09 jan 07:31
Yangiliklar
Kudermetova finalda! U bu safar ham reytingda o'zidan yuqoridagi raqibasini engdi
Kanberra shahrida o'tkazilayotgan WTA 125 toifasiga kiruvchi turnirda muvaffaqiyatli odimlayotgan tennis malikamiz biroz avval yakuniga etgan 1/2 final uchrashuvida g'alabaga erishdi. 22 yashar Polinaga final chiptasi uchun kechgan bahsda yaponiyalik 24 yoshli Ximeno Sakatsume raqiblik qildi.
Oltmish to'rt daqiqa davom etgan uchrashuvda Kudermetova reytingda o'zidan yuqorida borayotgan raqibasini 7/5, 6/2 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ilk uchrashuvi bo'ldi. Bugungi uchrashuvda Polina 7, Ximeno 3 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Qo'shxatolar bo'yicha tennischimiz "ustunlik" qildi - 6 ga 4.
Malumot uchun, Polina Kudermetova ayni paytda WTA reytingida 167, Ximeno Sakatsume esa 151-o'rinni egallab turibdi. Turnirda uchinchi raqam ostida tasniflangan tennischimizning bosh sovrin uchun kechadigan finaldagi raqibasi Joanna Garland bo'ladi. 24 yoshli Xitoy Taypeyi vakilasi bugun 1/2 finalda ukrainalik Darya Snigurni 7/6(3), 6/3 hisobida mag'lub etdi.

Fikrlar