya yoki Kolumbiya kabi jamoalarni mag'lub eta oladi deb o'ylashi tabiiy hol. Biroq shuni tushunishimiz kerakki, o'zbek futboli yanada rivojlanishi lozim. Akademiyalarga, yosh futbolchilarga sarmoya kiritishda davom etishimiz kerak. CHunki keyingi 20-30 yil ichida O'zbekiston doimo Jahon chempionatida ishtirok etishining yagona yo'li shu. Biz bu erga etib kelish orqali katta natijaga erishdik va endi shu yo'lda davom etishimiz kerak. Aytadigan so'zim shuki: men va futbolchilarim qo'limizdan kelgan barchasini qilishga urindik, lekin bu etarli bo'lmadi. Demak, biz yanada ko'proq ishlashimiz kerak. Federaciyaning maqsadi doimo ko'proq yosh iqtidorlarni etishtirib chiqarish ekanini bilaman. Bunga vaqt kerak. Uyga ochkosiz va yomon ko'rsatkich bilan qaytish qanchalik og'ir ekanini bilaman, lekin shuni ham tushunishingizni istardimki, mening futbolchilarim maydonda borini berishdi. Hech kim ularni ayblay olmaydi. Iltimos, buni to'g'ri tushuning.
Fikrlar