06 sen 11:00
Yangiliklar
JCH-2019 oldidan. Bokschilarimizning imkoniyatlari, tahlil va asosiy raqiblar haqida
Ushbu nufuzli musobaqa oldidan o'zbekistonlik bokschilarning imkoniyatlari va asosiy raqiblar haqida mulohazalarni bildirib o'tsak.
-52 kg. Murabbiylar shtabi bir necha nomzod ichidan Rio Olimpiadasi chempioni SHahobiddin Zoirovni jahon chempionati uchun tanlab oldi. Hasanboy Do'smatov, Abrorjon Qodirov, Jasurbek Latipov, Nodirjon Mirzahmedov kabi bokschilar ushbu vaznda har qanday musobaqaning favoriti bo'lishga arziydigan bokschilar. Ammo, SHahobiddin ayni paytda ajoyib formada ekanligini namoyish eta oldi. Umid qilamizki, murabbiylarning ushbu qarori o'zini oqlaydi va SHahobiddin Zoirov Olimpiya o'yinlarining oltin medali oldiga jahon chempionatining ham eng yuqori probali medalini qo'shib qo'ya oladi. Bu yo'lda Zoirovga amaldagi jahon chempioni hisoblangan kubalik Yosbani Vieta qarshilik ko'rsatishi kutilmoqda. SHuningdek, kolumbiyalik Yuberjen Martinesni ham yoddan chiqarmaslik lozim. Umuman, oson bo'lmasligi aniq. Hindistonlik Amit musobaqaga Osiyo chempioni sifatida tashrif buyuradi.
-57 kg vaznda Osiyo chempioni Miraziz Mirzahalilov musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladi. Farg'ona boks maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Miraziz uchun bu dastlabki jahon chempionati hisoblanadi. Umid qilamizki, masuliyatli jahon chempionatida Mirzahalilov muvaffaqiyatli yurishini davom ettiradi va sovrindorlar qatoridan o'rin egallaydi. Ushbu vaznda raqobat kuchli. Qozog'istonlik Qayrat Eraliev shubhasiz ushbu vazn favoriti hisoblanadi. U 2017 yili Gamburg mezbonlik qilgan JCH g'olibi sifatida Rossiyaga yo'l olmoqda. SHuningdek, ikki yil oldin -60 kg vazn toifasida finalgacha etib borgan kubalik Alvares Estradani yoddan chiqarmaslik lozim. Qolaversa, mezbon Rossiya, Mo'g'uliston, AQSH va Franciya vakillari ham kutilmagan "sovg'a" tayyorlashlari mumkin.
-63 kg. Prof ringda 5 ta jang qilishga ulgurgan Elnur Abduraimov varianti muxlis va mutaxassislarda iliq kutib olindi. Qizig'i, Elnur professional boksdagi 5 ta jangidan 3 tasini Ekaterinburgda o'tkazgan. Demak, ushbu shahar bokschimiz uchun begona emas. 2015 yilgi jahon birinchiligida bronza medalini qo'lga kiritgan bokschimizning tajribasi bu borada qo'l kelishi mumkin. Ammo, Rossiyada kubalik Endi Kruz ushbu vaznda oltin medal uchun eng asosiy davogar hisoblanadi. U musobaqaga amaldagi jahon chempioni sifatida tashrif buyurmoqda. Bundan tashqari, yaqinda Panamerika o'yinlarida qo'lga kiritilgan oltin medal Endi Kruzning qanday formada ekanligini bildirib turibdi. SHuningdek, Qozog'istondan Zakir Safiullin bor. Umid qilamizki, Abduraimov Ekaterinburgda bizni uyaltirib qo'ymaydi.
-69 kg vazn toifasida Osiyo o'yinlari va Osiyo chempioni Bobousmon Baturov jahon chempionatiga yo'l olmoqda. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. U ayni paytda terma jamoamizda o'z vaznining birinchi raqamli bokschisi bo'lib ulgurgan. Endi u jahon miqyosida ham tengsiz ekanligini isbotlashi talab etiladi. Bu yo'lda bizning "T-62"ga kubalik Roniel Iglesias halal berishi shubhasiz. SHuningdek, qozog'istonlik Ablayxan Jusupovning ham imkoniyatlari chakki emas. SHuningdek, AQSH, Germaniya va Yaponiya vakillari, qolaversa Ozarbayjonning kubalik legioneri Lorenco Sotomayorni ham yoddan chiqarmaslik lozim.
-75 kg. Asosiy etiborini professional boksga qaratayotgan Isroil Madrimovdan so'ng ushbu vazn toifasiga kim munosib ekanligi bo'yicha muxlis va mutaxassislar o'rtasida bahs-munozaralar bo'ldi. Murabbiylar shtabi bu borada istedodli Fanat Qahramonovga ishonch bildirishni maqul ko'rdi. O'zbekiston chempioni, bir necha xalqaro turnirlar g'olibi hisoblangan Qahramonov uchun bu dastlabki yirik turnir hisoblanadi. Umid qilamizki, u o'ziga taqdim etilayotgan imkoniyatdan foydalana oladi va imkon qadar uzoqqa etib boradi. Ushbu vaznda ukrainalik Aleksandr Xijnyak tengsiz hisoblanadi. Ammo, avvalroq Ukraina terma jamoasining etakchilari Ekaterinburgdagi jahon chempionatida ishtirok etmasligi haqida xabarlar tarqalgandi. SHu bilan birga, hozircha Ukraina boks federaciyasining rasmiy saytida JCHda ishtirok etadigan tarkib ham elon qilinmagan. Ushbu vaznda Qozog'iston, AQSH, Ozarbayjon, Rossiya mamlakatlari vakillari sovrinli o'rinlar uchun davogarlar sifatida etirof etilmoqda.
-81 kg. Ushbu vazndagi Dilshod Ro'zmetovni biz Osiyo chempionatidagi ishtiroki orqali yaxshi taniymiz. Bektemir Meliqo'zievdan so'ng aynan 20 yoshli Dilshod terma jamoamizning ushbu vazndagi etakchisiga aylandi. Ajoyib atletizmga ega ushbu bokschimiz ham jahon chempionatida medallar uchun kurashishi lozim. Biz mazkur chempionatda Ro'zmetovdan medal kutib qolamiz. Ammo, bu yo'lda hamyurtimiz kubalik Olimpiada chempioni Xulio La Kruz, Ozarbayjonning kubalik legioneri Loren Berto Alfonso, shuningdek, Qozog'iston, Kolumbiya vakillari qarshiligini engib o'tishi lozim bo'ladi.
-91 kg vazn toifasida Sanjar Tursunov yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ikki yil oldingi jahon chempionatida sensacion tarzda yarim finalga etib borgan Sanjardan bu safar ham medal kutamiz. Lekin, juda qiyin bo'ladi. Erislandi Savon, Vasiliy Levit, Kim Xyong Ku kabi raqiblar bo'lgan vaznda hamyurtimiz kuchli raqobatni engib o'tishi lozim bo'ladi.
+91 kg vaznda terma jamoamiz sardori Bahodir Jalolov yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ushbu tarkibda eng tajribali bokschi hisoblangan Bahodir uchun bu uchinchi jahon chempionati hisoblanadi. U 2015 yili Doxada o'tkazilgan jahon birinchiligida bronza medalini qo'lga kiritgandi. Oradan to'rt yil o'tdi. O'sha Bahodir va bugungi Bahodir o'rtasidagi farq katta. Ushbu chempionatda hamyurtimizdan oltin medal kutib qolamiz. Ushbu vaznda Jalolovga principial raqib - Kamishbek Konkabaev asosiy raqobatchi hisoblanadi.
Umuman olganda, yaqinlashib kelayotgan jahon chempionatida imkoniyatlarimiz yomon emas. Terma jamoamiz chempionatga tayyorgarlikning so'nggi bosqichini ikki hafta davomida aynan Ekaterinburgda olib borishdi. Demak, adaptaciya jarayoni o'tab bo'lindi. 8 sentyabr kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tadi. 9 sentyabrdan esa janglarga start beriladi.
Biz ushbu musobaqada kamida 5 ta medal kutamiz. Ularning 2 tasi esa oltin bo'lishi shart. Buning uchun imkoniyatlarimiz ham, bokschi va murabbiylarimizning salohiyatlari ham etadi.
Musobaqada O'zbekiston terma jamoasidan qanday natija kutmoqdasiz? Bu borada o'z fikrlaringizni yozib qoldiring.
Aziz To'xtamurodov
Fikrlar