15 apr 15:36
Yangiliklar
Humoyun Sultonov CHin yurtidagi turnirda 1/8 finalga chiqdi
Hamyurtimiz Humoyun Sultonov saralashning har ikki uchrashuvida ATP reytingida o'zidan sezilarli darajada yuqorida borayotgan raqiblarini mag'lubiyatga uchratib, asosiy to'rga yo'llanma olgandi.
Biroz avval mamlakatimizning ikkinchi raketkasi 1/16 finalda asosiy to'rga imtiyozli ravishda qo'yilgan xitoylik Aoran Vangi mag'lubiyatga uchratdi. Sakson sakkiz daqiqa davom etgan bahsda Sultonov reytingning 911-pog'onasidan joy olgan mezbon tennischidan 6/3, 7/6(4) hisobida ustun keldi.
Taqqoslash uchun, Sultonov ATP reytingida 871-o'rinni egallab turibdi. Har ikki tennischi ham bugungi uchrashuvida bir xilda - 14 tadan eys zarbasini amalga oshirgan. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi. 2019 yilda o'tgan ilk bahsda ham Humoyunning qo'li baland kelgan edi.
Endi Sultonov 1/8 finalda turnirning uchinchi raketkasi Sun Fajingga qarshi kortga chiqadi. Dunyoning 244-raketkasi bo'lib turgan xitoylik tennischi bugun 1/16 finalda avstraliyalik (ATP reytingidagi o'rni 507) Tay Sachni ortiqcha qiyinchiliksiz engdi - 6/2, 6/1. Sultonov - Fajing uchrashuvi bizning vaqt bilan ertaga soat 07:00da boshlanadi.

Fikrlar